Toshkentda soxta “dacha” eʼlonlari bilan odamlarning pullarini oʻzlashtirgan shaxs qoʻlga tushdi

12:13 26 Iyul 2025 Jamiyat
277 0

Soxta “dacha” eʼlonlari bilan odamlarni aldab, pullarini oʻzlashtirib kelgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 22-iyun kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga 1960-yilda tugʻilgan fuqaro ariza bilan murojaat qilib, yozgi dachani ijaraga olganligini, oldindan begona shaxsga 1 million 400 ming soʻm miqdordagi pullarini oʻtkazib berganligini maʼlum qilgan.

Ushbu shaxs pul mablagʻlarini kartasiga oʻtkazib olgach, fuqaro bilan aloqani uzib, internet ijtimoiy tarmoqlaridan gʻoyib boʻlgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 1999-yilda tugʻilgan fuqaro Toshkent shahri hududida qoʻlga olindi.

Ushbu shaxs bilan olib borilgan surishtiruv tadbirlari natijasida, u shu kabi 15 dan ortiq holatlarni sodir etganligi maʼlum boʻlgan.

Hozirda holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq Namangan viloyatida xizmat vazifasidan suiisteʼmol qilgan bojxona xodimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani toʻgʻrisida xabar qilgandik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?