Toshkent viloyatini “Korrupsiyasiz hudud”ga aylantirish vazifalari belgilandi

Illyustrativ foto
Nurafshonda Toshkent viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi huquq-tartibot idoralari, tegishli soha vakillari va OAV xodimlari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazdi. Unda xalq deputatlari viloyat Kengashi rahbari Davron Hidoyatov tomonidan “korrupsiyasiz hudud” tamoyilini amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan dolzarb vazifalar muhokama qilindi va yangi rejalar ilgari surildi.
Qayd etilganidek, viloyatda keyingi yillarda bu illatga qarshi keskin munosabatda boʻlish choralari koʻrilmoqda. Biroq hali davlat idoralari, ijtimoiy sohalar va qurilish industriyasi jabhalari korrupsiyadan butunlay xoli, deyishga erta. Bu borada, ayniqsa, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar koʻlamini kengaytirish, hokimlik va davlat idoralarida hujjatlar aylanmasini inson omilisiz — raqamli xizmat koʻrsatish tizimi orqali boshqarish, fuqarolarda huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish kabi kechiktirib boʻlmas vazifalar dolzarb boʻlib turibdi.
Toshkent viloyat prokuraturasining tegishli idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirgan tadbirlari natijasida hududda eng ogʻriqli jarayon boʻlgan yer oldi-sottisida ildiz otgan poraxoʻrlik illatiga jiddiy zarba berildi. Qator mansabdorlar, hokimlik va idoralar rahbarlari ustidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi. Davlatga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlar undirib olindi. Aholida korrupsiyaga qarshi murosasizlik tuygʻusini kuchaytirish, sodir boʻladigan jinoyatchilikni oldini olishda mahalla faollari va yoshlarni huquq-tartibot idoralari bilan oʻzaro hamkorlikda ish olib borishini kuchaytirish maqsadida viloyat, tuman va shahar hokimliklari, tegishli soha mutaxassislari, prokuratura va ichki ishlar idoralari vakillari ishtirokida mahallalar, davlat va jamoat tashkilotlari, taʼlim-tarbiya muassasalarida jami 1 ming 229 ta targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.
— Joriy yilning oʻtgan 9 oyida prokuratura idoralari tomonidan joylarda korrupsiya holatlarini bartaraf etish yuzasidan 269 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlandi,-deydi Toshkent viloyati prokurori Salom Samadov. — Javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 32 nafari sogʻliqni saqlash, 20 nafari ichki ishlar, 27 nafari hokimlik, yer resurslari va kadastr xizmati, 12 nafari xalq taʼlimi, 20 nafari maktabgacha taʼlim, 46 nafar davlat boshqaruv organlari, 21 nafari davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar, 208 nafari esa boshqa davlat tashkilotlari rahbarlaridir.
Viloyat sudi raisi Dilshod Tadjibayev esa odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
— Korrupsiya bilan bogʻliq jami 709 nafar shaxsga nisbatan 372 ta jinoyat ishlari koʻrib chiqilib, 668 nafar shaxsga nisbatan 349 ta ish boʻyicha hukm chiqarilgan, 41 nafar shaxsga nisbatan 27 ta ish tugatilgan, — deydi D. Tadjibayev.- Bu illatga berilish holatlari, ayniqsa, Boʻstonliq, Zangiota, Toshkent va Bekobod tumanlari hamda Nurafshon, Olmaliq, Chirchiq shaharlarida koʻp sodir etilgani kuzatildi.
Korrupsiya jinoyatlari davlat soliq nazorati, ichki ishlar idorasi xodimlari, hokim oʻrinbosari, viloyat moliya boshqarmasi, elektr energiya va ichimlik suvi taʼminoti korxonasi, oʻrta-maxsus, maktabgacha taʼlim tashkiloti, favqulodda vaziyatlar boʻlimi, MFY mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgani achinarli holdir.
Bundan tashqari odil sudlovni amalga oshirishda jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani hamda Sudyalarning odob-axloq kodeksi talablariga rioya qilmagani sababli 5 nafar sudyaga “hayfsan”, 1 nafar sudyaga “jarima” intizomiy jazo choralari qoʻllanildi. 6 nafar sudya vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan muddatidan ilgari tugatildi.
Yigʻilishda jamiyatdagi bu illatni batamom tugatish borasida milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirishning oʻrni beqiyosligi taʼkidlandi. Shu bois hududda, tegishli soha darajasida ixtisoslashtirilgan tadqiqotlar oʻtkazish, jamoatchilik fikrini chuqur oʻrganish va qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan bir qator samarali takliflar ilgari surildi. OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring