Poytaxtimizda zoʻrlik ishlatishdan jabrlangan shaxslarga yordam koʻrsatish boʻyicha Respublika markazi ish boshladi

12:02 29 Avgust 2019 Jamiyat
2602 0

Bugun poytaxtimizda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi va Toshkent shahar reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazining tantanali ochilish marosim boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Elmira Basitxanova, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi, ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Rustam Joʻrayev, Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev va boshqalar ushbu markazlarning ochilishi Oʻzbekiston ayollarining huquqlarini taʼmin etishning xalqaro andozalarga mos boʻlishi, ularni ogʻir ruhiy holatlardan olib chiqish orqali hayotga yangicha nazar bilan qarashi yoʻlidagi ezgu harakatlarga mos ekanligini qayd etdilar. Shuningdek, bu mamlakatimizda yaqinda qabul qilingan 2 ta muhim hujjat: “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ilk amaliy ijrosi ham sanaladi.

Mazkur qonunlarning qabul qilinishi jamiyatda xotin-qizlarga boʻlgan munosabatni yanada yaxshilashga, ularga hurmat bilan munosabatda boʻlishni mustahkamlashga xizmat qilgani kabi ushbu markazlarning faoliyati ham ayollarga boʻlgan huquqiy munosabatni yangi bosqichga koʻtarishga hissa boʻlib qoʻshilishi alohida taʼkidlandi.

Aytish kerakki, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi “Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3827-sonli qaroriga muvofiq bir qator amaliy ishlar qilinmoqda.

Xususan, qarorning 7-bandida markazlar bosqichma-bosqich tashkil etilishi belgilangan boʻlib, hozirgi kunda respublikamiz boʻyicha 191 markaz oʻz faoliyatini olib boryapti, shundan 167 ta markaz hududiy adliya boshqarmalari tomonidan roʻyxatdan oʻtkazildi.

Joriy yilning 7 oyi davomida bu kabi markazlarga jami 11 890 nafar xotin-qiz murojaat qilgan, shundan 1624 nafariga — tibbiy yordam, 2998 nafariga — psixologik yordam, 2222 nafariga — huquqiy yordam koʻrsatildi, bandligini taʼminlashga koʻmaklashilganlar soni 1372 nafarni, kredit olishda amaliy yordam koʻrsatilganlar soni 1077 nafarni, yarashtirilgan oilalar soni esa 2597 nafarni tashkil etdi.

Markazning asosiy faoliyati xotin-qizlarni muhofaza qilish, oilada, maishiy hayotda, ishda, taʼlim muassasalarida va boshqa joylarda jabr koʻrgan ayollarga tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, huquqiy yordam koʻrsatishdan iborat. Shuningdek, zoʻrlik ishlatishga moyil boʻlgan shaxslar bilan ishlash, ota-onalarning oʻz farzandlariga nisbatan maishiy zoʻrlik ishlatish hamda ularning asotsial xulq-atvorini aniqlash, oilada zoʻrlik ishlatish tazyiqiga uchragan bolalarning reabilitatsiyasini tashkil etish, maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish va bartaraf qilish sohasida jamoatchilik nazoratini oʻrnatish kabi vazifalar ham Markaz faoliyatining qirralari hisoblanadi.

Markaz faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash hamda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, nodavlat tashkilotlarning islohotlar rivojidagi faol ishtirokini taʼminlash maqsadida Xotin-qizlar qoʻmitalari tomonidan ayollarning ijtimoiy va dolzarb muammolarini hal qilishga qaratilgan loyihalarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondiga taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Ayni vaqtga qadar Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan taqdim qilingan loyiha doirasida Respublika markaziga 25 million soʻm ajratildi. Shuningdek, Jizzax, Qashqadaryo, Fargʻona, Surxondaryo viloyatlari markazlari rahbarlari tomonidan loyihalar taqdim etildi.

Tantanali ochilish marosimida 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, yurtimizdagi vazirlik, idora hamda tashkilotlar, shuningdek, jamoatchilik vakillari, hududiy markazlarning rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?