Teatr tomoshabin bilan fayzli

16:03 25 Mart 2025 Jamiyat
107 0

27-mart –Xalqaro teatr kuni

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyat musiqali drama teatri koʻp yillik tarixga ega. Unda xalqimiz ardogʻidagi Kamoliddin Rahimov, Habiba Oxunova, Tursunoy Mamedova, Oʻrinboy Nuraliyev singari zabardast sanʼatkorlar mehnat qilishgan. Bugun ular oʻrnini toʻldirgan bir qator iqtidorli yoshlarning intilishlari ham ustozlarnikidan kam emas. Oʻttiz bir nafarlik aktyorlar jamoasining toʻrt aʼzosi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoni sohibi, qolganlari “Madaniyat va sanʼat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Umidli yoshlardan biri Abror Muhiddinov Madaniyat vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tanlovda “Yilning eng yaxshi teatr aktyori” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi.

— Televideniye, kino, internet kuchayib borayotgan bir paytda yetarli auditoriyaga ega boʻlish teatr uchun osonmas. Azaldan ibratxona sanalgan maskanga kirgan kishining namoyish etilayotgan spektakldan yuragi “jiz” etmasa, ushlab qolish qiyin, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Risliqxon Majnunova. — Yaqinda oila aʼzolarimiz bilan “Alvido bolalik” spektakliga tushdik. Tohir Malik qissasi asosidagi asarning sahna talqini tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Yoshlar tarbiyasi uchun muhim boʻlgan shunday asarlar targʻibotiga koʻproq eʼtibor berish kerak.

Repertuarni tomoshabinga maʼnaviy ozuqa beradigan asarlar bilan toʻldirish harakatidagi ijodiy jamoa keyingi yillarda “Alvido bolalik”dan tashqari Haydar Muhammadning “Hazilkash shoh” ertak komediyasi asosidagi “Hasanboyning sarguzashtlari”, Xayitmat Rasulning “Zebuniso” musiqali dramasi boʻyicha sahnalashtirilgan spektakllarni muxlislar hukmiga havola etdi. Qahramonlar siymosi mahorat bilan shakllantirilgani bois tomoshabin namoyish oxirigacha diqqat bilan koʻradi.

— Oʻtgan mavsumda spektakllarimiz 231-marta namoyish etilib, yuz mingga yaqin kishi tomosha qildi, — deydi truppa rahbari Baxtiyor Jalilov. — Muxlislar orasida talabalar koʻp. Har oyning bir sanasi teatr kuni, deb eʼlon qilingandan soʻng mehnat jamoalari, mahallalardan keluvchilar ham koʻpaydi.

Ijodiy safarlar teatr nufuzini oshiradi. Ozarbayjon, Qirgʻiz Respublikalari, Janubiy Koreyaga tashriflar oʻzbek teatr sanʼatining xorijdagi targʻiboti sifatida muvaffaqiyatli kechdi. Ayniqsa, Koreyadagi uchrashuvlar har ikki tomonning yodida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Koreys sanʼatkorlari bilan oʻtgan yilda Namanganga 63-Xalqaro gullar festivaliga kelgan chogʻda madaniy hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Hamyurtlarimiz oktyabr oyida koreyslarning 70-Beakje milliy festivaliga qatnashdi.

— Vakillarimiz festival qatnashchilariga maxsus teatrlashtirilgan dasturni tuhfa etishdi, — deydi direktor oʻrinbosari Nuriddinxoʻja Abdurahimov. — Ular tomonidan ijro etilgan “O yalli, yalli”, “Namanganning olmasi” taronalari, milliy qoʻshiq va laparlar hamda “Maysaraning ishi”, “Bogʻbon qiz” spektakllaridan namoyish etilgan parchalar, doira va karnay sadolari katta olqish bilan kutib olindi.

27-mart – Xalqaro teatr kuni. Bu sana viloyatdagi bosh sanʼat dargohida ham munosib kutib olinmoqda. Shu munosabat bilan eʼlon qilingan haftalik davomida bepul tomoshalar tashkil etilib, har kuni bir asar namoyish qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер