Toshkentda 73 marotaba qoida buzgan “Gentra” MIB xatloviga oʻtdi 

17:57 28 May 2024 Jamiyat
311 0

Toshkent shahrida jami 73 ta maʼmuriy jarimadan salkam 40 million soʻm miqdorida qarzdorligi boʻlgan fuqaroning “Gentra” rusumli avtomobili xatlovga tushdi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpoʻlatov “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Bildirilishicha, ayni kunlarda Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt IIBB YHXB boshqarmasi hamkorlikda Byuro organlari ish yurituvidagi ijro hujjatlarining ijrosi taʼminlanishi, qarzdorlarga tegishli boʻlgan garovdagi mol-mulklarni, xususan, avtotransport vositalarining qidirib topilishi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, Byuroning Olmazor tuman boʻlimi ish yurituvidagi Toshkent shahar IIBB YHXB qarorlari ijrosi yuzasidan qarzdor fuqaro A.B.dan jami 73 ta maʼmuriy jarimalardan salkam 40 million soʻm miqdorida qarzdorlik undirish belgilangan. 

Qarzdor fuqaro koʻp marta ogohlantirilishiga qarmay, bu summani qoplashdan boʻyin tovlagan. Joriy yilning 1-aprel kuni Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan qarzdor A.B.ga tegishli “Gentra” rusumli avtotransport vositasi qidiruvdan topilib, MIBning tuman boʻlimi davlat ijrochilari tomonidan xatlangan. 

Shuningdek, A.B.ga qonun talabi asosida qarzdorlikni toʻlash uchun qoʻshimcha vaqt berilgan. 

“Qarzdorlik summasi toʻlanmagan taqdirda fuqaroning 73 ta maʼmuriy jarimasini qoplash maqsadida mazkur transport vositasi onlayn auksion savdolariga chiqarilib sotiladi, savdolardan tushgan pul mablagʻlari maʼmuriy jarimalarni qoplash uchun davlat foydasiga yoʻnaltiriladi”, deydi Farrux Toshpoʻlatov.

Bundan tashqari, Byuroning Sergeli tuman boʻlimi ish yurituvida Fuqarolik ishlari boʻyicha Yakkasaroy tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor S.E.dan undiruvchi ATB “K.” foydasiga 157 092 791 soʻm miqdoridagi qarzdorlikni undirish va undiruvni garovdagi mol-mulkiga qaratish bilan bogʻliq ijro ishi ham koʻrib chiqilgan.

Unga koʻra, qarzdor S.E.ning garovda boʻlgan “Cobalt” rusumli avtotransport vositasiga Byuroning Sergeli tuman boʻlimi tomonidan taqiq qoʻyilgan. Biroq, fuqaro olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorlikni oʻz vaqtida bartaraf etmaganligi sababli unga tegishli avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

MIB matbuot kotibining taʼkidlashicha, hozirda mazkur ijro hujjati yuzasidan qarzdorga tegishli boʻlgan avtotransport vositasi auksion savdolariga chiqarish ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?