Plastik karta orqali pora olgan bojxona inspektoriga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Namangan viloyatida xizmat vazifasidan suiisteʼmol qilgan bojxona xodimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, “Uchqoʻrgʻon” chegara bojxona postida ishlovchi bojxona nazorati va rasmiylashtiruv guruhi inspektori pora olayotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, inspektor Davlatobod tumanida yashovchi, 1993-yilda tugʻilgan fuqaroning xorijdan olib kelgan 57 dona “Iphone 16 PRO MAX” telefon qurilmalarini Toshkent xalqaro aeroportida xizmat qiluvchi boshqa bojxona xodimi orqali IMEI-kodi boʻyicha rasmiy roʻyxatdan oʻtkazib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga u har bir telefon uchun 100 AQSH dollardan, jami 5700 AQSH dollari talab qilgan. Shuningdek, fuqaroning ilgari chet eldan deklaratsiyasiz olib kirgan kiyim-kechaklari uchun chora koʻrmagani evaziga yana 400 AQSH dollari soʻragan.
Pora olish jarayoni 2025-yilning 11 va 14-iyul kunlari boshlangan. Ushbu kunlarda inspektor soʻralgan mablagʻdan 900 AQSH dollari ekvivalentidagi 11 million 317 ming soʻmni oʻzi va qarindoshiga tegishli boʻlgan bank plastik kartalariga oʻtkazdirib olgan.
Ammo 16-iyul kuni u yana 1000 AQSH dollariga teng boʻlgan 12 million 550 ming soʻmni qarindoshining bank kartasiga oʻtkazdirayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Bojxona qoʻmitasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi. U pora olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan bojxona inspektoriga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik) va 28,211-moddasi 1-qismi (pora olishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan boʻlib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring