Tinchlik yo‘lidagi atom energetikasi iqtisodiyot tarmoqlarida misli ko‘rilmagan yutuqlar omili bo‘ladi

Sayyoramiz nufusining ortib borishi, ularning qulay turmush shart-sharoitlarga intilishi, iqtisodiyot tarmoqlarining jadal taraqqiyoti elektr energiyasiga bo‘lgan talabni kun sayin oshirmoqda. Shu bilan birga, uni ishlab chiqarishda foydalaniladigan tabiiy resurslar zaxirasi tobora cheklanib boryapti. Natijada dunyo hamjamiyati energetika istiqbolini quyosh, shamol kabi muqobil energiya manbalaridan foydalanishda ko‘rmoqda. Ular orasida atom energetikasi ham borki, u soha ravnaqida beqiyos ahamiyat kasb etayotgani barchaga ma’lum.
Masalaga elektr energiyasiga bo‘lgan talab 69 milliard kilovatt/soatni tashkil etadigan O‘zbekiston misolida yondashsak, uning mohiyatini chuqurroq anglaymiz. Gap shundaki, shuncha miqdordagi quvvatni hosil qilish uchun yiliga 16,5 milliard kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut va 2,3 million tonna ko‘mir sarflanadi.
Kelgusida bu raqamlar tobora yiriklashishi turgan gap. Chunki 2030 yilda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 117 milliard kilovatt/soatga yetishi aytilmoqda. Shunday ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan atom energetikasiga asos solinayotgani elektr energiyasiga bo‘lgan kuchli ehtiyojni barqaror ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam, desak, ayni haqiqat.
Ochig‘ini aytish kerak, hamma joyda, xususan, o‘zbek xalqida ham AES xavfli, aholi va atrof-muhitga salbiy ta’sir qilmasmikan, qabilidagi xavotir, qo‘rquv bor. Ammo bularning barchasi asossiz. Aslida, tinchlik maqsadlari yo‘lida atom elektr energetikasidan foydalanish ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan o‘ta samaralidir. Atrof-muhitga salbiy ta’siri nihoyatda kamligi bois unga “yashil energetika” sifatida ta’rif beriladi.
Chindan ham Xalqaro atom energetikasi — MAGATEningma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda jahonning 30 dan ziyod mamlakatlarida 451 energoblokka ega bo‘lgan 191 AES samarali faoliyat ko‘rsatyapti. Yadro reaktorlari bo‘yicha AQSH, Fransiya yetakchilik qilmoqda. Ushbu mamlakatlarda elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojning 72,3 foizi AES tomonidan qoplanadi. Shuningdek, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya singari davlatlar ham bu jabhada ilg‘orlar qatoridan joy olgan. Uran zaxiralari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi, uni ishlab chiqarishda esa yettinchi o‘rinda turgan O‘zbekistonda tinchlik yo‘lida atom energetikasiga poydevor qo‘yilayotgani iqtisodiyot tarmoqlarida misli ko‘rilmagan yutuqlarga zamin yaratadi.
Binobarin, iqtisodiyot real sektori, sanoat tarmoqlari rivoji energetika bilan chambarchas bog‘liq. Biroq oxirgi o‘n yillikda birorta ham yangi elektr stansiyasi ishga tushirilmagani ta’minotda ayrim muammolarni keltirib chiqarayotgani hech kimga sir emas. Bu esa sohada muhim chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo qilayotgan edi. Demak, eng oqilona yo‘l — atom elektr stansiyasi qurilayotgani masalaning maqbul yechimidir.
Soha mutaxassislari yaxshi bilishadiki, hozirgi kunda AESning o‘rnini bosa oladigan boshqa yechim yo‘q. Uning afzalliklarini to‘rtta yo‘nalishda yaqqol ko‘rish mumkin. Birinchisi, ekologik tozaligi, ikkinchisi, xavfsizligi, uchinchisi, iqtisodiy samaradorligi, to‘rtinchisi, davlatning umumiy rivojlanishidagirolining beqiyos ekanidir.
AESning atrof-muhit, ekologiyaga ta’sirini issiqlik yoki gidroelektrstansiyalarniki bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, juda oz. Masalan, quvvati o‘rtacha 1 gigavattlik IESda ko‘mir yoqilishi oqibatida 2 million tonnadan ortiq kul hosil bo‘ladi. Bundan tashqari, 300 metrdan baland bo‘lgan quvurlar orqali tutun bilan birga, 40 ming tonna uchuvchi kullar ajralib chiqadi. Buni qarangki, shu hisobda IESda atrof-muhitga ajralib chiqadigan zararli moddalar AESdagiga nisbatan 11 barobar ko‘p. Bu miqdor jihatidan, albatta.
Endi sifat darajasiga kelsak, AESda ajralib chiqishi mumkin bo‘lgan inert gazlarning yarim yemirilish davri bir necha soatdan 6 — 8 kungacha, xolos. IESdan chiqqan moddalar uzoq yashaydi, ularning yarim yemirilish davri esa bir necha ming yilga yetadi.
Yana bir misol. Agar hozir ishlab turgan AES faoliyatini to‘xtatib, ular ishlab chiqaradigan elektr energiyalari ko‘mirda ishlaydigan IESda hosil qilinsa bormi, bir yilda qo‘shimcha ravishda 380 million tonna karbonat angidrid gazi ajralib chiqar ekan. Yana bir muhim jihati, AESda qo‘shimcha iqtisodiy sarf-xarajatlar talab etilmaydi.
Ta’kidlash kerakki, yurtimizda elektr energiyasining qariyb 85 foizi gaz va ko‘mir yoqish orqali, qolgan 15 foizi gidroelektrstansiyalarda ishlab chiqariladi. Ushbu yer osti boyliklari yil sayin kamayishi, demakki, narxining oshib borishi tabiiy. Uglevodorod yoqilg‘isi yordamida olinadigan elektr energiyasi tannarxining 65 — 70 foizini yoqilg‘i narxi tashkil etsa, uran narxi yadroviy yoqilg‘i tannarxining atigi 4-5 foizdan oshmaydi. Ya’ni uran narxining o‘zgarishi elektr energiyasi bahosiga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. U bir necha o‘n yillardan keyin ham o‘zgarmasligi mumkin. Shu ma’noda, AES hozirgi kunda eng arzon elektr energiyasi manbai hisoblanadi. U IES bilan taqqoslanganda 1,5-2 barobar, quyosh energiyasiga qaraganda esa 5 barobar arzon.
Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda barpo etiladigan atom elektr stansiyasi 2 energoblokdan iborat bo‘lib, har birining quvvati 1 ming 200 megavattga teng bo‘ladi. Bu — juda katta raqam. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 18 — 20 foizi, deganidir. Shubhasiz, bu iqtisodiyotimizda keskin o‘zgarishlarga turtki beradi.
Yangi quvvat foydalanishga topshirilgach, yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Ko‘rinib turibdiki, shuncha miqdordagi qimmatbaho resursni boshqa sohalarda foydalanish, qo‘shimcha qiymat yaratish, bir necha barobar ko‘p daromad topish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Tinch maqsadlarda foydalanish uchun mamlakatimizda ekologik toza, iqtisodiy samarador sanalgan atom energetikasining barpo etilishi, eng avvalo, energiya resurslariga nisbatan ichki ehtiyojni kafolatli ta’minlash, eksportni ko‘paytirish, iqtisodiy farovonlikka erishish, muhimi, kelajak avlodga tabiiy resurslarni yetkazishda ulkan o‘rin tutadi.
Ilhom SODIQOV,
Yadro fizikasi instituti direktori o‘rinbosari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring