Toshkentdagi savdo markazida farrosh ayol lift toshlari bosib qolishi oqibatida vafot etdi

22:20 03 Fevral 2025 Jamiyat
246 0

Illyustrativ foto

Toshkent shahri Olmazor tumanidagi savdo majmuasida farrosh ayol lift toshlari bosib qolishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Xalq soʻzi”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.

Bildirilishicha, hodisa bugun, 3-fevral kuni soat 11:10 da Olmazor tumanida joylashgan “Riviera” savdo markazida sodir boʻlgan. 45 yoshli farrosh ayol liftni harakatlanish shaxtasidagi shisha oynalarni tozalayotganida lift eshiklari yopilib, tepaga harakatlana boshlagan. Bu vaqtda liftni harakatga keltiruvchi qismi boʻlgan toshlar pastga, yaʼni ayol turgan joyga qarab tushib, uni qisib qolgan. Oqibatda ayol vafot etgan.

Voqea joyiga tezkor-tergov guruhi aʼzolari chiqishgan. Voqea joyi koʻzdan kechirilib, voqea tasvirlangan videoyozuvlar bayonnoma asosida olingan, ayolning vafot etganligi holati boʻyicha sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Bosh prokuraturaga koʻra, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda, natijasi boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?