“Davr jurnalist nigohida”: Toshkentda ustoz jurnalist Irismat Abduxoliqovning yangi kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi
Bugun, 27-yanvar kuni Toshkent shahridagi Milliy matbuot markazida ustoz jurnalist Irismat Abduxoliqovning “Davr jurnalist nigohida” nomli kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda muallifning koʻp yillik ijodiy faoliyati, jurnalistika sohasida toʻplagan boy tajribasi hamda yangi nashr mazmun-mohiyati xususida soʻz yuritildi. Kitobda Irismat Abduxoliqov oʻz faoliyati davomida yuzma-yuz kelgan, hamkorlik qilgan va muloqotda boʻlgan tanish hamda notanish shaxslar obrazini yaratgan.
Asarda muallif uslubiga xos boʻlgan xolislik, tiniqlik va samimiylik yaqqol namoyon boʻlib, tarixiy shaxslar obrazini yoritishda alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, kitobda respublikamizni salkam chorak asr boshqargan Sharof Rashidovich Rashidov siymosi alohida hurmat va ehtirom bilan tasvirlangani taʼkidlandi.
Nashrda muallifning Oʻzbekistonning deyarli barcha viloyat, tuman va qishloqlaridan, shuningdek, Vashington, Nyu-York, Moskva, Dehli, Anqara, Makka va Madina shaharlaridan voqea sodir boʻlayotgan joydan toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilgan reportajlari matnlari ham joy olgan. Shuningdek, kitob toʻplamiga televideniye va radioning ilmiy-nazariy asoslariga bagʻishlangan maqolalar ham kiritilgan.
Taqrizchilar fikriga koʻra, “Davr jurnalist nigohida” kitobidan oʻrin olgan yuzdan ortiq xotira-lavhalar oʻquvchini befarq qoldirmaydi. Asarda hayotning past-balandlarini koʻrgan, katta tajribaga ega muallif har bir sahifada olam va odam, shaxs va jamiyat, matbuot va davlat munosabatlariga doir hayotiy haqiqatlarni yoritib beradi.
Yozuvchi va publitsist Xurshid Doʻstmuhammad taʼkidlaganidek, Irismat Abduxoliqov teleradio muxbir va xalqaro sharhlovchi sifatida ulkan ijodiy yoʻlni bosib oʻtgan, koʻplab hamkasblari orzu qilgan marralarga erishgan jurnalist sifatida yosh avlod uchun ibrat maktabi hisoblanadi.
Qayd etilishicha, kitobda taqdim etilgan tarixiy jarayonlarning eng qaynoq nuqtalaridan tayyorlangan axborot va reportajlar oʻsha davr manzaralarini koʻz oʻngimizda qayta jonlantirish barobarida, jurnalistikaning barcha yoʻnalish vakillari hamda talaba yoshlar uchun muhim oʻquv-amaliy qoʻllanma vazifasini ham oʻtaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Tabiat va sivilizatsiya uyg‘unlashgan shahar – Syurixdan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring