Tilsiz tilsim
Bugun qoʻlimizdan tushmayotgan, bir qarashda hayotimizni yengillashtirayotgandek tuyuladigan telefon aslida koʻpchiligimizni sezdirmay oʻz domiga tortmoqda. U gapirmaydi, ammo buyuradi. U chaqirmaydi, ammo oʻziga tortadi. Shu bois ham telefonni “tilsiz tilsim” deb atash mumkin.
Avvallari telefon aloqa vositasi edi: uzoqdagilar bilan gaplashish, xabar almashish uchun xizmat qilardi. Bugun esa u butun bir dunyoni oʻz ichiga olgan maydonga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlar, oʻyinlar, videolar, yangiliklar — bularning barchasi insonni real hayotdan sekin-asta uzoqlashtirmoqda. Eng xavflisi, bu jarayonni koʻpchilik sezmayapti.
Telefonga qaramlik yosh tanlamaydi. Kattalar ish bahonasida ekranga qadalib qolsa, bolalar va oʻsmirlar uchun telefon koʻngilochar oʻyinchoqqa aylangan. Natijada oilaviy suhbatlar qisqaradi, bir dasturxon atrofida oʻtirgan odamlar ham bir-biri bilan emas, oʻz telefonlari bilan “muloqot” qilmoqda. Bu esa insonlar oʻrtasidagi mehr, eʼtibor kabi baʼzi bir tuygʻularni asta-sekin soʻndirmoqda.
Telefonga haddan tashqari bogʻlanishning salbiy oqibatlari koʻp. Bu haqda bila turib ham shunday qilishda davom etmoqdamiz. Avvalo, bu holat inson salomatligiga taʼsir qiladi: koʻzlar tez charchaydi, uyqu buziladi, asabiylik kuchayadi. Bundan tashqari, diqqatni jamlash qiyinlashib, oʻqish va ish samaradorligi pasayadi. Ayniqsa, yoshlar orasida vaqtni behuda sarflash odati kuchayib, maqsad va orzular tomon harakat qilishda sustkashliklarga yoʻl qoʻyishmoqda.
Yana bir muhim jihat — ruhiy holat. Ijtimoiy tarmoqlardagi sunʼiy “mukammal hayotlar”ni koʻrgan inson oʻz hayotidan qoniqmay qoʻyishi mumkin. Bu esa tushkunlik, oʻziga boʻlgan ishonchsizlik hissini kuchayishi kabi muammolarni keltirib chiqaradi. Aslida esa koʻplab suratlar va videolar haqiqatni emas, bezatilgan bir lahzani aks ettiradi.
Albatta, muammo telefonning oʻzida emas, undan foydalanish madaniyatidadir. Telefon hayotimizga xizmat qilishi kerak, hayotimizni boshqarmasligi lozim. Vaqtni rejalash, ekran qarshisida oʻtirishni cheklash, oilaviy va doʻstona suhbatlarga koʻproq eʼtibor qaratish — bular telefonga qaramlikdan qutulishning oddiy, ammo samarali yoʻllaridir.
Telefon — kuchli vosita. U bilim manbai ham boʻlishi mumkin, vaqt oʻgʻrisi ham. Tanlov esa har birimizning qoʻlimizda. Agar biz uni boshqara olsak, telefon foyda keltiradi. Aks holda, u bizni real hayotdan uzib qoʻyadigan “tilsiz tilsim”ga aylanib qolaveradi.
Mushtariy TOSHPOʻLATOVA,
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi
ijod maktabining bitiruvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Tabiat va sivilizatsiya uyg‘unlashgan shahar – Syurixdan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring