Tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi baholanadi — Prezident qarori

Foto: Arxiv surat
“Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–81-son, 12.01.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi.
Bunda reyting baholash quyidagi 5 ta yoʻnalish boʻyicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshiriladi:
- davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi va amaliyotga tatbiq etilganligi;
- korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish boʻyicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;
- davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni koʻrsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;
- xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;
- korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarining samaradorligi.
Reyting baholash tizimi 2022-yil 1-fevraldan boshlab, eksperiment tariqasida, oʻz faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan 26 ta davlat tashkilotlari faoliyatiga, 2022-yil 1-iyuldan barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.
Reyting baholash “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali tashkil etiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratiladi.
Bunda, faoliyati:
- “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilanadi va amalga oshiriladi;
- “qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha tavsiyalar kiritiladi;
- “qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi, uning ijrosi yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlarini har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning yigʻilishlarida eshitiladi.
Ketma-ket ikki yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilgan davlat tashkilotlari rahbarlariga intizomiy javobgarlik choralarini qoʻllash masalasi koʻrib chiqiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbek va belarus kinoijodkorlari tomonidan “Osiyo arsloni” filmining suratga olish ishlari boshlandi
- OTMlarga qabul kvotalari eʼlon qilindi
- Germaniya tashqi ishlar vaziri Berbok Rossiyani oziq-ovqat urushi olib borayotganlikda aybladi
- Aholining naqd pulga boʻlgan talabini toʻliq qondirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralar mavjud — Markaziy bank
- Peruda ayol oʻzining dafn marosimida qayta tirildi
- Oziq-ovqat allergiyasidan koʻproq bolalar aziyat chekadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring