Tirbandlikni yoʻqotish tartib-intizom va qoʻshimcha qulaylik demak

Arxiv foto
Bugunning gapi
Olimlarning tadqiqotiga koʻra, bitta avtomobil bir yilda 20 — 30 kishi nafas olishi uchun talab etiladigan kislorodni yutib yuboradi. Bu texnika shaharlikniki boʻlsa-yu, uning tirbandlikdan boshi chiqmasa-chi?..
Yana bir eʼtibor tortadigan raqam: har yili bitta avtomobil oʻrtacha 4 tonna oksigenni havodan olib, 800 kg. is gazini, 40 kg. azot oksidini, 220 kg. turli gazlarni tashqi muhitga chiqaradi. Agar birgina poytaxtimizda 600 mingdan ortiq avtomobillar harakatlanayotganini nazarda tutsak, nega Toshkent jahonda eng iflos shaharlar roʻyxatida karvonboshilik qilayotganini anglash qiyin emas.
Jamoat transporti soatdek ishlasa...
Aslida, avtomobil toʻxtash joylarining yetishmasligi ham tirbandlikni koʻpaytirmoqda. Shu bois yirik shaharlarda avtomobil egalari oʻz texnikasini yoʻl boʻyiga qoʻyishga majbur boʻlmoqda. Aksincha, ayrim vazirlik va hokimliklar oʻz hududlariga maxsus belgilar qoʻydirib, ishxona hovlisini taqa-taq yopib olgan. Endi bunga chek qoʻyiladi, taqiqlovchi belgilar olib tashlanadi. Haydovchilarning qoidabuzarlik boʻyicha javobgarligi ham, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishidagi targʻibot ishlari ham yanada kuchaytiriladi.
Bu boʻyicha shu yil 9-iyul kuni Prezidentmiz raisligida oʻtkazilgan videoselektorda aniq vazifalar belgilab berildi.
Ushbu yigʻilishda bugungi kundagi eng dolzarb muammo — yoʻllarda xavfsizlikni taʼminlash va infratuzilmani yaxshilash masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. Davlat rahbari taʼkidlaganidek, soʻnggi yillarda yoʻl qurilishi va taʼmirlashga 61 trln. soʻm pul ajratilgan, onlayn tizim ishga tushirilgach, yoʻl harakati xavfsizligi idorasiga keluvchilar soni 50 foizga kamaygan, 3 ming 365 nafar yoʻl harakati xavfsizligi xodimiga planshet va bodikameralar berilgan. Shunga qaramay yoʻl harakati qoidalarini buzish holati, avtohalokatlar soni koʻpayib bormoqda. Oʻtgan yili 9 ming odam jarohatlanib, 2 ming 203 kishi halok boʻlgan. Bu raqam oʻrtacha bir qishloq yo bir mahalla aholisi bilan teng. Muammoning mohiyati ham ana shunda.

Yigʻilishda “Xavfsiz yoʻl” milliy dasturi boshlanishi maʼlum qilindi va shunga mos ravishda “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi faoliyati qayta tashkil etiladigan boʻldi. Mazkur jamgʻarma hisobiga shu yilning oʻzidayoq turli manbalar hisobidan 400 mlrd. soʻm pul tushishi koʻzda tutilgan. Sentyabr oyigacha poytaxtga 200 ta, soʻng yana mingta avtobus olib kelinadi. Shu tariqa 25 mingta yengil avtomashina qatnovining kamayishiga erishish mumkin.
Tan olish kerak, aksariyat hollarda odamlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish uchun yaratilgan avtomobilni bepisandlik bilan boshqarish fojiaga olib kelmoqda. Ayniqsa, yirik shaharlardagi holat juda tashvishli. Yoʻloʻtkazgich ustidami, katta yoʻldami avariya sodir boʻlsa, shikastlangan texnikalar koʻndalang turib qoladi, avtomashinalar egasi kim aybdorligini aniqlab, koʻchani boʻshatguncha yoʻlning qatnov qismi keskin torayadi. Ming afsuski, bunday holat poytaxtning eng gavjum koʻchalarida tez-tez takrorlanmoqda.
— Agar shaharda jamoat transporti soatdek ishlasa, avtobuslarning oraliq qatnovi xuddi rivojlangan davlatlardagi kabi bir-ikki daqiqadan oshmasa, nima qilaman, shaxsiy avtoda yurib, asabni buzib, — deydi toshkentlik haydovchi Umid Qurbonov. — Yana bir achinarli holat. Shaxsiy avtomobilda yurganda voyaga yetmagan bolalar, qizlar minib olgan skuter va mototsikllarni koʻrib yuragim uvishadi. Ularda na davlat raqami, na “kaska” bor, na qoidaga amal qiladi, baʼzan svetoforning qizil chirogʻida ham gʻizillab oʻtib ketishadi. Ularning koʻpchiligi tashuvchi, shoshadi, mijozga uchib borsayu haqini olib ikkinchi “zakaz”ga ulgursa. Oldingdagi mashina toshbaqaday imillab turgan mahal skuterlarning ariday zuvullashi asabni battar buzadi. Nazarimda, bular tom maʼnoda harakat xavfsizligining qoʻpol ravishda buzilishi. Ularni ham umumiy qonun-qoidalarga boʻysundirish vaqti keldi chogʻi.
— Sayyohlik yoʻnalishidagi biznesni kengaytiray deb Ispaniyaning Pontevedra shahrida boʻldim, — deydi samarqandlik tadbirkor Botirjon Salohiddinov. — Ilgari bu shahardagi 300 ming kvadrat metr yerni avtoturargohlar egallagan va tirbandliklar tufayli aholi oʻrtasida oʻzimizda “damqisma” deydigan kasallik tarqagan ekan. Maʼmuriyat qatʼiy chora sifatida shaxsiy avtomobil egalariga shaharga kirishni butkul taqiqlabdi. Jamoat transporti toʻliq elektrobusga oʻtkazilgan. Qarangki, tez orada xastalik chekingan. Bugun Pontevedra havosidan nafas olib toʻymaysiz. Har qadamda daraxt, yashillik, piyodalar uchun turli-tuman qulayliklar. Turfa gullarni aytmaysizmi? Bizda ham loaqal shaharning yarmi shunday qilinsa-chi, Toshkentda, Samarqandu Buxoroda!
Har qanday yangilik u soliq turi sifatida taqdim etilsa, koʻpchilikka yoqmasligi tayin, ammo vaqt oʻtib foydasi yaqqol koʻrinsa, bu keskin chorani qoʻllaydiganlar koʻpayishi tayin. Masalan, Stokgolmda tirbandlik uchun soliq joriy etilganda shahar maʼmuriyatining bu qaroriga 10 kishidan 7 nafari qarshi chiqqan, nega pul toʻlashimiz kerak, deyishgan. Oradan besh yil oʻtgach, vaziyat tubdan oʻzgardi. Endilikda har bir avtomobil egasi shaharning zararlangan hududida harakatlangani, tirbandlik hosil qilgani uchun qoʻshimcha soliq toʻlayapti. Albatta, elektromobili borlar bundan mustasno.
Koʻkka sovurilayotgan vaqt
Tajribali shifokor-reanimatolog Burhon Oʻrinovning mulohazalariga koʻra, havoning kuchli ifloslanishi juda xavfli, oqibati xunuk voqealarga sababchi boʻladi. Bunga oʻtmishda misollar koʻp. 1952-yilning yozida London osmonida paydo boʻlgan iflos havo qatlami tumanga qoʻshilib pastga tushgan va 4 ming kishining yostigʻini quritgan. 1970-yili esa Tokio shahrida ana shunday tutun oqibatida 8 ming kishi zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Avtomobillar tirbandligi muttasil oshaverishi oqibatida mana shunday noxush holat poytaxtimizda ham kuzatilmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Shundogʻam havo ifloslanishi, avtomobillardan chiqayotgan is gazi sababli poytaxtimiz aholisi oʻrtasida allergik xastaliklar, saraton keyingi yillarda keskin oshayotganini statistik raqamlar tasdiqlab turibdi. Bu darddan, ayniqsa, bolalar jabr koʻryapti.
Tirbandlikdan “Tez yordam” avtomashinalarida olib ketilayotgan bemorlar koʻproq aziyat chekmoqda. Haydovchi buni his etmasligi mumkin, bemor ham yuqori shok holatida boʻlar, ammo uning yonida turgan qondosh-qarindoshning holati nechogʻli ogʻir?.. Qolaversa, issiq jonmiz, ertami-kechmi, oʻzimiz ham oʻsha bemor oʻrnida boʻlishimiz mumkin. Mavzuning odamni befarq boʻlishga yoʻl qoʻymaydigan jihati ham ana shunda. Baʼzan “101”, “102”, “104” singari maxsus texnikalar ham signal chalib yoʻllarda turib qoladi, qani endi qanoti boʻlsayu uchsa.
— Ikki-uch yil ilgari koʻpam bilinmasdi. Hozir, “Qorasuv siti” yo Toyloq tomondan shaharga kirib borish, ayniqsa, ertalab juda qiyin. 5-6 kilometrlik masofaga bir soatdan ortiq vaqt yoʻqotyapman. Asabim yoʻlda tamom boʻlyapti, — deydi samarqandlik tadbirkor Nodirjon Toirov. — Agar men kabi minglab odamlar shunday dardga duchor etilgan boʻlsa, buning mamlakatga kelayotgan zararini bir chamalab koʻring-a. Eh-he...

Qolaversa, Samarqand dunyoning sayqali, deya eʼtirof etilayotgan, sayyohlar kun sayin koʻpayib borayotgan boʻlsa. Aslida, bu masala biz uchun yaqinda paydo boʻlgan. Xorijda, xususan, Londonda bitta haydovchi yiliga oʻrtacha 156 soat, Chikagoda 155 soat, Parijda 138 soat ortiqcha vaqt sarflaydi. Ammo yurtimizning yirik shaharlarida ham tirbandlik muammosi kuchayib borayotgan mahal endi nima boʻlarkin, deya qoʻl qovushtirib oʻtirishga zarracha asos boʻlmasligi kerak. Chorasini topaylik, joʻyali takliflarni qoʻllab koʻraylik. Bugun davosini topmasak, ertaga tirbandlik taraqqiyotga, barcha xayrli ishlarimizga tushov boʻladi.
Joriy yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yurtimizda beqiyos ishlar qilindi. Koʻklamda ekilgan mevali va manzarali daraxtlar koʻchatlari tez orada yashillikka aylanib, hayotimizga yanada fayz kiritadi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi tobora koʻp qavatli uylar urchib borayotgan poytaxt uchun juda kerak, ammo yuqorida tilga olganimiz — tirbandlik, avtomobillardan chiqayotgan zaharli gazlar ahvolimizni yanada ogʻirlashtirmoqda.
Poytaxtimizga kuniga 1 million odam tashrif buyursa, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan keladi. Shu bois poytaxt jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga oʻtkazish, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab olishi juda muhim. Bu Prezidentimiz oʻtkazgan yigʻilishda ham alohida taʼkidlandi va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingach, keng jamoatchilikka maʼqul keldi.
Shunga qaramay tirbandlik har kun, har lahza xayolimizda aylanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda yozilganidek, kuniga bir milliondan ortiq yoʻlovchilarga xizmat qilayotgan Toshkent metropoliteni mutasaddilari ertalab va kechqurun tirbandlik kuchayib ketayotganini taʼkidlagan holda, yirik ishlab chiqarish va oʻquv muassasalarining ish hamda oʻqish boshlanishi vaqtlarini oʻzgartirishni taklif etmoqda. Ularning fikricha, bu nafaqat metrodagi tigʻizlik, yer ustidagi yoʻllardagi tirbandlikni ham kamaytiradi.
Pullik yoʻllar va avtoturargohlar
Yirik shaharlarga kirib-chiqish pullik boʻlsa-chi, xuddi Janubiy Koreyadagi singari? Balki shaharga kiraverishda koʻp qavatli avtoturargohlar bunyod etilsa, odamlar oʻz avtosini oʻsha joyda qoldirar, soʻng juda tez va tartibli qatnaydigan elektrobuslarda, metrolarda ishga, oʻqishga va kerakli joylarga borar? Jamoat transportining xizmat koʻrsatish madaniyati, tezkorligi ortsa, koʻpchilik shahar ichida oʻz yengil avtomashinasidan foydalanmay ham qoʻyadi. Yoz chillasida sovitkichi, yumshoq oʻtirgʻichi va koʻchani bemalol koʻrib ketish imkoni boʻlgan, muhimi, haydovchi singari doimiy diqqat talab etmaydigan holatda dam olib manzilga yetish kimga yoqmaydi, deysiz. Xarajati ham choʻntakka jabr emas. Qolaversa, shu tariqa yirik shaharlar, xususan, poytaxt havosi hozirgidan oʻn karra, yuz karra tozalanib, aholi salomatligi yaxshilanadi, tirbandlik ham kamayadi. Bu ochigʻi, hozircha orzu, ammo chorasi yoʻq ish emas.
Toshkent shahar hokimligi yoʻllardagi tirbandlikning oldini olish maqsadida 14 mingga yaqin pullik avtoturargoh qurmoqchi. Kelgusida esa jami 84 mingta parking maydoni tashkil etishni ham rejalashtirmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, poytaxt hokimi transport infratuzilmasini yaxshilashu tirbandliklarni kamaytirishga, jamoat transporti va mikromobillar jozibadorligini oshirishga, haydovchilar va piyodalar uchun qulaylik yaratishga astoydil kirishgan. Toʻxtash joylari 10-yil muddatga “Ye-AUKSION” orqali ijaraga beriladi. Avtoturargoh narxlari hududga qarab aholi uchun qulay narxda — 5 ming soʻmdan 12 ming soʻmgacha boʻladi. Bundan tashqari, turli soha kishilari qoʻshimcha ravishda koʻp qavatli avtoturargohlarni masjidlar yaqinida bunyod etishni taklif qilishmoqda.
Agar koʻp qavatli avtoturargohlar koʻpaysa, avtomashinalarni xavfsiz saqlash, masjidgami, bozorgami yo ishgami bemalol borib kelish imkoni tugʻiladi. Ayrimlar avtoturargoh toʻlovidan choʻchimay texnikasini uch-toʻrt kunga shu yerda qoldirishi ham mumkin. Shunday tanti tadbirkorlar ham borki, ularga avtoturargoh quring, undan masjid ahli ham foydalanadi deyilsa, yoʻq demaydi, bugunoq yeng shimarib, ishga kirishib ketadi...
Esdan chiqayozgan “Avtomobilsiz kun”
Hukumat topshirigʻiga binoan, 2024-yil mart oyidan boshlab har oyning toʻrtinchi chorshanba kuni (agar bayram kuniga toʻgʻri kelsa, payshanba kuni) Toshkent shahrida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun” deb eʼlon qilingan edi. Shu hujjatda vazirlik va idoralar, hududiy ijro etuvchi hokimlik organlarining rahbar va masʼul xodimlari ish joyiga jamoat transportida kelib, namuna koʻrsatishi nazarda tutilgandi.

Afsuski, bu xayrli tashabbus biroz unutildi, bunga ayrim rahbarlargina amal qilyapti, xolos. Ishxonangiz uydan uzoqda boʻlsa, marhamat, velosipeddan foydalaning, bu ham “Avtomobilsiz kun”ga mos keladi, degimiz kelyaptiyu, ammo bu borada ham kemtiklik mavjud. Poytaxtning kattayu kichik yoʻllarida velosipedlar yoʻlagi aksariyat hollarda uchramaydi. Veloyoʻlak boʻlmasa, albatta, harakatlanish sizga faqat qoʻshimcha tashvish tugʻdiradi. Shahar hokimligi bu haqda ham oʻylab koʻrsa yomon boʻlmasdi.
Yoki koʻp mashinali oilalar uchun qoʻshimcha soliq kiritish ham tirbandlikni kamaytirishda maqbul vosita boʻlishi mumkin. Shuningdek, bugungi “axborotlashgan jamiyat”da korxona va tashkilot xodimlarining bir qismini masofadan ishlash rejimiga oʻtkazish qatnovning kamayishiga, vaqtning tejalishi hamda atmosferaga chiqadigan zaharli gazlar miqdorining pasayishiga olib keladi, degan takliflar aytilmoqda. Xuddi shunday amaliyotni bank, moliya va iqtisodiyot kabi sohalarda qoʻllab koʻrish kerakdir, balki.
Albatta, eng maqbul yoʻl bahslarda, koʻpni koʻrgan tajribali kishilarning mulohazalarida, kuzatishlarida koʻzga yaqqol tashlanadi. Qolaversa, muammoning yechimini topishda xalq vakillari sanalgan deputatlar ham oʻz takliflari bilan ishtirok etsa yomon boʻlmaydi. Axir, bu dardga oʻzimiz davo topishimiz kerak, aks holda faoliyatimiz qiyinlashadi, hayotimizdan mazmun yoʻqoladi. Qisqacha aytganda, tirbandlik umummuammoga aylangan ekan, uning chipqon misoli yanada “gazak” olishiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak.
Abdunabi ALIQULOV (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring