Toshkentda pestitsidlarni boshqarish tizimini isloh qilishga bagʻishlangan huquqiy seminar oʻtkazildi

16:15 20 Iyun 2025 Jamiyat
201 0

Toshkent shahrida “Oʻzbekistonda pestitsidlarni boshqarish tizimini mustahkamlash: sogʻliqni saqlash, atrof-muhit va savdo talablariga muvofiqlik boʻyicha huquqiy islohotlar” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi. Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamkorligida, Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagida tashkil etildi.

40 nafarga yaqin ishtirokchi — vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar, nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etgan ushbu seminarda pestitsidlarni boshqarish sohasidagi huquqiy va institutsional muammolar, Rotterdam konvensiyasi va GHS tizimiga qoʻshilish, litsenziyalash va nazorat amaliyotlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, oʻta xavfli pestitsidlardan bosqichma-bosqich voz kechish, xavfsizroq vositalarni joriy etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov seminarni muhim qadam sifatida baholar ekan, sohaga zamonaviy, kompleks yondashuv joriy etilishini taʼkidladi. Xalqaro ekspertlar — Stefan Robinson va Irina Kireyeva pestitsidlar hayot siklini boshqarish, xalqaro standartlarga mos qonunchilikni shakllantirish boʻyicha oʻz xulosalarini taqdim etdi.

Seminar yakunida pestitsidlarni ishlab chiqarishdan tortib, ularni yoʻq qilishgacha boʻlgan barcha bosqichlarni qamrab olgan tizimni shakllantirish va ushbu yoʻnalishda huquqiy-amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish boʻyicha tavsiyalar qabul qilindi. Ushbu seminar xavfsiz qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va xalqaro savdo talablariga moslashish yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер