Tashabbuslarimiz BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda
Foto: Illustrativ foto
2-mart – Oʻzbekiston BMTga aʼzo boʻlgan kun
1992-yil 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi BMTga yangi suveren, jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi sifatida kirdi. Oʻzbekistonni tashkilotga qabul qilish toʻgʻrisidagi qaror BMT Bosh Assambleyasining 46-sessiyasida ovozga qoʻyilmagan holda qabul qilindi. AQSHning Nyu-York shahridagi BMT shtab-kvartirasi oldida mustaqil Oʻzbekiston bayrogʻi koʻtarilgan ushbu kun davlatimiz tarixida katta ahamiyatga ega boʻlgan bosqich boʻldi. BMT yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlarning va millatlarning oʻzaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945-yil 24-oktyabrda fashizm ustidan gʻalaba qozongan mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot.
Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyodagi yagona, tom maʼnoda universal xalqaro tashkilot hisoblanadi. BMT davlatlarning oʻz sarhadlaridan tashqariga chiqadigan masalalarni hal etib kelmoqdaki, bu muammolarga birorta mamlakatning yolgʻiz oʻzi yechim topishi mumkin emas. Bundan 30 yil oldin yangi demokratik davlat – Oʻzbekiston Respublikasi Tashkilotning teng huquqli aʼzosiga aylandi. Shundan buyon biz oʻz masalalarimizni hal etishda har doim BMTning koʻmagiga tayanib kelmoqdamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72 va 75 va 76sessiyalarda tarixiy nutq soʻzladi. Ularda bir qator masalalar, jumladan, BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va Bosh Assambleyaning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orol dengizi qurishi muammosi, qoʻshni mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari, Afgʻonistonda tinchlikka erishishning maʼrifiy yoʻllari masalalariga alohida toʻxtaldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasidagi chiqishi, yuksak minbarda turib ona tilimizda maʼruza qilishi barchamizning qalbimizni gʻururga toʻldirdi. Maʼruzani OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali milliardlab insonlar tomosha qildi, tingladi. Bu tarixiy voqea ona tilimizga boʻlgan cheksiz hurmat, milliyligimizni, oʻzligimizni qadrlashga boʻlgan yuksak ehtirom belgisidir. Bunaqasi hali na eski va na yangi tariximizda kuzatilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. BMTning ham Oʻzbekistonga qiziqishi yuqori. BMT Bosh kotiblari: 2002-yil oktyabr oyida Kofi Annan, 2010-yil aprel oyida hamda 2015-yilda Pan Gi Mun, shuningdek, 2017-yil iyunda Antoniu Guterrish Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Gap shundaki, Oʻzbekiston har doim tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlikni taʼminlabgina qolmay, boshqa davlatlarni ham shunga undaydi. Har doim xavf-xatarlarni avvaldan sezib, ularning oldini olish yoʻllarini koʻrsatib, tinchlik va barqarorlik uchun jon kuydiradi. Mintaqaviy va xalqaro masalalarda BMT hujjatlaridagi huquqiy meʼyorlarga rioya qilish, turli ziddiyatlarni faqat tinch, siyosiy yoʻl bilan hal etish zarurligini taʼkidlaydi. Bu – dunyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida tuzilgan BMTning asosiy faoliyatiga oʻziga xos tayanch va quvvat boʻlmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oʻzbekiston bilan munosabatlarga alohida eʼtibor qaratishi bejiz emas. Chunki Oʻzbekiston har qanday vaziyatda ham tinchlik, barcha muammolarni tinch va siyosiy muzokaralar yoʻli bilan hal etish tarafdori, hamkorlik tashabbuskoridir. Bunday ezgu siyosat izchil davom ettirilmoqda, umumiy taraqqiyotga xizmat qilmoqda.
Maʼlumki, 2015-yili BMTga aʼzo-davlatlar 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qilgandi. Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha Milliy indikatorlar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda. Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha oʻzining birinchi Ixtiyoriy milliy sharhini keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazib, BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etdi.
Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan soʻng qoʻshilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjat boʻldi va u tufayli Oʻzbekiston BMTning tegishli konvensiyaviy organlariga oʻzining davriy milliy maʼruzalarini muntazam ravishda taqdim etish orqali inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni izchillik bilan va qatʼiy ravishda bajarib kelmoqda. Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilishni taʼminlaydigan milliy qonunchilik meʼyorlarida oʻz ifodasini topgan.Darvoqe, 2020-yilning 13-oktyabrida Oʻzbekiston 47 davlat aʼzoligidan iborat Inson huquqlari kengashiga aʼzoligiga qabul qilingani yurtimizga boʻlgan ishonch yuqoriligini isbotladi. Kengash kotibiyatiga koʻra, har bir aʼzo oʻz majburiyatlarini yodda tutishi, inson huquqlari va erkinliklari bilan bogʻliq mezonlarga amal qilishda namuna boʻlishi lozim. Respublikamiz bunday sinovlarga tayyor. Oʻzbekistonning mana shunday yuqori organga intilganining asosiy sababi davlat bu aʼzolik yuklaydigan majburiyatlarni bajarishga hamda inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga bel bogʻlaganidan dalolatdir. Zero, Oʻzbekiston huquq tashkilotlarining tavsiya va xavotirlariga befarq emas. Hukumat Oʻzbekistonda ham, jahon boʻylab ham huquq va qonun ustuvorligi bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanishini xohlaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlaganida, mamlakatda islohotlar davom etadi, adolat va taraqqiyot tomon qadam tashlashdan toʻxtamaydi va ortga qaytmaydi, deya bejiz taʼkidlamadi. Eng avvalo, xalqaro sahnadagi faollik Oʻzbekistonda shu kungacha huquq va qonun ustuvorligi borasida erishilgan yutuqlar asrab-avaylash uchun imkon beradi. Boz ustiga, davlat idoralarida masʼuliyatni oshirish, ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, majburiy mehnatga qarshi kurash, afv etish va oqlov, adliya islohoti, sud mustaqilligi, urush maydonlaridan vatandoshlarni olib kelish, qiynoqlarga bahram berish, jazoni oʻtash muassasalarini monitoring qilish, jinsiy tenglik va boshqa jabhalarda ham ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshirishni davom ettirish garovi hamdir. Oʻzbekistonda xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun iroda yetarli. Oliy Majlisda buning uchun maxsus komissiya tuzilgan. Qonunchilar va butun tizim keyingi qadamlar haqida jiddiy bosh qotiryapti.
Aytish joiz, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tashkilot tizimidagi ixtisoslashgan tashkilotlar faoliyatlari va dasturlarini birlashtirib, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan birgalikda belgilangan asosiy yoʻnalishlarga qaratadi. Vakolatxona tarkibi BMTning: taraqqiyot dasturi (PROON), axborot va jinoyatchilik bilan aloqalar boʻlimi, giyohvandlikka qarshi kurash dasturi, qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasining vakolatxonasi, bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF), sanoatni rivojlantirish tashkilotining vakolatxonasi (YUNIDO), jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, aholi jamgʻarmasi va boshqa koʻpgina dasturlardan iborat. Bugungi kunda Oʻzbekiston hududlarida ishlayotgan BMT bilan hamkorlik dasturlari mamlakatni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishi shubhasiz. Rivojlanishga koʻmaklashish boʻyicha BMT birlashgan dasturi umumiy strategiyasi doirasida farovonlik, ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirishi, barqaror ekologik rivojlanishni taʼminlash va samarali davlat boshqaruvini amalga oshirish borasidagi chora-tadbirlarni qoʻllab quvvatlamoqda. BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining YUNESKO – maorif fan va madaniyat masalalari bilan shugʻullanuvchi tashkiloti – xalqaro hukumatlararo tashkilotiga ham Oʻzbekiston Respublikasi 1993-yil 26-oktyabrda aʼzo boʻlgan. YUNESKO doirasida Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino tavalludining 1000-yillik, Mirzo Ulugʻbekning 600-yillik, Amir Temurning 660-yillik tantanalari nishonlandi. YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Amir Temur haftaligi oʻtkazilib, “Temuriylar davrida fan, madaniyat va maorifning gullab yashnashi” mavzusida ilmiy konferensiya va koʻrgazmasi tashkil etildi. Toshkent shahrining 2000-yilligi, Xiva (1997-yil), Buxoro (1997-yil), Termiz (2002-yil) shaharlarining 2500-yilligi, Shahrisabz shahrining 2700-yilligi (2002-yil), Ahmad Al-Fargʻoniyning 1200-yilligi, Imom Buxoriyning 1225-yilligi (1998-yil), “Alpomish” xalq dostoni yaratilganligining 1000-yilligi (1999-yil), Avesto kitobi yaratilganligining 2700-yilligi (2001-yil) nishonlandi. YUNESKO bilan birga qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Boysun tumanida folklor festivali oʻtkazilib kelinmoqda.
BMT oʻz taraqqiyot dasturini amalga oshirishda dunyoning turli chekkalarida va yer yuzining barcha mintaqalarida oʻzining koʻplab ixtisoslashgan tashkilotlari va muassasalari orqali ham tinchlikni saqlashda, insonlar hayotidagi muammolarni bartaraf etishda salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. Toʻgʻri, ayrim davlatlar BMTga samarasiz, qogʻozboz va puch vaʼdalar beradigan davlatlar jamlanmasi sifatida tanqid qildi, yana boshqalar uni isloh qilishga daʼvat etmoqda. Shubhasiz, BMTga nisbatan ishonch oʻtgan oʻn yillikda yanada tushib ketdi. Tashkilot Bosh kotibi Antonio Guterrish ham Xavfsizlik kengashida soʻzlar ekan, BMT xartiyasi va asosiy maqsadlari chetda qolib ketayotganini taʼkidlagan edi. BMT borasida jahon boʻylab umidsizlik bilan tilga olinadigan fikrlardan biri shuki, uning yigʻinlari insonlar hayotiga biror ijobiy oʻzgarish olib kelmaydi. Ammo 1945-yilda, Ikkinchi jahon urushidan vayron boʻlgan dunyoni tiklash, uning tinchligini saqlash, inson erkin va farovon yashashini taʼminlash va adolatni targʻib qilish singari vazifalarni oʻz zimmasiga olgan, 193 davlat aʼzo tashkilot u qadar yomon ishlayotgani yoʻq. BMT dunyo boʻylab aʼzo mamlakatlarning sogʻliqni saqlash vazirliklari bilan yaqindan ishlab, tibbiy xizmat va salomatlikni taʼminlash uchun jonbozlik koʻrsatib kelmoqda. Bugun dunyoda bolalar oʻlimi, onalar oʻlimi kamaygan. Bu borada ulkan yutuqlarga erishildi. Millionlab insonlarning hayoti asrab qolindi. BMT va uning organlarisiz buni hech bir davlat eplay olmagan boʻlardi. Kasalliklar, epidemiyalar chegara tanlamaydi. Shunday paytda BMT ish berdi. Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi bobida ham shunday. Ekologiya himoyasida ham shu. BMT yetakchilik qilib, davlatlarni siyosatni inson manfaatlariga moslab belgilashga undab kelayotgani hammamiz uchun ijobiy samara. BMT insoniyatni barcha balolardan qutqara olmas, lekin uning hayoti yaxshilanishi, inson qadri, yashash uchun imkoniyatlari kengayishi uchun xizmat qiladi. Tinchlik, adolat, farovonlik sari qadam tashlashi uchun xizmatda. BMTning giyohvandlik moddalariga qarshi kurashish dasturi, qochoqlar ishlari boʻyicha Oliy komissar vakillari, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro valyuta fondi, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro Qishloq Xoʻjaligini rivojlantirish fondi, BMT ning maorif, fan va madaniyat masalalari boʻyicha YUNESKO tashkiloti, Sanoatni rivojlantirish boʻyicha YUNIDO tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotlari kabi Birlashgan Millatlar Tashkilotining koʻplab ixtisoslashgan muassasasi va tashkilotlari dunyoning deyarli barcha davlatlarida turli sohalarda islohotlar strategiyasi va kelayotgan yordamni muvofiqlashtirish, ijtimoiy sohadagi islohotlar, madaniy – maʼnaviy qayta uygʻonish, xususiylashtirish va xususiy sektorni rivojlantirish, atrof-muhitni himoya qilish, boshqaruv tizimini va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yoʻllari bilan ham dunyoda tinchlikni taʼminlashda oʻzining salmoqli hissalarini qoʻshib kelmoqda. Zero Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining XIX ta boblaridagi 111 ta moddalarining barchalari ham yer yuzida xalqlararo tinchlik va xavfsizlikni barpo etish bilan yoʻgʻrilgan.
Abduvali Soyibnazarov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring