Poytaxt yuziga toshgan “husnbuzarlar” (fotojamlanma)

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"
Faylasuflar odam yolgʻiz qolgandagina asl qiyofasida namoyon boʻladi, deb hisoblaydilar.
Xoʻsh, boʻsh vaqtlarimizda nimalar bilan mashgʻulmiz? Yolgʻiz qolganimizda-chi? Bu savollarga har birimiz, avvalo, vijdonimiz oldida javob berishimiz kerak.

Bekorga asl qiyofamiz haqida gap ochmadik. Bugun oramizda shunday insonlar yashamoqdaki, ular zohiran soppa-sogʻ, gap-soʻzlaridan tuppa-tuzuk koʻrinsa-da, aslida, maʼnan kasal, botinan juda gʻaribdir.

Soʻzlarimizga ishonch hosil qilishingiz uchun Toshkent shahri markazidagi Sayilgoh koʻchasini bir bor sayr etsangiz, kifoya.

Bu koʻcha nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik mehmonlar koʻp tashrif buyuradigan manzil boʻlgani bois, doimo eʼtiborda, desak yanglishmaymiz. Chunonchi, koʻcha boʻylab joylashgan “Poytaxt savdo markazi”ning orqa tomonida joylashgan kichik xiyobondagi yoʻlaklar taʼmirlanib, zamonaviy oʻrindiqlar oʻrnatilganiga hali uzoq vaqt oʻtgani yoʻq. Lekin bu yerga kelgan odamning xiyobondagi manzaralarni koʻrib, dili xufton boʻlishi shubhasiz. Zamonaviy oʻrindiqlarga yozilgan tuturiqsiz dil nomalariyu, chizilgan almoyi-aljoyi shakllardan taʼbingiz xira tortadi. Yap-yangi, koʻrkam oʻrindiqlar sindirilib, butun bor boʻy-basti bejab tashlangani oʻzini sogʻlom deb bilgan insonning ishi ekanini sogʻlom aql qabul qila olmaydi.

Xiyobondagi favvoralar ham mutasaddilar eʼtiboridan chetda qolgan. Ularning suvsizlikdan chanqagan havzalarida turli chiqindilar, baklashka va shirinliklar qogʻozlari uyilib yotibdi. Yurtimizda anomal issiq harorat kuzatilayotgan ayni kunlarda ushbu favvoralarning ishlamayotgani ham kishini oʻyga toldiradi: axir odamlarga foydasi tegmasa, ular nima uchun qurilgan?

Yana bir gap: Sayilgoh koʻchasiga kechki sayrga kela koʻrmang. Chunki xorijlik sayyohlar doimo gavjum boʻladigan ushbu manzilda milliy qadriyat hamda madaniyatimizning goʻzal qirralarini namoyish qilish oʻrniga ajnabiy anʼanalar va yot unsurlarga taqlid tomoshalarni koʻrib, uyatdan qizarib qolishingiz mumkin. Beixtiyor misoli ilondek toʻlgʻonayotgan bu “oʻyinchi” yoshlarni kim yoki nima ragʻbatlantirayotgan ekan, degan oʻy oʻtadi xayolingizdan. Va qoʻrqib ham ketasizki, yurtimizning uzoq-yaqinidan kelgan, xuddi sehrlanib qolgandek bu manzaralardan nigohlarini uzolmay turgan yoshlarning sodda-samimiy fikr-qarashlari buzilmasligiga, qalblari zaharlanmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Bunday holatlarga yoʻl ochib berayotgan mutasaddilar bugungi notinch va tahlikali zamonda yoshlarning ongu qalbini egallashga qaratilgan turli xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgani hamda ularga qarshi kurashish oldimizda turgan eng dolzarb vazifa ekanini doimo kuyunchaklik bilan takrorlaydigan Prezidentimizga, farzandlarining baxtu iqbolini koʻrishni hayotining mazmuni deb bilgan xalqimizga xiyonat qilmayaptilarmi?

Bu mulohazalarni kimlarnidir haqoratlash yoki pashshadan fil yasash uchun aytmadik. Shunchaki oʻzimizga, bugun qilayotgan ishlarimizga koʻzgu tutishga harakat qildik. Maqsadimiz — yurtdoshlarimizni har qanday joyda oʻzini idora etishga, davlat va xalq mulkini shaxsiy boyligidek asrashga, shuningdek, yoshlar masalasiga masʼul tashkilot hamda idoralarni yanada eʼtiborli boʻlishga chorlash. Zero, harakatlarimiz kimligimizni koʻrsatadigan barometrdir.
Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Osiyo o‘yinlarining birinchi kunini O‘zbekiston 4ta medal bilan boshladi. Fotoreportaj
- Hanjou-2022: Futbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda!
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring