Tilning ofati — nutqning nomaʼqulligida

Til insoniyatning muloqot vositasi. U asosan odamlarning nutqida va yozuvlarda yashaydi. Demak, ommaviy chiqishlarda albatta nutqning adabiy normalar darajasida boʻlishiga erishish maqsadga muvofiq. Shevaga xos boʻlgan til vositalarini nutqqa oʻrinsiz olib kirish uni buzadi, albatta. Rosti, tilimizga beparvolik bor holat. Ushbu umumiy loqaydlik matbuot tiliga, badiiy tilga ham oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatadi va afsuski koʻrsatmoqda. Hayotimizdagi asosiy targʻibotchi hisoblangan televideniyeda esa nutqdagi gʻalizliklarning kuzatilishi bizning maʼnaviyatimizga aslo yarashmaydi. Zero, bobomiz Alisher Navoiy oʻzining «Mahbub ul-qulub»asarida:
Til – shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir.
Agar nutq nomaʼqul boʻlib chiqsa – tilning ofatidir, deya bejiz taʼkidlamagan.
Til pala-partish va kirib keladigan yot soʻzlar hisobiga qashshoqlashadi. Keyingi paytlarda shu salbiy hodisa kuzatilyapti, odamlarda tilimizga boʻlgan eʼtibor pasayib ketyapti. Bu esa, tilning kelajagini xavf ostiga qoʻyadi.
Odatda tilni buzib gapirishda yoshlarni koʻproq ayblab kelamiz. Afsuski, yoshi kattalar ham oʻz nutqini nazorat qilmasligi, oʻzini “madaniyatli” qilib koʻrsatmoqchi boʻlishi, oʻzini ruschani ham bilishini namoyish etishga intilishi orqasidan varvarizmlar nutqimizga kirib kelmoqda. Achinarli jihati bunga quloqlarimiz ham oʻrganib qolmoqda. Misol uchun, «shes sekundda yest qilamiz», «peshaxodda toʻxtang», «karochi gaplashamiz», «ajidaniya ekansiz», “bu sening problemang”, «ochirid koʻp ekan», «ishlaring chyotkimi», «telefoningiz zanyat», «uje hal boʻldi bratan», “zakaz qildim”, «produktaga ketabman» kabilarni koʻplab keltirish mumkin. Eng yomoni, tashqaridan kimdir oʻzbekcha soʻzlarni tilimizdan majburan siqib chiqarmayapti, oʻzimizning ixtiyorimiz bilan qilyapmiz buni. Bularni tanqid emas, kuyunchaklik deb qabul qiling. Sababi, yon qoʻshnimiz afgʻonistonlik yosh oʻzbeklarning ona tilimizda soʻzlashi va unga boʻlgan yuksak eʼtiborini shaxsan guvohi boʻlib, xijolatda qolganim bor gap.
Fikri ojizimizcha, yuqoridagi nomaqbul soʻzlarni ishlatmaslik, nutqda ravonlikka erishishda koʻproq kitob oʻqish, badiiy kitoblar mutolaasi bilan tizimli ravishda mashgʻul boʻlish, nutqqa beparvolik bilan qaramaslik, soʻzni qadrlash, “soʻzni koʻngilda pishitmaguncha tilga olma” hikmatiga amal qilish, oʻz tiliga hurmat bilan qarash, farzandlarimizni yoshligidan yuqoridagi keltirilgan mulohazalarga amal qilishiga oʻrgatish hamda til qaygʻusini xalq harakatiga aylantirish zarur deb hisoblaymiz.
Tilimizning rivojlanishi uchun davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli amalga oshirilayotgan ishlar uning nufuzi va mavqeining oshishida muhim qadam boʻlmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida dunyo parlamentlari oʻrtasida oʻxshashi yoʻq boʻlgan Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi faoliyat olib boradi. Komissiya – qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq holda, turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda, yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishini, qonun loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha ish olib boradi.
Toʻgʻrisi, keyingi vaqtlarda deputatlar tomonidan qonun loyihalarining muhokamasi jarayonida oʻzbek tili qoidalariga ham alohida eʼtibor qaratilayotganligi xursand qiladigan jihat. Lekin, hali qonun ijodkorligi sohasida til qoidalariga amal qilish boʻyicha talaygina ishlar mavjud.
Yana bir jihat. YUNESKO maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda sayyoramizda 7 ming atrofida til mavjud boʻlib, ularning 90 foizi yoʻqolib ketish arafasida turibdi. Oʻtmishda 9 mingdan ortiq til mutlaq yoʻqolib ketgan. Til saqlanib qolishi uchun unda kamida bir million kishi soʻzlashishi lozim. Bunday tillar dunyoda atigi 250 tani tashkil etadi. Bugungi kunda oʻzbek tilini dunyo boʻyicha 30 milliondan koʻproq odam ona tili deb biladi. Unda soʻzlasha oladiganlar soni esa taxminan 50 millionga yetibdi.
Bundan koʻrinadiki, tilimiz yoʻqolib ketmaydi, ammo buzilib ketayotgani koʻngillarda xavotir uygʻotadi.
Lingvist olimlarning fikricha, yana 25 yildan soʻng hozir muomalada boʻlgan tillarning oʻntasidan bittasi saqlanib qolar ekan.
Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: «Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur»,-degan edi. Darhaqiqat, tilimizning obroʻyi, uning sofligi va taraqqiyoti haqida barchamiz qaygʻurishimiz zarur. Zero, til — davlat timsoli.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Qonunchilik palatasidagi Normativ-huquqiy atamalar
komissiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring