Toshkent viloyatida IIBda kaltaklangan fuqaro shifoxonada vafot etgani aytilmoqda

Toshkent viloyati Bekobod tumanida IIBga majburan olib ketilgan 43 yoshli fuqaro tan jarohatlari sababli vafot etdi, deb yozmoqda Ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev.
Unga koʻra, joriy yilning 19-iyun kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Bekobod shahar sudida sud qaroriga eʼtiroz bildirib, zalda tartibsizlik keltirib chiqargan D.Y. va uning ukasi D.Y. IIO xodimlari tomonidan IIB binosiga majburan olib ketgan.
“Soʻngra IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida 1981-yilda tugʻilgan D.Y. tan jarohatlari sababli vafot etgan. Yaqinlariga koʻra, jarayonlar IIBdagi videokameralarga tushgan”, deb yozgan Kusherbayev.
Mazkur xabar yuzasidan viloyat IIBB axborot xizmati boshligʻi Bobur Toʻlaganov rasmiy izoh berdi.
Bildirilishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Bekobod shahar sudiga Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye,k,l” bandlari bilan ayblanuvchi 33 yoshli fuqaro X.Y.ga nisbatan tergov harakatlari olib borilib, toʻplangan hujjatlar mazmunan koʻrib chiqishlik uchun yuborilgan.
Joriy yilning 19-iyun kuni Bekobod shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishini koʻrish jarayonida, ayblanuvchining akalari — 1981-yilda tugʻilgan D.Y. va 1978-yilda tugʻilgan D.Y. ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandan norozi boʻlib, sud zalida janjal koʻtargani sabab jamoat tartibi buzilishi yuzaga kelgan.
Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida sud zaliga hududiy ichki ishlar boʻlimi xodimlari chaqirtirilgan.
Chaqiruvga asosan yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektorlari tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.
IIB binosiga kirish yoʻlagida, fuqarolardan biri 43 yoshli D.Y. sogʻligi yomonlashib hushini yoʻqotgan.
Shundan soʻng xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borgan. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan koʻrikdan oʻtkazilgan vaqtida D.Y. vafot etganligi aniqlangan.
“Hozirda fuqaroning oʻlimi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surushtiruv ishlari olib borilmoqda. STE xulosasiga koʻra qoʻshimcha axborot beriladi”, deyiladi IIBB matbuot xizmati xabarida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring