Toshkentda “Gidroenergetika. Markaziy Osiyo va Kaspiy” sakkizinchi xalqaro anjumani oʻz ishini boshladi

16:38 13 Mart 2024 Iqtisodiyot
323 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Gidroenergetika sohasida anʼanaviy ravishda oʻtkazilib kelinayotgan “Gidroenergetika. Markaziy Osiyo va Kaspiy” sakkizinchi xalqaro anjumani va koʻrgazmasi 2024-yilning 13-15-mart kunlari Toshkent shahrida tashkil etilmoqda.

Taʼkidlash joizki, ushbu xalqaro koʻlamdagi yirik anjuman gidroenergetika yoʻnalishida mamlakatimizda ikkinchi marotaba tashkil etilmoqda (eslatib oʻtamiz, 2021-yil fevral oyida oʻtkazilgan ushbu nufuzli xalqaro anjumanga (beshinchisi) ham Oʻzbekiston mezbonlik qilgan edi).

Anjuman mintaqalardagi gidroenergetika sohasining rivojlanishi va taraqqiy etishi, gidroenergetik inshootlarning qurilishi, modernizatsiyasi, muammo va istiqbollari boʻyicha oʻziga xos oʻzaro tajriba almashish, uzviy hamkorlik va muloqot maydonchasidir.

Ushbu anjumanning asosiy ishtirokchilari – Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqalari vakillari – Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Eron, Armaniston, Rossiya, Gruziya, Turkiya davlatlari sanaladi.

Joriy 2024-yilgi anjumanda ham “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati asosiy strategik hamkor hisoblanadi. Muntazam ravishda oʻtkazib kelinadigan mazkur tadbirlarda mamlakatimiz nomidan “Oʻzbekgidroenergo” AJ doimiy va faol tarzda ishtirok etib kelmoqda.

Mazkur yirik kongress uchun 200 dan ortiq kompaniyalar hamda 20 ga yaqin davlatlar vakillarining ishtiroki koʻzda tutilmoqda.

Tadbir “onlayn” shaklda dunyo boʻylab namoyish qilinadi.

Taʼkidlash joizki, ushbu anjuman gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar, sohadagi yangi innovatsion texnologiyalar hamda xorijiy investorlar (moliyaviy institutlar, banklar)ni faol jalb qilish, yetakchi loyiha institutlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilish hamda amaldagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida oʻtkaziladi.

Mazkur yirik anjuman ikki kunlik Dastur asosida quyidagi yoʻnalishlarda oʻz ishini olib boradi:

– mintaqaviy energo-taqchillik sharoitida QTEM transformatsiyasi yoʻnalishlari;

– yangi yirik va oʻrta gidroelektr stansiyalarini qurish tajribalari;

– mavjud GESlarni modernizatsiya qilish borasidagi amaliy ishlar;

– kichik va mikro GESlarni qurish hamda davlat-xususiy sherikligi;

– energiyani saqlash hamda yashil transformatsiya boʻyicha xorij tajribasi;

– sohadagi ilgʻor innovatsiyalar;

– yangi investitsiyaviy loyihalar;

– GESlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish yoʻnalishidagi tajribalar;

– energetik xavfsizlikni taʼminlash masalalari;

– energetik xavfsizlikni taʼminlashda gidroenergetikaning oʻrni va ahamiyati;

– Oʻzbekistonda istiqbolli GTES (GAES) loyihalari;

– Markaziy Osiyodagi energetik loyihalarni moliyalashtirish va boshqa.

Shu bilan birga, anjuman doirasida Oʻzbekistondagi GES va kaskadlar faoliyati bilan yaqindan tanishish koʻzda tutilgan boʻlib, bu borada, tadbirning uchinchi kuni – 15-mart sanasida – olib borilgan modernizatsiyadan soʻng 128 MVt quvvatga ega boʻlgan “Farhod GES” UKga xorijiy mehmonlar ishtirokida maxsus press-tur uyushtirilishi koʻzda tutilmoqda.

Mazkur yirik gidroenergetika forumi va koʻrgazmasi Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqalari davlatlari hamkorligida energetika sohasini rivojlantirish, soha mutaxassislari ishtirokida asosiy masalalarni muhokama qilish hamda tajriba almashish maqsadida oʻtkazib kelinadi.

Forumdan oʻrin olgan asosiy maʼruzalar mamlakatimizda gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, joriy va kutilayotgan istiqbollarga bagʻishlanishi kutilmoqda.

Kongress doirasida asosiy 40 dan ortiq maʼruza oʻrin olgan boʻlib, soha mutaxassislari ishtirokida bir qator davra suhbatlari, seminarlar, brifinglar tashkil etiladi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?