Toʻqimachilik sanoati va moda industriyasining nufuzli forumi

00:12 10 Sentyabr 2024 Jamiyat
359 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqandda dunyo toʻqimachilik sanoatining ikki eng yirik tashkiloti — Xalqaro toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi (ITMF) va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi (IAF) ning yillik anjumani boʻlib oʻtmoqda.

“Innovatsiyalar, hamkorlik va tartibga solish — toʻqimachilik sanoati va kiyim-kechak ishlab chiqarishining harakatlantiruvchi kuchlari” mavzusida oʻtkazilayotgan konferensiya bugungi kunda butun dunyo boʻylab ushbu sohaning yetakchi mutaxassislarini birlashtirgan nufuzli tadbirga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Dastlabki sessiyada jahon paxta sanoatining 50-yillik oʻzgarishi, uning hozirgi holati va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

Xalqaro anjumanning rasmiy ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning konferensiya qatnashchilariga yoʻllagan tabrigini Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari J.Xoʻjayev oʻqib eshittirdi.

Konferensiyada Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov soʻzga chiqib, bunday xalqaro tadbirning viloyatda oʻtkazilayotgani samarqandliklar uchun sharaf ekanligini aytdi. Keyingi 5-yil ichida Samarqandda tayyorlangan tekstil mahsulotlari eksporti 2,5 baravarga oshganligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi hamkorligida tashkil qilingan va uch kun davom etadigan konferensiyada sanoatning kelajagini shakllantiruvchi asosiy omillarga — global va mahalliy toʻqimachilik industriyasidagi yangi texnologiyalar, hamkorlik imkoniyatlari va sohani tartibga solishdagi dolzarb masalalarga eʼtibor qaratilmoqda.

Shu oʻrinda aytish kerakki, Xalqaro toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi (ITMF) dunyoning 123 ta eng yirik toʻqimachilik uyushmalarini birlashtiradi va ular tarkibidagi toʻqimachilik korxonalari va brendlarining xalqaro aloqalarini kengaytirishga yordam beradi.

Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi (IAF) esa 60 ta mamlakat uyushmalari va ular tarkibidagi 100 mingdan ortiq brendlar va chakana savdo kompaniyalarini birlashtiradi. Oʻzbekiston ITMFga 2014-yilda va IAFga 2020-yilda aʼzo boʻlgan.

Konferensiya ushbu ikki federatsiyaning ilk bor birgalikda tashkillashtirgan tadbiri ekanligi bilan ham ahamiyatlidir. Bu kabi keng masshtabdagi konferensiyaning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi yurtimizning xalqaro bozordagi oʻrnini mustahkamlaydi.

Tadbir doirasida toʻqimachilik koʻrgazmasi va modalar namoyishi tashkil etildi. Ishtirokchilar milliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi. Bundan tashqari, konferensiya davomida V2V, V2C uchrashuvlari ham oʻtkazilmoqda.

Konferensiya 10-sentyabr kuni oʻz ishini davom ettiradi. Anjuman davomida ITMF mukofotlari sessiyasi boʻlib oʻtadi. Unda “ITMF innovatsiya va barqarorlik mukofoti – 2024” va “ITMF xalqaro hamkorlik mukofoti – 2024” gʻoliblari eʼlon qilinadi. Ular ITMF Awards va ITMF Start-up Award mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?