“Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” umummilliy harakati nimalarni oʻz ichiga oladi?

15:36 08 Fevral 2023 Jamiyat
1719 0

2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi Prezident Farmoni loyihasiga koʻra, “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” umummilliy harakatini yoʻlga qoʻyish taklif etilmoqda.

Harakat quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

— aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida oʻz sogʻligʻi va ovqatlanishini nazorat qilishni oʻrgatish, toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha mobil ilova yaratish;

— bolalarga moʻljallangan nosogʻlom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talablarni kuchaytirish;

— taʼlim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan tarkibida shakar, tuz, transyogʻlar miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari, taʼm va rang beruvchi qoʻshimchalar roʻyxatini tasdiqlash va isteʼmolini kamaytirish;

— mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sogʻlom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;

— yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlomlashtirish mashqlari va gigiyena qoidalari toʻplamini yaratish;

— ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishi va sogʻlom ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

Qayd etilishicha, mamlakatda 10,7 mln. aholi sogʻlom turmush tarzini olib bormaydi. Aholining 16,5 foizi tamaki va 4,7 foizi alkogol isteʼmol qilishi, 16 foizi meva va sabzavotlarni yetarli miqdorda isteʼmol qilmasligi (kuniga 400 grammdan kam), 36,6 foizi taomga qoʻshimcha tuz qoʻshishi, 32,9 foizida ortiqcha vazn va 23,5 foizida semizlik mavjudligi, 38 foizida yuqori arterial bosim va 8,4 foizi qonida qand miqdorining yuqoriligi, 26 foizining esa jismoniy faolligi sustligi aniqlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?