“Toʻraqoʻrgʻon” zamonaviy turizm koʻchasiga aylantiriladi

12:14 25 Sentyabr 2025 Jamiyat
63 0

Davlatobod tumanining mazkur koʻchasi oxirgi paytlarda birmuncha eʼtibordan qolib kelayotgan edi. Uning umumiy uzunligi 3,1 kilometr boʻlgan yoʻli tubdan yangilanadigan boʻldi. Loyihaga koʻra, u toʻrt tasmaliga aylantiriladi. Koʻchaning ikki tomonida zamonaviy piyodalar yoʻlaklari, keng yashil hududlar tashkil etilib, 1400 dona yoritish chiroqlari oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ikkita xavfsiz va zamonaviy yer usti piyodalar yoʻlagi qurilishi koʻzda tutilgan boʻlib, bu harakatni yanada qulay va xavfsiz qiladi.

— Loyiha ijrosi uchun 40,2 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda, —deydi Davlatobod tumani hokimining oʻrinbosari Sardor Rahimov. — Yoʻl qurilishi bilan birga koʻchada joylashgan uy-joy va boshqa obyektlarga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, 109 ta xonadon kapital, 286 ta noturar obyekt qayta taʼmirlanadi. Shu bilan birga, 5 ta obyekt yangidan qurilib, yana 20 ta yangi bino barpo etilishi moʻljallanmoqda. Bu oʻz navbatida tadbirkorlik va xizmat koʻrsatish sohalari rivoji uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Kecha tuman turizm salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan mazkur loyihaning taqdimoti tashkil qilindi. Unda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, nuroniylar, faollar, tadbirkorlik subyektlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Soʻzga chiqqanlar “Toʻraqoʻrgʻon” koʻchasini turizm hududiga aylantirish boʻyicha boshlangan ishlar tuman qiyofasini zamonaviylashtiribgina qolmay, aholining turmush tarzini yaxshilash, sayyohlar uchun jozibador muhit yaratish va hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga katta hissa qoʻshishini eʼtirof etdi. Nuroniylarning “oq fotiha”si bilan loyihaga start berildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер