Madurodan keyingi Venesuela

12:25 05 Yanvar 2026 Dunyo
390 0

Karakasdagi ko'chada Nikolas Maduroning qurolli tarafdori, 2026-yil 3-yanvar.

Donald Tramp Floridadagi Mara-Lago qarorgohida matbuot anjumani oʻtkazdi. Uning bayonotiga koʻra, AQSH Venesuelani “xavfsiz, haqiqiy va adolatli hokimiyat almashinuvi” taʼminlanguniga qadar boshqaradi. Trampning taʼkidlashicha, yangi hokimiyat davrida “avvalgi holatning takrorlanishiga” yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shuningdek, u amerikalik neft kompaniyalari Venesueladagi neft infratuzilmasini taʼmirlashi va “mamlakat uchun daromad keltira boshlashi”ni aytdi.

AQSH Venesuelani aniq qanday boshqarishni rejalashtirayotgani haqida Tramp batafsil maʼlumot bermadi. Karakasdagi davlat idoralari va maʼmuriy binolar AQSH nazoratiga oʻtgani haqida hozircha hech qanday tasdiqlangan maʼlumot yoʻq. Bayonot yakunida Tramp venesuelalik siyosatchilar va harbiylarni ogohlantirib, “agar ular oʻz xalqiga nisbatan adolatli boʻlmasa, Maduroning taqdiriga duch kelishini” aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, AQSH harbiylari “ikkinchi, yanada kuchli zarba toʻlqinini” berishga tayyor, biroq hozircha bunga ehtiyoj yoʻq.

Jurnalistlarning AQSH Venesuelani qanday boshqarishi haqidagi aniqlashtiruvchi savollariga javoban Tramp davlat kotibi Marko Rubio Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges bilan suhbatlashganini aytdi. Trampning taʼkidlashicha, Rodriges goʻyoki “Venesuelani yana buyuk qilish uchun AQSH zarur deb bilgan har qanday ishni qilishga rozi boʻlgan”. Biroq Rodrigesning AQSH rasmiylari bilan aloqalari hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Tramp, shuningdek, zarurat tugʻilganda AQSH harbiylarining Venesuela hududida boʻlishidan qoʻrqmasligini bildirdi.

Donald Tramp, Mudofaa vaziri Pit Xegset (o'ngda), general Den Keyn (chapda) va Davlat kotibi Marko bilan matbuot anjumani.

Nikolás Maduro va uning rafiqasi Silia Flores harbiy kema bortida boʻlib, Nyu-Yorkka olib ketilishini Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi. “Ularni vertolyotlarda olib chiqishdi, parvoz juda yaxshi oʻtdi — ishonchim komil, ularga yoqqan. Ammo unutmang, ular juda koʻp odamlarni oʻldirgan”, — dedi AQSH prezidenti.

ABC News manbalariga koʻra, Maduro avval Kubadagi Guantanamo harbiy bazasiga yetkaziladi, soʻng samolyot orqali Nyu-Yorkka joʻnatiladi. AQSHda Maduro va uning rafiqasi bir qator ayblovlar, jumladan, narkoterrorizm va kokain eksporti bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha sud oldida javob berishi kutilmoqda.

Tramp Fox Newsʼga bergan intervyusida Maduroni qoʻlga olish boʻyicha oʻtkazilgan operatsiyaning ayrim tafsilotlarini ham oshkor qildi. Uning aytishicha, AQSH harbiylari mashgʻulot maqsadida Maduroning yashash joylaridan birining nusxasini qurishgan. Prezidentning daʼvosiga koʻra, Maduro va uning oilasi himoyalangan “xavfsiz xona”ga kirishga uringan paytda qoʻlga olingan. Tramp operatsiyani jonli efirda — “xuddi teledastur tomosha qilgandek” kuzatganini aytdi. Shuningdek, u operatsiya chogʻida AQSH vertolyotlaridan biri urib tushirilganini, bir nechta harbiy xizmatchi yaralanganini, ammo ularning barchasi Venesueladan chiqib ketishga muvaffaq boʻlganini bildirdi.

The Washington Post manbalariga koʻra, operatsiya tayyorlashda Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) xodimlari ishtirok etgan va ular Venesuela prezidenti hamda uning rafiqasining joylashuvini aniqlashgan. Gazetaning yozishicha, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan yuborilgan “Delta” elit harbiy boʻlinmasi jangchilari bir necha hafta davomida Maduroning harakatlarini kuzatgan.

Bu maʼlumotlarni keyinchalik AQSH Qurolli kuchlari Birlashgan shtab boshliqlari qoʻmitasi raisi Den Keyn ham umumiy tarzda tasdiqladi. Uning aytishicha, operatsiyada 20 ta harbiy bazada joylashtirilgan 150 dan ortiq samolyot va vertolyot qatnashgan.

Maduro tarafdorlari hujumdan soʻng jamoatchilikka murojaat bilan chiqishdi. Ular orasida Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges (saylovlar oʻtkazilgunga qadar prezidentlik vakolatlari unga oʻtishi mumkin), ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelyo, bosh prokuror Tarek Uilyam Saab hamda mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes bor. Ular AQSH hujumini qoralab, fuqarolarni mamlakatni himoya qilishga chaqirdi.

Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado esa venesuelaliklar uchun ozodlik vaqti kelganini eʼlon qildi. Uning fikricha, mamlakatga 2024-yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzod boʻlgan 74 yoshli Edmundo Gonsales Urrutia rahbarlik qilishi kerak.

“Nikolás Maduro venesuelaliklar va boshqa mamlakatlar fuqarolariga qarshi sodir etilgan dahshatli jinoyatlar uchun xalqaro adliya oldida javob beradi. Muzokaralar yoʻlini tan olishdan bosh tortgani sababli, AQSH qonun ustuvorligini taʼminlash borasidagi vaʼdasini bajardi”, — dedi Machado.

3-yanvar kuni Karakas koʻchalari deyarli boʻm-boʻsh edi. El Nacional gazetasi xabariga koʻra, ochiq qolgan kam sonli supermarket va dorixonalarda oziq-ovqat hamda dori-darmon zaxiralashga urinayotganlar navbatga turgan. Nashrning yozishicha, metro va avtobuslar qatnamagan. Shu bilan birga, jurnalistlar Karakas markazida agʻdarilgan prezident tarafdorlari koʻchalarga chiqib, uning mamlakatga qaytarilishini talab qilganini ham qayd etgan.

Maduro tarafdorlari Karakasdagi prezident saroyi yonida.

AQSH Adliya vazirligi 2020-yilda Maduroni ayblaganidan soʻng, endi yangi ayblov xulosasini eʼlon qildi. Unda aytilishicha, Maduro hali 2000-yillarda Milliy assambleya deputati boʻlgan paytidayoq kokain tashish jarayonlarini tashkil etishda ishtirok etgan. Keyinchalik, 2006–2013-yillarda tashqi ishlar vaziri lavozimida boʻlganida, u narkosavdogarlarga Venesuela diplomatik pasportlarini taqdim etgan va Meksikadan Venesuelaga narkotik savdosidan tushgan pullarni olib kelgan samolyotlar uchun diplomatik “niqob” yaratishga yordam bergan. Prezidentlik davrida esa Maduro “kokain bilan oziqlanayotgan korrupsiyaning oʻz foydasi, hukmron rejim aʼzolari va oila manfaatlari yoʻlida gullab-yashnashiga imkon bergan”.

Hujjatda, shuningdek, uning rafiqasi Silia Flores, oʻgʻli — “Nikolasito” yoki “Shahzoda” laqablari bilan tanilgan Nikolás Maduro Gerra, shuningdek, ichki ishlar, adliya va tinchlik vaziri Diosdado Kabelyo ham ayblanuvchilar sifatida qayd etilgan.

AQSH Maduroni va ish boʻyicha boshqa shaxslarni Kolumbiyaning FARC (Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari) va ELN (Milliy ozodlik armiyasi), Meksikaning “Sinaloa” va “Los Setas” kartellari hamda Venesuelada faoliyat yurituvchi “Tren de Aragua” guruhi kabi “narkoterrorchi” tuzilmalar bilan hamkorlik qilganlikda ayblamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?