Toʻytepalik “moyka” malikasi

14:14 10 Oktyabr 2025 Jamiyat
295 0

Tirikchilik toshdan qattiq. Kirakashlik qilib mashina haydayotgan ayollarni koʻrganmiz. Hatto dehqon bozorida arava tortayotgan ayollarga ham koʻzimiz tushgan. Nurafshon shahridagi “Toʻytepa” mahallasida joylashgan avtomobil yuvish shoxobchasida mehnat qilayotgan ayolni koʻrganimizda nozik jins vakillarining matonat va fidoyiligiga yana bir bor qoyil qoldik.

Shundan buyon har gal bu hazrati ayolni kuzatamiz. U har kuni keladi, har kuni oʻnlab mashinalarni suv emas, halol peshona teri bilan yuvadi. Yuzu koʻzida shijoat, maʼsumlik nafasi ufurib turgan 39 yoshli Nafisa Azimboyeva uch farzandning onasi. Munisa, Dilnoza, Fayzbek – uning hayotda topgan bebaho boyligi. U Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tugʻilgan. Oʻrta maʼlumotni shu hududdagi 35-maktabda olgach, tikuvchilikka qiziqqanligi bois “Nafis liboslar” tikuvchilik sexida ishlab tajriba toʻpladi. Nafisaning taqdir yoʻllari Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumani bilan bogʻlanib, 2011-yilda u “Nomdanak” mahallasiga kelin boʻlib tushdi.

Turmush chorrahalari... U goh manzilga yetkazadi, goho manzildan chalgʻitadi.

– Toʻgʻri, bu yumush ayollarnikimas, ayollar nozik qoʻllari bilan koʻylak tiksa, chuchvara tugsa, non yopsa, mashina emas, idish yuvsa yarashadi, – deydi Nafisa opa. – Ammo tirikchilikning aybi yoʻq. Yashash uchun harakat qilish kerak. Qaynonam olamdan oʻtgach, bizga ancha qiyin boʻldi. Qaynotam uy-joyni sotishga tushib, hammamizni sarosimaga solib qoʻydi. Oilani, roʻzgʻorni yurgizish kerak. Farzandlar birin-ketin voyaga yetyapti. Turmush oʻrtogʻim ikkimiz mashina yuvish shoxobchasida ishlay boshladik. Har kuni roʻzgʻor uchun ozmi-koʻpmi pul boʻlib turadi. Albatta, bu pulni peshona terimiz bilan topamiz. Men bu yumushni kasb deb tanlamaganman, ammo...

Nafisa opa shu soʻzlarni aytadi-yu koʻziga bir nima tushganini bahona qiladi... Shu payt uning lablari ichki iztirobdan titray boshlaydi. Biz soʻramasak ham, koʻz hammasini aytib qoʻygan edi...

– “Moyka”da ishlayotganlarning hammasi yigitlar. Nafisa opani “moyka”mizning malikasi», deyishadi, – deydi avtomobil yuvish shoxobchasi rahbari Sardor Nazarov. – Opa sarishta, kamgap. Jamoada Nafisa opaga havas qilamiz. Chunki uning oʻz mijozlari bor. Gohida opa ishga chiqmagan boʻlsa, mashinasini ham yuvdirmay ketishadi. Boshidagi roʻmoliga ibosini oʻrab mehnat qilayotgan Nafisa opadek matonatli ayolni kam uchratganman.

Muloqot davomida ayon boʻldiki, Nafisa Azimboyeva yurak yetishmovchiligi bilan xastalangan. Shifokorlarning aytishicha, yuragida ikkita teshikcha boʻlib, u muntazam davolanishi lozim. Nafisa Azimboyeva “Ayollar daftari”ga, oila esa “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan. “Mahalla yettiligi” tomonidan imkon qadar koʻmak koʻrsatilgan. Nafisa opaning oʻzi ham qoʻl qovushtirib turgani yoʻq. U istiqomat qilayotgan hovli taʼmirtalab. Buning ustiga xonadon gaz taʼminotidan ham uzilgan. Osh-ovqat hozircha oʻchoqda tayyorlanadi. Ostona qoqib turgan yomgʻirli-qorli kunlar uchun tadorik koʻrish kerak. Nafisa Azimboyevaning sogʻligʻini tiklash, uyini taʼmirlash, tabiiy gaz taʼminotiga qayta ulash kabi masalalarda “Nomdanak” mahallasi “yettiligi” vakillari, Oʻrta Chirchiq tumani Oila va xotin-qizlar boʻlimi masʼullari matonatli bu ayolga koʻmak koʻrsatsa, olijanob yurtdoshlarimiz oqibatli boʻlsa, katta savob boʻlardi. Shunda qahramonimiz ayol boshi bilan erkaklar ishini qilishiga hojat qolmas, oʻzi sevgan chevarchilik faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyardi. Oilada kamol topayotgan shirindan-shakar farzandlari tarbiyasi bilan koʻproq shugʻullanib, sogʻlom hayot bagʻrida boshqa ayollardek baxtiyor yashardi.

Otabek ISROILOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер