Tinchlikni tanish

Urushlar, qurbonlar, qonlar, ziddiyatlar, tahlika va tahdidlar, tajovuzlar qarshisidagi oʻylar
Notinch dunyo uzra yana bir tong otdi. Lekin bu tong kimgadir kulfat, boshqa birovga ayriliq, yoʻqotish, alam va iztirob olib keldi. Bugungi jahonda maqsadsiz urushlar tufayli mislsiz gʻam-qaygʻular, faryodlar, nolalar ovozi kezib yuribdi.
XXI asrda ochlikdan, suvsizlikdan oʻlayotganlarning borligi, ularning aksariyati bolalar ekani qanchalar dahshat. Urushni boshlayotganlar, unga sabab boʻlayotganlar bir chetda qolib, begunoh odamlarning qoni toʻkilayotgani, yaqinlarini yoʻqotayotgani, boshpanasiz qochqinga aylanayotgani bilan mutlaqo murosa qilib boʻlmaydi.
Bugun biz notinch dunyoda yashayotganimizni unutmasligimiz kerak. Urush ogohlikni, hushyorlikni yoʻqotgan butun boshli mamlakatlarni, xalqlarni oʻz domiga ayovsiz tortib ketmoqda. Insoniyat urushlardan xulosa chiqarish oʻrniga uning yangi-yangi usullarini oʻylab topmoqda. U insoniyatga saboq beradi degan aksiomalar butunlay oʻz mazmun-mohiyatini yoʻqotgandek, goʻyo.
Ming afsuski, jahonda urushlardan manfaat koʻruvchi kuchlar ham paydo boʻldi. Qurol-yarogʻ savdosi, qurollanish poygasi avj oldi. Oʻzga mamlakatlarning ichki ishlariga aralashish, ularni oʻz yoʻliga yurgizish, boʻysundirishga urinishlar tobora ortib bormoqda. Ziddiyatlarni keltirib chiqarishga ixtisoslashtirilgan, buni oʻziga kasb qilib olgan tuzilmalar mavjud. Ular turli fondlar, ijtimoiy yordamlar, koʻngillilar qiyofasiga kirib borgan joylarida urush olovini yoqishga intilayotir. Urushlar insoniyatga qurbonlar, aziyatlar, ayriliqlar berish bilan bir qatorda kimlarnidir boy va baquvvat boʻlishiga ham sababchi boʻlyapti. Biroq kimgadir taxt, baxt olib kelgan urush xalqqa hech narsa bermagan. Bundan keyin ham bermaydi.
Urush olovi ichida qolgan Iroq, Suriya, Liviya, Afgʻoniston kabi mamlakatlar aholisi oʻta qashshoqlashgan, davlat mustaqilligi esa savol ostida qolgan, iqtisodiyot butunlay tanazzulga yuz tutganini koʻrib-bilib turibmiz. Vaziyat shunday davom etaversa, bu mamlakatlarni juda ogʻir koʻrgiliklar kutmoqda.
Mavjud tuzumni xorijlik hamkorlari yordamida agʻdarganlar, ularning koʻmagi bilan “demokratik jamiyat” barpo etmoqchi boʻlganlar butunlay yanglishadilar. Aslida ahvol oldingidan ham yomonlashib, millionlab odamlar qochqinga aylanmoqda. Ularning taqdiri nomaʼlumligicha qolayotir.
Inqilob va isyonlar farovonlik olib kelgan mamlakatni koʻrmadim. Aksincha, ahvol yanada murakkablashib, boshi berk koʻchaga kirib qolayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.
AQSHning birinchi Prezidenti, “Millatning ishonchli otasi” degan unvonga sazovor boʻlgan Jorj Vashington Angliya vakillari bilan muzokaralar olib borib, ikki davlat oʻrtasida kelib chiqish arafasida turgan urushning oldini olishga harakat qiladi. U: “Keling, masalani qurol bilan emas, aql bilan yechaylik. Urush ochish har ikki tomon uchun ham eng soʻnggi choradir”, deya taʼkidlagandi.
Oradan necha asrlar oʻtgan boʻlishiga qaramasdan bu tamoyil hali ham oʻz mohiyatini yoʻqotgani yoʻq. Aslida bosiqlik, aql, idrok, tenglik bilan hal etilishi mumkin boʻlgan masalalar urushlarni keltirib chiqaryapti. Nohaq qon toʻkilishiga olib kelyapti.
Katta va qudratli davlatlarning bosimi, doimiy aralashuvi, kuchsiz davlatlarni oʻziga boʻysundirish harakatlari ham urushlarning kelib chiqishiga turtki boʻlmoqda.
Jahon tarixida “Monro nazariyasi” deb nom olgan tarixiy-siyosiy hujjatni yaratgan AQSHning yana bir Prezidenti Jeyms Monro: “Tinchligimiz, kelajagimiz uchun oʻzimiz kurashmasak, kim kurashadi?” deb aytgan edi. U tomonidan ilgari surilgan nazariyaning asosiy mazmuni Amerika ustidan Yevropa hukmronligining har qanday koʻrinishiga qarshi chiqishdan iborat boʻlgan: “Amerika qitʼasi hech bir Yevropa davlati tomonidan mustamlaka makoni sifatida koʻrilmasligi kerak. Bunday urinishni biz oʻz tinchligimiz va xavfsizligimizga nisbatan tahdid deb hisoblaymiz”. Monro nazariyasi AQSHning hududiy jihatdan daxlsiz davlat ekanini yana bir bor mustahkamladi. Tashqi dunyo mamlakatlari bilan teng huquqli aloqaga kirishish imkonini berdi.
Mustamlaka makoni sifatida qarash vasvasasi bugun ham avj olmoqda. Quldor hamisha itoatni istaydi. Bu jirkanch illat hali ham borligi bizni hushyorlikka undashi zarur. Bugungi urushlar ostida mana shu yovuz maqsadlar ham yashiringan.
Oʻzbekistonning tinchligini taʼminlash borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev keyingi 9-yilda misli koʻrilmagan tarixiy qadamlarni tashladi. Avvalo, mamlakatning ichki tinchligiga alohida ahamiyat qaratildi. Bu, avvalo, xalqning roziligiga erishish, inson qadrini ulugʻlash, xalq farovonligiga intilish, davlat xizmatchilarining tom maʼnoda xalq xizmatchisiga aylanishida namoyon boʻladi. Qolaversa, “Qoʻshning tinch — sen tinch” oltin qoidasiga, butun dunyo uchun ochiqlik siyosatiga amal qilindi. Oʻzgalar manfaati shaxsiy manfaatidan ustun qoʻyildi. Qon-qardoshlik, tarixiy doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik anʼanalariga sadoqat mustahkamlandi.
Oʻtgan davr Oʻzbekistonning tinchlikparvar siyosati toʻgʻri ekanini isbotladi. Oʻzbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun Osiyo, Yevropa, Amerika qitʼasida ham tinchlik tarafdori sifatida tanildi va tan olindi. Oʻzbekiston xalqaro tuzilmalar doirasida ham tinchlikparvar mamlakat sifatida eʼtirof etilmoqda.
Men bugungi notinch dunyoga, davlat rahbarlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ibrat qilib koʻrsatmoqchiman.
Bugun Oʻzbekiston tinch taraqqiyot yoʻlidan ketmoqda. Bu borada u doʻstlarini ham oʻz ortidan ergashtirishga harakat qilyapti. Markaziy Osiyo tinchligi tashabbuskori — Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdir. Bu faqat mening fikrim emas, balki jahon hamjamiyati va xalqaro ekspertlarning haqqoniy xulosasi.
Unutmasligimiz kerakki, tinchlik bor joyda bunyodkorlik ham, islohotlar ham, farovonlik ham boʻladi. Tinchlik yoʻq joyda esa faqat oh-faryod, koʻz yosh, gʻam-kulfat... Bugun xalqimiz zimmasida ulkan masʼuliyat turibdi — Vatanimiz tinchligini koʻz qorachigʻidek asrash va unga boʻlgan har qanday tahdidga qarshi kurashish.
Tinchlik — muzeyga qoʻyiladigan eksponat emas. u har bir daqiqada, har birimizdan kurashishni, ogohlikni, hushyorlikni talab etadi. Biz hammadan ham koʻra xiyonatkorlardan, vatanfurushlardan ehtiyot boʻlishimiz kerak. Tashqi dushman, ichki dushman bilan birlashadi degan qarash bor. Vatanimiz tinchligi biz uchun hayot-mamot masalasidir.
Men har bir yurtdoshimiz Vatanimiz tinchligini Prezidentimiz darajasida yaxshi koʻrishi va qadrlashini istayman. Tinchlikka boʻlgan tahdidlar bugun har qachongidan ham kuchayganini unutmasligimiz kerak.
Oʻzbekiston tinchlik borasida mustahkam pozitsiyaga ega. Biz chorak asr davom etgan urush tahdidini oʻz tanamizdan oʻtkazganmiz. U kunlarning qaytishini hech qachon istamaymiz. Shu bois Oʻzbekiston rahbari qatʼiy siyosiy irodasini namoyon qilib, mamlakatimiz aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar faoliyatida ham, avvalo, tinchlik boʻlishi, har qanday ziddiyatlar tinch yoʻl bilan hal etilishi tarafdori boʻlib kelmoqda.
Toshkentda yana bir tinchlik tongi otdi. Nafaqat Toshkentda, balki ona Vatanimizning har bir goʻshasida tinchlik tonglari otadi. Onalar goʻdaklariga alla aytadi. Muazzinning azon chaqirigʻi eshitiladi. Toʻyga otlanayotgan oqsoqollarimiz safi koʻrinadi. Nuroniy otalar dasturxon boshida: “Avvalo, yurtimiz tinch boʻlsin!”, deya duo qiladi.
Men “Millatni tanish”, “Vatanni tanish” soʻzlarining yoniga “Tinchlikni tanish” bebaho kalomini ham qoʻshib qoʻymoqchiman. Tinchlikni yaxshilab taniylik. Tinchlik oldidagi masʼuliyatimizni unutmaylik. Tinchlikni asrab-avaylashga, qadrlashga oʻrganaylik. Bu bizning ham ajdodlarimiz, ham avlodlarimiz oldidagi muqaddas burchimizdir.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
- “Liverpul” yulduzi Diogo Jota avtohalokatda vafot etdi. U yaqindagina oila qurgandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring