Tomdi tumanida ochilgan maktab-internatga oʻqituvchilar uch bosqichli tanlov asosida qabul qilindi

16:22 07 Sentyabr 2023 Jamiyat
665 0

Foto: “Xalq soʻzi”

“Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Tomdi tumanida 504 oʻrinli zamonaviy koʻrinishdagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati foydalanishga topshirildi.

— Ushbu maktabning qurilishi 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da “Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirishga oid chora-tadbirlar dasturida ham oʻz ifodasini topgan, — deydi aksionerlik jamiyatining jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha direktori Xolmamat Raupov. — Mazkur inshoot Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Qizilqum hududi infratuzilmasini rivojlantirishdagi soʻnggi yillarning eng yirik qurilishlaridan biri boʻlib, ulkan ijtimoiy ahamiyatga ega.

Foto: “Xalq soʻzi”

Maktab-internati yettita blok va uch qavatdan iborat boʻlib, oʻquvchilar taʼlim olishi, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Oʻquv xonalari zamon talabi asosida jihozlanib, kompyuter jamlanmalari bilan taʼminlangan. Maktabda har bir fan uchun maxsus oʻquv xonalari ajratilgan va zarur oʻquv qoʻllanmasi, laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan.

Taʼlim dargohiga Zarafshon shahri, Tomdi, Uchquduq tumanlari va Navoiy shahridan 5-11 sinfgacha boʻlgan eng bilimli, yuqori intellektual salohiyatga ega 288 nafar oʻgʻil-qiz sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, oʻqishga qabul qilindi. 30 nafar malakali oʻqituvchidan iborat pedagogik jamoa esa uch bosqichli tanlov asosida shakllantirildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugun maktab-internatning tantanali ravishda taqdimot marosimi oʻtkazildi. Tadbirda Navoiy viloyati hokimi N. Tursunov, “Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Q. Sanaqulov, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi direktori A.Ubbiyev, nuroniylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishib, taʼlimga qaratilgan eʼtibor Qizilqum hududi uchun ham kelajakka yoʻnaltirilgan ulkan sarmoya ekanligini taʼkidladilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?