Toʻy xarjida yuzta boy yapon — bir kambagʻal oʻzbekcha yoʻqdir

17:59 20 Noyabr 2025 Jamiyat
275 0

Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov bugungi dabdabali toʻylarimiz, hoyu-havasga berilib, oʻzimizni tashvishga qoʻyayotganimizdan xavotir olib yozgan bu misralari naqadar haqiqat. Garchi bu haqda koʻp gapirilgan, koʻp yozilgan boʻlsa-da, sunʼiy hasham, ortiqcha sarf-xarajatlar, qudalar oʻrtasidagi haddan ziyod sovgʻa-salomlar, maʼrakalardagi isrofga yoʻnalgan “musobaqa”lar haliyam tugagani yoʻq.

Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Qorasuv” mahallasida sodir boʻlgan voqea ham bu muammo qanchalik gazaklab ketganini koʻrsatadi. A. Gʻ. ismli yigit oʻtgan haftada nikoh toʻyi munosabati bilan hovlisi qolib, koʻchani turli parda va sunʼiy gullar, bezakli arklar bilan toʻsib qoʻydi. Basharti, hammasi maromida boʻlganda, mahalla ahli minnatdorlikda davom etardi. Ammo hashamga oʻch va orzu-havasini jilovlay olmagan yigit koʻchaning – yoʻlning qatnov qismining yarmigacha ark yasatib, transport vositalari harakatiga noqulaylik tugʻdirdi. Ayniqsa, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida mahalla ahlining faolligi va uyushqoqligi samarasi oʻlaroq yaqinda asfaltlangan koʻchaga qoziqlar qoqilib, unga jiddiy zarar yetkazilgani mahalladoshlari dilini ranjitdi. Masʼul mutasaddilar, boshqa jamoatchilik vakillari hamda mahalla faollarining daʼvati, nuroniylarning nasihati orqali toʻy bezaklari maromiga solindi. Toʻy egalari esa tartibga, mayorga chaqirildi.

Nurafshon shahrida boʻlgan juda oddiy, ortiqcha sarfsiz toʻy esa hammani quvontirdi.

– Yaqinda nabiramni uylantirdik. Nikoh toʻyiga bagʻishlangan bazm tashkil etilmadi, – deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Nurafshon shahri boʻlimi rahbari, Xalq deputatlari Nurafshon shahri Kengashi deputati Joʻra Ahmedqulov. – Bu yetishmovchilik yoki boshqa sababdanmas, ixcham toʻy bilan ham, umuman toʻy bazmisiz ham baxtli oilaga asos solish mumkinligini amalda koʻrsatdik. Nikoh toʻyi bazmi oʻrniga xonadonimizda kichik marosim oʻtkazildi. Kelin uzatib kelgan qudalarimiz uyimizda mehmon boʻldi. Bazm qatnashchilari yuz kishiga ham yetmadi. Toʻydan iqtisod qilingan mablagʻ kelin-kuyovning xorij sayohati uchun ajoyib sarmoya boʻldi. Nabiralarim baxtli hayot kechiryapti.

Yana bir ogʻriqli masala. Toʻy sanasi toʻy egalari xohishiga koʻra emas, balki “sanʼatkorning boʻsh kuniga qarab” belgilanayotganidir. Fonogrammada ikki-uch qoʻshiq aytib, osmonga chiqarilgan haq talab qilish, toʻyning mazmuni emas, qaysi artist kelganiga qarab baholash, milliy kuy-qoʻshiqlar oʻrniga begona musiqalarning shovqini bu sohadagi tartib qanchalik izdan chiqqanini koʻrsatadi.

– Toʻyga artist chorlash hammamiz uchun oddiy tuyulishi mumkin, aslida esa hozirgi toʻylardagi eng dolzarb masalalardan biridir, – dedi Xalq deputatlari Oʻrta Chirchiq tumani Kengashi deputati Raʼno Jumanova – Afsuski, “birrov”chi artistlarning “boʻsh kuni” inobatga olinib, toʻy kuni belgilanadi. Agar belgilangan boʻlsa, bir necha kun yo haftaga suriladi. Biroq toʻyga kelib, “toqqa chiqmay doʻlana tergandek” xizmat haqi olishi noinsofsizlikdir. Hozir fonogramma orqali qoʻshiq aytish sanʼatkorlar uchun uyat boʻlmay qoldi. Yoshligimizdagi toʻylarda bir sanʼatkor kelib, jonli ijroda toʻyning boshidan oxirigacha xizmat qilganiga guvoh boʻlganmiz. Fonogramma orqali yangrayotgan qoʻshiqlarda na maʼno, na saviya bor.

Toʻylarda oʻrni qolmagan, ammo “anʼana” degan nom bilan saqlanib kelayotgan ayrim marosimlar – “chorlari”, “haftalik”, “kelinsalom” kabi udumlar ham koʻp oilalar uchun ortiqcha yukka aylangan.

– Toʻy, maʼraka va oilaviy marosimlarni belgilangan cheklovlar asosida toʻy oshlarini ikki tomon kelishgan holda bir kunda bitta toʻyxonada oʻtkazish tavsiya etilmoqda. Bu katta miqdordagi isrofgarchiliklarning oldini oladi, – deydi Parkent tumani Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Margʻuba Inoyatova. – “Qadriyatlar qadr topgan oila” mavzusidagi targʻibot va tushuntirish tadbirlarini ham oʻtkazib kelmoqdamiz. Bu orqali jamiyatda milliy qadriyatlarga hurmat, mehr-oqibat va birdamlik ruhini mustahkamlash koʻzda tutilgan. “Maromiylik marafoni” davomida toʻy va marosimlarda ortiqcha dabdabadan voz kechish, tejamkorlik va maʼnaviy qimmatga eʼtiborni oshirish uchun “Toʻymisan, toʻy boʻldi!” shiori ostida namunali toʻylar tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday toʻy egalariga “Ibratli oila” koʻkrak nishoni topshiriladi.

Mamlakatimizni kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilayotining tub zamirida turmushimiz farovonligini taʼminlashdek ezgu gʻoya mujassam. “Maromiylik marafoni” doirasida tashkil etilayotgan targʻibot tadbirlarida aholini isrofgarchiliklarga yoʻl qoʻyilmaslikka daʼvat etilmoqda, zarur holatda qatʼiy choralar koʻrilmoqda. Zotan, toʻy – shunchaki oilaviy marosim emas, milliy qadriyatdir.

Otabek ISROILOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?