“Terakli”dagi mehr manzillari

11:36 10 Aprel 2025 Jamiyat
202 0

Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. Inson qalbiga iliqlik olib kiruvchi, mehr bilan uzatilgan har qanday koʻmak uning hayotiga nur, yorugʻ kunlarga umid emas, qatʼiy ishonch baxsh etadi. Mehr qoʻlida mana shunday qudrat bor. Ezgu maqsad yoʻlida jon kuydirayotgan yurtdoshlarimizdan biri Olmaliq shahrining “Terakli” mahallasidagi kompleks ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodimi Munisa Abdullayevadir.

Mahallada 160 ta xonadondagi 354 ta oilada 1068 kishi istiqomat qiladi. Har bir xonadonga, har bir oilaga individual yondashilmoqda. Ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslar, kam taʼminlanganlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.

— Har bir insonning orzusi, ehtiyoji bor. Ularni eshitish, dardiga quloq tutish va malham boʻlish – kasbiy vazifamizdir, — deydi Munisa Abdullayeva. — Yordam olgan insonning minnatdorligi, ularning oilasidagi mamnuniyat yurtimizda inson va uning manfaatlari hamma narsadan ustun ekanini, mamlakatimizdagi kuchli ijtimoiy himoya odamlar hayotiga yorugʻlik olib kirayotganini amalda tasdiqlaydi.

Mahallada koʻmakka muhtoj oilalar yoʻq emas. Ularning turmushini yaxshilash, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan Abduvahob Minniboyevga protez-ortopediya vositalari xarid qilindi. Shuningdek, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali unga kiyim-kechak va moddiy yordam ham koʻrsatildi.

Ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan Sherzod Jumanazarovga ham koʻmak koʻrsatilib, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan dars stoli bilan taʼminlandi.

Hozirgi kunda ushbu mahallada yashovchi 7 ta oila Ijtimoiy reyestrga, 2 ta oila esa Kambagʻallik reyestriga kiritilgan. Ularning har biri bilan alohida ishlar olib borilmoqda. Ijtimoiy reyestrdagi oilalar orasida Safargul Akbayeva uchun mikrotoʻlqinli pech olib berilgan boʻlsa, Muyassar Zokirovaga ham xuddi shunday uskuna yetkazildi.

Pokiza Toirova oʻzining oilasi bilan muhtoj holatda boʻlgan fuqarolardan biri edi. Uning farzandlariga dars stoli va oʻyinchoqlar yetkazildi. Bundan tashqari, unga dori-darmon xarajatlari uchun moddiy yordam berilib, hozirda “Biznesga birinchi qadam” loyihasi asosida imtiyozli kredit ajratilmoqda.

— Bolalarim uchun dars stoli, oʻyinchoqlar ajratilgani, kamiga moddiy yordam berilganligidan juda quvondik. Endilikda oʻzimiz ham harakat qilib, nafaqat hayotimizni, balki farzandlarimiz kelajagini ham oʻzgartirishga, yaxshilashga intilamiz, — deydi Pokiza Toirova.

Ayni paytda Olmaliq shahridagi 52 ta mahallada 51 nafar ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodim faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda 3 926 nafar fuqaro murojaati qabul qilinib, ularning 80 foizdan ortigʻi ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar yuzasidan oʻrganishlar davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер