“TasIMO-2025” Toshkent xalqaro matematika olimpiadasining gʻolib va sovrindorlari munosib taqdirlandi

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq so'zi”
Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 18-21-may kunlari Toshkent shahridagi Xalqaro Nordik universitetida matematika fanidan iqtidorli oʻquvchi-yoshlar uchun muhim bellashuv — “TasIMO-2025” Toshkent xalqaro matematika olimpiadasi final bosqichi oʻtkazildi.
Toʻrt kunlik ilmiy va madaniy faoliyatlarni qamrab olgan mazkur olimpiada Xalqaro Nordik universiteti, IDC taʼlim markazi tashabbusi bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Bolalar Ombudsmani, Jahon banki, UNICEF xalqaro tashkiloti, Rovan universiteti (AQSh) va Kareliya amaliy fanlar universiteti (Finlandiya), “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari hamda UzReport TV hamkorligida tashkil etildi.
Bugun, 21-may kuni Toshkent shahar Yoshlar ijod saroyida mazkur nufuzli olimpiadaning natijalari eʼlon qilindi hamda gʻolib va sovrindorlar pul va esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi. Shundan soʻng tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash joiz, “TasIMO-2025”da hakamlikning shaffof boʻlishi asosiy mezonlardan biri sifatida qaraldi. Shu nuqtayi nazardan olimpiadaning hakamlar hayʼatiga xalqaro ekspertlar ham jalb etilgan. Xususan, Eron, Malayziya, Slovakiya, Chexiya, Ruminiya, AQSh kabi xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mutaxassislar yosh matematiklarning bilimini sinovdan oʻtkazdi.

Toshkent xalqaro matematika olimpiadasining II mavsumida yana bir yangilik, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti, matematik olim, Oʻzbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov nomidagi gran-pri taʼsis etildi. Ushbu sovrinni Oʻzbekiston sharafini himoya qilib, musobaqa boʻyicha eng yuqori natijani qayd etgan Asadbek Boboqulov qoʻlga kiritdi. Ishtirokchi taqdirlash marosimi doirasida mazkur gran-prini muallifning qoʻlidan qabul qilib oldi.
“TasIMO-2025” tashkilotchilari yopilish marosimining taʼsir doirasini kengaytirish hamda hayajonlarga boy tarzda oʻtkazish maqsadida gʻolib va sovrindorlar nomini real vaqt kesimida eʼlon qilib borilishini taʼminladi. Bu esa yigʻilganlarga oʻzgacha kayfiyat bagʻishlashga hissa qoʻshdi.

Quyidagi rasmlarda siz Toshkent xalqaro matematika olimpiadasi final bosqichida munosib ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan mahalliy va chet ellik oʻquvchilar roʻyxati bilan tanishishingiz mumkin:
Qayd etish joiz, olimpiadada 1-,2- va 3- oʻrinlarni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar mos ravishda oltin, kumush hamda bronza medallari, “TasIMO-2025” brendi tushirilgan maxsus statuetka, esdalik sovgʻasi bilan taqdirlanishdi. Bundan tashqari, 1-oʻrin sohibiga 1000, 2-oʻrin uchun 600, 3-oʻrinni egallagan qatnashchiga esa 400 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti taqdim etildi.



Shuningdek, xalqaro tajriba boʻyicha yana bitta nominatsiya eʼlon qilindi. Unga koʻra, bitta masalani toʻliq, 100 foiz aniqlik bilan ishlagan oʻquvchilar uchun faxriy diplom taʼsis etildi. Mazkur nominatsiya gʻoliblari quyida keltirilgan:
Taqdirlash marosimi yakuniga yetgach esa tadbirning badiiy qismiga navbat berildi. Sahnada Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston, Tatariston, Boshqirdiston Respublikalari xalq artisti, Xalqaro Nordik universiteti faxriy professori Jinsbek Piyazov hamda uning shogirdlari Ulugʻbek Hafizov va Yasmina Husniddinova qoʻshiq kuyladi.
Tomoshabinlar eʼtiboriga qiziqarli boʻlgan lazer shou ham havola etildi.
Тайёрлади:
Муҳсин Умурзоқов / «Халқ сўзи»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “JCH-2026”ga Osiyodan toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritgan terma jamoalar maʼlum
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
- Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Bitiruvchi – 2025” tantanali marosimi boʻlib oʻtdi
- Tanzila Narbayeva “Better Cotton” xalqaro tashkiloti bosh direktori Alan Makkley bilan uchrashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring