Toshkent davlat yuridik universitetida Kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa modeli joriy etiladi

18:51 10 Iyun 2021 Jamiyat
459 0

Hukumat qarori bilan Toshkent davlat yuridik universitetida kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYUU)da Kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa modeli joriy etiladi.

Oʻquv yili uchun taʼlim dasturi bir yoki bir nechta modullardan iborat boʻlib, TDYUU kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Oʻquv yili davomiyligi ham Kengash tomonidan belgilanadi.

Kredit-modul tizimida 1 kredit oʻrtacha 25-30 soatlik oʻquv yuklamasiga teng. Oʻquv yuklamasi bakalavriatda – 40-50% auditoriya soati, 50-60% mustaqil ish soatiga, magistraturada – 30-40% auditoriya soati, 60-70% mustaqil ish soatiga boʻlinadi.

Kredit soatlari miqdori va oʻquv yuklamasi TDYUU saytiga joylashtiriladi.

Talaba bir semestrda 30 kredit, oʻquv yilida esa 60 kredit toʻplashi lozim.

Bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizini va undan ortiq soatini sababsiz qoldirgan talaba ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi hamda mazkur fan boʻyicha kreditni oʻzlashtirmagan hisoblanadi.

Yakuniy nazoratga kiritilmagan yoki kirmagan, qoniqarsiz baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.

Akademik qarzdor talabalar taʼtil vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida oʻzlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos toʻlov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlov qilganidan keyin oʻzlashtirilmagan fanlarni oʻz hisobidan qayta oʻqishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?