Toshkentda barqaror akvakultura tizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

17:30 11 Dekabr 2024 Iqtisodiyot
274 0

Baliq ovlash va akvakultura Oʻzbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning muhim tarmogʻi hisoblanadi. Mazkur soha mamlakat aholisiga oqsilga boy, yuqori sifatli mahsulot yetkazib berib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlab boradi. Ushbu tarmoqlar qishloq joylarida yangi ish oʻrinlarini barpo etishi va shu orqali aholi farovonligini oshirishga hissa qoʻshishi mumkin.

Baliqchilik tarmogʻini davlat tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi va yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida mahalliy fermerlarda katta ijobiy oʻzgarishlar boʻlishiga va ishlab chiqarish hajmini ortishiga sabab boʻlmoqda. Bugungi kunda ushbu tarmoqni barqaror rivojlantirish iqtisodiy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bugungi kunda tarmoqni barqaror rivojlantirishda ilmiy yondashuv katta ahamiyatga ega. Bu borada Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan olib borilayotgan ishlar alohida eʼtirofga loyiq. Institut olimlari tomonidan yangi baliq turlarini iqlimlashtirish, innovatsion resurstejamkor texnologiyalarni ishlab chiqish, baliqlar kasalliklarini oldini olish, baliqlar ozuqasi va oziqlantirish boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlarni amalga oshirishda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi (FAO) tashkiloti koʻmak berib kelmoqda bermoqda. Xususan FAO tomonidan amalga oshirilgan loyihalar doirasida institutda moddiy texnik bazasi mustahkamlanib, yangi laboratoriyalar barpo etilmoqda, olimlar malakasi oshirilib, mahalliy fermerlar uchun tavsiyanomalar chop etib borilmoqda. Hozirda respublikada 63 ming gektar sunʼiy va 537 ming gektar tabiiy suv havzalari mavjud. Hozirda 5700 dan ortiq baliqchilik xoʻjaliklari faoliyat yuritmoqda, ularning 175 tasi tabiiy suv havzalarida baliq ovlash bilan shugʻullanadi. Mazkur suv havzalaridan yanada samarali foydalanish, yangi integratsiyalashgan texnologiyalarni joriy etish va hosildorlikni oshirish dolzarb masala hisoblanadi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, Markaziy Osiyo va Kavkaz baliqchilik va suv xoʻjaligi komissiyasi, Baliqchilik ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Integratsiyalashgan akvakultura tizimi” nomli regional seminar tashkil etildi. Mazkur seminarda havzalar hosildorligi oshirishda ilmiy yondashuv, yangi baliq turlarini yetishtirish, akvaponik tizimini ishlash tamoyillari, baliqlarni oziqlantirishda qayta tiklanuvchi oqsillardan foydalanish kabi mavzular yoritildi. Mazkur regional seminarda Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, va Chexiya davlatlaridan mutaxassislar ishtirok etdi.

— Seminar Oʻzbekistonda va umuman, mintaqada barqaror akvakultura tizimini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi, — deydi Kavkaz baliqchilik va suv xoʻjaligi komissiyasi loyihasining milliy fasilitatori Abdumalik Namozov. — Turli mamlakatlardan mutaxassislarni bir joyga toʻplash havzalar unumdorligi, akvaponik tizimlar va innovatsion baliq ozuqasi kabi mavzularda bilim almashishga yordam berdi. Ushbu hamkorlik sohada mavjud muammolarni hal qilish va samaradorlikni oshirishda zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar muhimligiga eʼtibor qaratar ekan, kelajakda oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiyotni rivojlantirishda oʻz hissasini qoʻshadi deb oʻylaymiz.

Seminarning keyingi kunida ishtirokchilar Baliqchilik ilmiy tadqiqot institutda davlat xususiy sherikchilikda amalga oshirilayotgan loyiha bilan tanishdilar. Bunda seminar ishtirokchilariga mazkur loyiha doirasida amaliyotga joriy etilgan texnologiyalar va yaratilgan yangi quvvatlar hamda innovatsion yangiliklar boʻyicha maʼlumotlar berildi. Ikki kun davom etgan ilmiy amaliy seminar qizgʻin muzokaralarga boy boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?