“Temir daftar” roʻyxatidagi oilalar farzandlariga kontraktini qoplash uchun 4 mln.gacha moddiy yordam beriladi
Oliy va oʻrta taʼlim vazirligi jamoatchilik tomonidan pandemiya sharoitida oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish narxlarini optimallashtirish borasida bildirilgan koʻplab murojaatlarni hisobga olib, ularni ijobiy hal qilish maqsadida Moliya vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarida mavjud barcha resurslarni safarbar etish hisobiga qator takliflarni ishlab chiqdi. Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Oliy taʼlim muassasalari tomonidan yetim, chin yetim, nogiron boʻlgan talabalarga hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, “temir daftar” roʻyxatidagi oilalar farzandlari boʻlgan talabalarga kontrakt toʻlovlarini qoplash uchun manzilli moddiy yordam koʻrsatiladi. Bunda oliy taʼlim muassasalari mavjud mablagʻlari hisobidan talabalarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, 4,0 mln. soʻmgacha moliyaviy yordam koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqiyotgan 4 ming nafardan ziyod talabaga shartnoma miqdorining 35 foizini toʻlash orqali moddiy yordam koʻrsatiladi. Ushbu moddiy yordam bir talabaga bir yilda 2,4 mln.soʻmdan 3,4 mln.soʻmgacha miqdorni tashkil etadi.
Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish (oʻzining, yigirma olti yoshga toʻlmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) taʼlim olishi) uchun toʻlovlarga yoʻnaltiriladigan, soliq solinishi lozim boʻlgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad soligʻidan ozod qilingan boʻlib, bunda bir nafar talaba uchun kontrakt toʻlagan oilaga bir yilda 770 ming soʻmdan 1 mln. 177 ming soʻmgacha mablagʻ daromad soligʻidan imtiyoz shaklida qaytadi.
Toʻlov-shartnoma asosida oʻqiydigan talabalarga shartnoma shartlarini bajarishda beriladigan chegirmalar hisobiga davlat byudjetiga ortiqcha yuk tushmasligi uchun oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoniga tegishli xarajatlar normativlari qayta koʻrib chiqiladi hamda ularda qoʻshimcha taʼlim xizmatlarni koʻrsatish hisobiga byudjetdan tashqari mablagʻlarni jalb qilish orqali chegirma xarajatlarini qoplash choralari koʻriladi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan sohada olib borilayotgan barcha saʼy-harakatlar, avvalo, talaba-yoshlarga zamonaviy ilmlarni egallashlari uchun qulay shart-sharoit va ijodiy muhitni yaratish hamda sifatli taʼlimni taʼminlab berishga qaratilgan. Shunday ekan, vazirlik talbalarni har qanday sharoitda ham asosiy maqsaddan chalgʻimaslik va oʻz sohasida yetuk mutaxassis boʻlib yetishish uchun tinimsiz izlanishdan toʻxtamaslikka chaqiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring