Toʻpalang “energetika zanjiri” — gidroenergetikaning yorqin namunasi

13:10 15 Iyul 2025 Jamiyat
104 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizning gidroenergetik salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish maqsadida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan soʻnggi yillarda koʻplab yirik va kichik GESlar qurilib, mavjudlari modernizatsiya qilinmoqda. Bu jarayonda Toʻpalang daryosida ham “energetika zanjiri” shakllantirilmoqda.

Asosiy manba — “Toʻpalang” suv ombori 500 million kub metr sigʻimga ega boʻlib, Denov, Qumqoʻrgʻon va Shoʻrchi tumanlaridagi ekin maydonlarini sugʻorish bilan birga, quyi qismida joylashgan GESlar orqali elektr energiyasi ham yetkazib beradi.

2023-yil 17-noyabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashrifi chogʻida qurilishiga start berilgan Zarchob-3 kichik GES qisqa muddatda — 1,5-yilda barpo etildi. Bugungi kunda u sinov-test rejimida ishlab turibdi. 16 MVt quvvatga ega ushbu inshoot yiliga oʻrtacha 70 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa qariyb 93 ming aholini yoki 23 200 ta xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi.

Yaqinda “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati tashabbusi bilan mazkur inshootlarga mahalliy va xorijiy jurnalistlar uchun ikki kunlik press-tur tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari “Oʻzbekgidroenergo” AJning Toʻpalang GESlar kaskadi filiali faoliyati, “Toʻpalang” suv ombori va uning quyisida joylashgan gidroinshootlar bilan tanishdi. Jurnalistlar toʻgʻonga chiqib, suv omborining hajmi va muhim funksiyalarini koʻzdan kechirdi. Shuningdek, suv ombor qoshida 2006-yil ishga tushirilgan ilk gidrotexnik inshoot — “Toʻpalang” GES ham diqqat markazida boʻldi.

Jurnalistlar bilan suhbatda Toʻpalang GESlar kaskadi filiali direktori Asror Ulugʻov shunday dedi:

— Bugungi kunda Toʻpalang daryosidan zanjirli tarzda qurilgan GESlar orqali 5-6-marta elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Bu nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki ekologik jihatdan ham ustun yondashuv sanaladi. Har bir kichik va oʻrta GES loyihasi ortida mahalliy mutaxassislarning mehnati, muhandislik yechimlari va milliy imkoniyatlar turibdi. “Zarchob-3” GES qurilishida esa jamiyatimiz salohiyati toʻliq ishga solindi.

Uning taʼkidlashicha, bu kabi loyihalar nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish, balki hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiladi. Yaʼni ish oʻrinlari yaratiladi, aholi turmush darajasi oshadi va ishlab chiqarish korxonalariga uzluksiz energiya yetkazib beriladi.

Press-tur davomida jurnalistlar “Zarchob-1”, “Zarchob-2” GESlari hamda Surxondaryodagi “Mega loyiha” — ichimlik suv taʼminoti dasturlari bilan ham tanishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер