Toshkentda U-20 qizlar terma jamoalari oʻrtasidagi Osiyo chempionati saralashi boshlandi

10:23 07 Avgust 2025 Sport
93 0

Kelgusi yil Tailandda 20 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati musobaqasi boʻlib oʻtadi. Kecha qitʼa boʻylab turnirning saralash bahslari start oldi.

Xususan, Toshkent viloyatida joylashgan “Doʻstlik” stadionida musobaqaning G guruhi 1-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi.

Kunning birinchi bahsida Iordaniya yoshlar terma jamoasi Shimoliy Mariana orollari vakillarini 6:1 hisobida magʻlub etdi.

Turning ikkinchi uchrashuvida esa Vladimir Panov boshchiligidagi Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi qizlari Bahrayn termasi bilan kuch sinashdilar. Oʻyin vakillarimizning 8:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Taʼkidlash kerakki, oʻyin oʻsmirlarimizning toʻliq ustunligi ostida oʻtdi. Umumiy zarbalar boʻyicha 42:0, aniq zarbalar soni boʻyicha 22:0 holati qayd etildi. Toʻp nazorati boʻyicha Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi qizlari 92 foizlik ustunlikka erishdilar.

Gollarga Eʼtibor Shodiyeva (2 ta), Diyora Baxtiyorova, Dilnura Mamatqulova, Ruxshona Saidabbosova va Shahnoza Dekanboyeva mualliflik qildi. Qolgan 2 gol esa avtogol sifatida bahraynlik himoyachilar Amina Al-Dosari va Zaynab Al-Safar hisobiga yozildi.

Ushbu oʻyindan soʻng, Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Vladimir Panov va futbolchilar “Xalq soʻzi” nashri uchun intervyu berdilar.

“Oʻyin yaxshi oʻtdi. Qizlarda kayfiyat va tayyorgarlik yuqori darajada edi. Boshida ozgina hayajon boʻldi. Ammo birinchi goldan keyin hammasi joyiga tushdi. Hisob yirik boʻlishini oldindan taxmin qilgandik. Bugun koʻp futbolchilarga imkoniyat berish uchun oʻzgarishlarni vaqtliroq qildik. Hammasi yaxshi oʻtdi”, — deb aytdi Vladimir Panov.

“Bugun juda yaxshi oʻyin boʻldi. Gʻalaba qozonganimizdan xursandman. Bugungi gollarimda butun jamoaning hissasi bor. Biz bir jamoa boʻlib har bir golni kiritdik. Gollarimni dadamga bagʻishladim. Ikkinchi boʻlimda ham oʻynashni juda xohlagan edim. Ammo murabbiyimiz bizni keyingi oʻyinlarga ham kuch tejashimizni oʻylagan holda almashtirdi”, – deb aytdi 2 ta gol muallifi Eʼtibor Shodiyeva.

“Bugun yaxshi oʻyin boʻldi. Gʻalabadan xursandmiz. Hisob katta boʻlib ketishini taxmin qilgandik va biz bunga harakat qildik. Boisi musobaqa yakunida toʻplar nisbati ham koʻp narsani hal qilishi mumkin. Shu bois ikkinchi turda ham koʻproq gol urishga harakat qilamiz”, — dedi terma jamoa sardori Ruxshona Olimjonova.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston U-20 qizlar terma jamoasi saralashdagi keyingi oʻyinini 8-avgust kuni Shimoliy Mariana orollari termasiga qarshi oʻtkazadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер