Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish tizimi toʻliq oʻzgardi

18:01 02 Noyabr 2023 Jamiyat
380 0

Avval xabar berganimizdek, Prezidentimizning 2023-yil 20-iyundagi tegishli qaroriga muvofiq tashkil etilgan Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markaziga malaka toifalari berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali uning shaffofligini taʼminlash vazifasi yuklatilgan edi.

Mazkur topshiriqqa koʻra, malaka toifasi berishda hujjat topshirish va attestatsiyadan oʻtkazishning mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizimi yaratildi.

Xususan, Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi bilan birgalikda yaratilgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish hamda ularga sertifikat berish axborot tizimi — tibtoifa.ssv.uz ishga tushirildi.

Shu asnoda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi berish boʻyicha yigʻmajild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilindi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berilganligini tasdiqlovchi qogʻoz shaklidagi sertifikat berish amaliyotiga ham barham berilib, hisobga olish seriyasi, tartib raqamiga ega, QR-kodi qoʻyilgan elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etildi.

Yangi tizim asosida onlayn tartibda malaka toifasi berish boʻyicha dastlabki attestatsiyalarni joriy yil 16-sentyabrdan boshlab oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Ogʻzaki imtihonlar (suhbat) onlayn shaklda maxsus dastur orqali Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun Markaz binosida zarur qurilmalar bilan jihozlangan xonalarda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi mutaxassislar uchun muassasaning hududlardagi ana shunday xonalarida oʻtkazilmoqda.

Onlayn tartibdagi ogʻzaki imtihon uchun beriladigan bilet savollari “Random” (inson omili minimallashgan, kompyuter texnologiyasi yordamida tasodifiy savol tanlash) dasturi orqali tanlanishi yoʻlga qoʻyildi.

Biletlar 5 ta savoldan iborat boʻlib, ularga javob berish uchun 15 daqiqa vaqt ajratiladi va har bir javob 10 ballik tizimda baholanadi. Imtihon yakunida ushbu dastur umumiy ballarning oʻrtacha qiymatini hisoblab, oʻsha zahoti eʼlon qiladi.

Attestatsiya jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida onlayn translyatsiya qilinadi.

Mazkur tizimning yana bir afzalligi shundaki, endilikda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjat topshirish hamda attestatsiyadan oʻtish uchun ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflab poytaxtga kelishiga butunlay chek qoʻyildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 18-sentyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, malaka toifasi berish boʻyicha Davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?