Toshkentda tadbirkorning pullarini “uxlatmoqchi” boʻlgan xodim ushlandi

13:34 19 Fevral 2026 Jamiyat
271 0

Tadbirkorning pullarini talon-toroj qilgan MCHJ hisobchisi fosh qilindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.

Maʼlum boʻlishicha, “V.F.” MCHJ hisobchisi muqaddam sudlangan fuqaro E.A. “M.R.« va «I.G.« MCHJlarning masʼul shaxslari bilan oʻzaro til biriktirib, «V.F.” MCHJ rahbari fuqaro R.S.ning elektron kalitidan foydalangan holda, uning xabarisiz tibbiy buyumlar xarid qilish uchun soxta maʼlumotlar tayyorlagan.

Shundan soʻng, ushbu soxta maʼlumotlar asosida jami 746,8 million soʻmni «M.R.« va «I.G.« MCHJlarning hisob raqamlariga oʻtkazib, 298,9 million soʻmlik mahsulotlarni xarid qilmasdan pullarni naqdlashtirib, talon-toroj qilgani fosh qilingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?