Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

15:12 05 Aprel 2025 Jamiyat
1568 0

Joriy yilning 4-aprel kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Abu-Dabidagi “Manara” Hamjihatlikda yashash va mintaqaviy muloqot markazi bilan hamkorlikda “Muloqot, hamjihatlik va istiqbol” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbirni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ochib berdi.

Davra suhbatida “Manara” markazi rahbari doktor Ali Roshid al-Nuaymiy ham soʻzga chiqib, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi: “Ikki davlat oʻrtasidagi istiqbolli rejalar amalga oshirilmoqda. Bu mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik, hamjihatlik va hamkorlik aloqalari ravnaq topishiga oʻz hissasini qoʻshadi. Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi islom olami uchun juda katta voqelik boʻldi. Bu muhim tashabbus Oʻzbekistonni yanada dunyoga tanitadi, koʻplab olimlar, mehmonlar va ilm ahlini bir yerga toʻplaydi. Markazning ochilishi mamlakat taraqqiyoti va yanada barqaror rivojlanishi uchun tamal tosh vazifasini oʻtaydi, deb oʻylayman”.

«Hurmatli Prezidentimiz bugungi kunda markazimizning ikkinchi qavatiga xorijiy hamkorlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar ofislarini joylashtirish boʻyicha alohida topshiriq berdilar. Markaz binosida xorijiy tashkilotlar vakillari mahalliy olimlar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishlari mumkin.

Bugungi tadbir doirasida biz Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida joylashgan “Manara” markazi bilan hamkorlik memorandumi imzolayapmiz. Memorandumga asosan, yaqin kelajakda “Manara” markazi filiali Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosida oʻz faoliyatini boshlaydi», dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.

Maʼlumot oʻrnida, joriy yilning sentyabr oyida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan. Muzeyga tashrif buyuradigan mehmonlarga yuqori saviyada xizmat koʻrsatish maqsadida markazning bir guruh ilmiy xodimlari BAAda malaka oshirish uchun yuboriladi. Bu jarayon “Manara” markazi rahbariyati taklifi asosida amalga oshiriladi.

Tadbir yakunida Islom sivilizatsiyasi markazi Birlashgan Arab Amirliklari Abu Dabi shahrida joylashgan “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga koʻra, Oʻzbekistondagi markaz binosida “Manara” markazining filiali faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, tomonlar oʻrtasida esdalik sovgʻalari almashindi.

Ushbu hamkorlik ikki davlat oʻrtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan birga Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro mavqeyini yanada oshirishga hissa qoʻshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер