Toshkent shahri IIBB boshligʻi va shahar prokuroriga “hayfsan” berildi

13:28 27 Yanvar 2026 Siyosat
169 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida Toshkent shahar ichki ishlar tizimidagi tergovchi va surishtiruvchilar faoliyatida sifat yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, xodimlarda malaka yetishmagani uchun oʻtgan yili 833 ta holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilmay, hisobdan yashirilgan. “Shaharda jinoyatchilik 2 mingtaga kamaytirildi” deb hisobot berilgani bilan poytaxtdagi 26 ta mahalla “qizil”, 465 tasi “sariq” toifada qolgan.

Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zoʻravonlik, talonchilik, bezorilik boʻyicha, Yunusobod bosqinchilik boʻyicha birinchi oʻrinda. Yoki oʻtgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng koʻp boʻlgan.

Shu bois, yaqinda ushbu tumanlar ichki ishlar boshliqlarining barchasi yangi qoʻyildi. Ular tashabbus qilib, hududida jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha keskin oʻzgarish qilishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Jinoyatlarni fosh qilish va oldini olish oʻrniga Toshkent shahar IIBB boshligʻi R.Sultonxoʻjayev, Toshkent shahar prokurori v.b. A.Oʻrmonov faqat mikroavtobusda shahar aylanish bilan bandligi tanqid qilindi.

Qayd etilganidek, ular 12 ta tuman hokimi, ichki ishlar boshligʻi, prokurori, “mahalla yettiligi” va jamoatchilik bilan hamjihat ishlasa, 7,5 mingta jinoyatning oldini olsa boʻlar edi.

R.Sultonxoʻjayev va A.Oʻrmonovga “hayfsan” berilib, olti oylik sinov muddati tayinlanishi belgilandi.

Yirik bozorlar va gavjum joylarda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha gvardiya, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar idoralarining hamkorligi yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Oʻtgan yili bozorlar va parklarda 87 ta jinoyat sodir etilgan, shaharda jami 774 ta yongʻin yuz bergan.

Bozorlarni raqamlashtirish juda sustligi, hozircha faqat “Chorsu” va “Farhod” bozorlarida situatsion markaz tashkil qilingani qayd etildi.

Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga masʼul oʻrinbosari Z.Qurbonov tayinlaganiga ikki yildan oshgani, lekin tizimni raqamlashtirish boʻyicha hali sezilarli natija koʻrinmayotgani tanqid qilindi.

Shu va boshqa tizimli muammo hamda kamchiliklar birinchi navbatda rahbarlarning aybi ekani taʼkidlandi.

Shu bois, bunga masʼul vazir oʻrinbosari B.Abdullayev va respublika profilaktika boshligʻi X.Qodirov ishdan olingan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?