Toshkent viloyatida 10 dan ortiq jinoyat sodir qilgan shaxs 8,5 yilga qamaldi

19:13 22 Fevral 2025 Jamiyat
259 0

Foto: IIBB

Toshkent viloyatida yirik miqdordagi firibgarlik, oʻgʻrilik, yolgʻon guvohlik berish, porada vositachilik, tuhmat va boshqa 10 dan ortiq jinoyatlarni sodir qilgan shaxsga sud hukmi oʻqildi, deb xabar bermoqda viloyat IIBB axborot xizmati.

Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergov va sud hujjatlariga koʻra, sudlanuvchi — 40 yoshli R.E. 2021-2024-yillar oraligʻida 13 ta holatda fuqarolarning ishonchiga kirib, ularga turli vaʻdalar berib, yirik miqdorda mablagʻlarni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

Xususan, u avtotransport vositalarini arzon narxda olib berish, yer maydonlari va koʻchmas mulklarni sotib olish, yuqori daromadli ishga joylashtirish kabi bahonalar bilan bir necha fuqarolarning pullarini oʻzlashtirgan.

Jumladan:

• 2021-yil 10-avgust kuni arzon narxda avtomobil olib berishni vaʻda qilib, tanishidan 5,8 ming AQSh dollari olgan va oʻz ehtiyojlari uchun ishlatgan.

• 2022-yil 15-oktyabrda arzon narxda avtomobil olib berishni vaʻda qilib, oradan vaqt oʻtgach mashina emas yer uchastkasi olib berishini aytib, fuqarodan 2,1 ming AQSh dollarini olgan.

• 2023-yil 1-oktyabrda yer uchastkasining kadastr hujjatlarini mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berishga koʻndirib, pora berishga dalolat qilib, jabrlanuvchidan 10 ming AQSh dollari olgan, biroq vaʻdasini bajarmagan.

• 2022-yil iyun oyida boshqa bir jabrlanuvchini 2 ming AQSh dollari bilan “Amirsoy” dam olish maskanidagi 10 million soʻm maoshlik ishga kirgizish va Zangiota tumanidagi bir nechta yer maydonini nomiga oʻtkazib berishga ishontirib, 28,7 ming AQSh dollari miqdorida pul mablagʻlarini oʻzlashtirgan.

• 2023-yil iyul oyida yana bir fuqaroning ishonchiga kirib, 38,5 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni yer olib berish bahonasida olib, qaytarib bermagan.

• 2023-yil 5-oktyabrda yana bir jabrlanuvchiga oʻzining pasport nusxasiga tilxat yozib yer olib berishga ishontirgan va 10 ming AQSh dollari pul mablagʻlarini qoʻlga kiritgan.

• 2024-yil 25-yanvarda jabrlanuvchi ayolga Boʻstonliq tumanida dala hovlini ijaraga olib berishini va bu katta foyda keltirishini vaʻda qilib, 10 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni qoʻlga kiritib, vaʻdasini bajarmagan.

• 2024-yil 22-fevralda yaqin tanishini 20 dona “Spark” avtomobilini elektron auksion orqali arzon narxda sotib olishga ishontirib, 61,7 ming AQSh dollarini qoʻlga kiritib, pullarni oʻz ehtiyojlariga sarflagan.

• 2024-yil mart oyida esa tanishidan qarzga 12,8 ming AQSh dollari olib, undan 3,5 ming AQSh dollarini qaytarib, qolgan qismini bermaslik uchun unga tuhmat qilgan.

• 2024-yil bahorida mahalladoshini doʻkon sotish bahonasida 65 ming AQSh dollariga chuv tushirib, pulni qaytarmaslik evaziga oʻgʻirlangan oʻq-dorilarni jabrlanuvchining hovlisiga yashirib, huquq-tartibot organlariga xabar bergan. Tezkor tadbirda ushbu oʻq-dorilarni ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib, uning oʻziga nisbatan ish qoʻzgʻatilgan.

Bundan tashqari, sudlanuvchi yer maydonlari va koʻchmas mulklarni rasmiylashtirish uchun pora berishda vositachilik qilgan. U turli hujjatlarni soxtalashtirish, yolgʻon guvohlik berish va tuhmat qilish orqali noqonuniy daromad orttirishga harakat qilgan.

Shu kabi usullar bilan u boshqa fuqarolarni ham chuv tushirib, jami 2,8 milliard soʻmlik zarar yetkazgan.

Sud hukmiga koʻra, sudlanuvchi 1984-yilda tugʻilgan (E.R.Y.) Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismining “a” bandi, 28, 211-moddasi 2-qismining “b” bandi, 237-moddasi 2-qismining “a,g” bandlari, 139-moddasi 3-qismining “a,g” bandlari, 238-moddasi 3-qismining “b” bandi, 247-moddasining 1-qismi, 248-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil 8-yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar qoplash uchun sudlanuvchidan 2,8 milliard soʻm undirilishi belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер