Tergovda son emas, sifat boʻlishi kerak — Shavkat Mirziyoyev

17:26 27 Yanvar 2026 Siyosat
272 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida tergov sifatini tubdan oshirish va uning shaffofligini taʼminlash huquqiy davlat barpo etish yoʻlidagi ustuvor vazifalardan biri boʻlib qolayotgani qayd etildi.

Yigʻilishda maʼlum qilinishcha, tergov boʻyicha kadr tayyorlash boʻyicha yaxlit tizim – Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi. Unda yiliga 200 dan ortiq tergovchi tayyorlanyapti.

Lekin poytaxtda ichki ishlarda 100 ta tergovchi lavozimi uch oydan buyon vakant. Bu yuklama ham boshqa xodimlarga tushgani uchun sifat yoʻqolib borayotgani qayd etildi.

“2025-yil sudda 422 ta shaxs oqlangani sudyalarni mustaqil qaror qabul qilayotganidan dalolat. Bu, albatta, yaxshi! Lekin masalaning ikkinchi tomoni bor. Shuncha shaxsning noqonuniy ayblanganiga kim javob beradi?

Tergovda son emas, sifat boʻlishi kerak. Shu bois, ilgʻor xorijiy tajriba asosida tergov idoralarining faoliyatini takomillashtirish zarur”, dedi Prezidentimiz.

Manfaatlar toʻqnashuvi boʻlmasligi uchun ichki ishlardagi tergovchilar oʻz xizmat vazifasini hududiy ichki ishlar rahbarlaridan mustaqil olib borishi juda muhimligi qayd etildi.

Mutasaddilarga tergov organlari faoliyatini va ish hajmiga mos ravishda shtatlarni qayta koʻrib chiqib, qaror va qonun loyihalari toʻplamini kiritish topshirildi.

Soʻnggi yillarda davlat boshqaruv organlarida ochiqlik va shaffoflik siyosati yuritilayotgani oʻz natijasini bermoqda. Lekin bu jarayon huquq-tartibot idoralarining ishiga sekin kirib kelayotgani, ularning faoliyati tashqaridan xolis oʻrganilmayotgani qayd etildi.

Bu idoralarning yopiq holatda ishlashi ularni oʻziga ham, jamoatchilikka ham foyda keltirmasligi, sohada oʻzgarish, rivojlanish boʻlmasligi taʼkidlandi.

Butun dunyoda huquq-tartibot faoliyati va qonuniylikni taʼminlashga javob beradigan adliya tizimi eskicha ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi. Endi adliya tizimini ham kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada birinchi qadam sifatida Adliya vazirligi tomonidan huquq-tartibot idoralarining faoliyatini “huquqiy audit”dan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. “Huquqni muhofaza qilish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, adliya organlarining aniq roli, yangi vazifa va vakolatlari belgilanadi.

“Biz Toshkent shahrida jinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim qilyapmiz.

Shu bois, poytaxtga respublikadan biriktirilgan masʼullar tumanga tushganda majlisbozlik bilan shugʻullanmasdan, aholi muammolarini eshitishi, yuqoridagi masalalar boʻyicha yangi tajribalar qilib, natija koʻrsatishi shart”, dedi davlatimiz rahbari yigʻilish yakunida.

Yigʻilishda huquq-tartibot idoralari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?