Tarvuz bozorini kim nazorat qiladi?

17:36 08 Sentyabr 2025 Jamiyat
176 0

— Har yili shu — gʻallaga oʻroq tushgach, fermer bilan gaplashib, tarvuz-qovun ekishga tushaman. Masalan, bu yil 5 gektarlik paykalni 60 mln. soʻmga ijaraga oldim — saratonning boshidan kech kuzgacha. Uch gektari arpaning oʻrniga ekilgan tarvuz edi, erta yetildi. Birinchi hosildayoq 20 mingta tarvuz uzdim. Donasini 18 ming soʻmdan pulladim. Shuning oʻzi 360 mln. soʻmdan oshdi.

Endi xom-choʻt qilaylik: urugʻlikka 2,5 mln., yerni bir marta haydash-u ekinga uch karra mineral oʻgʻit, suspenziya sepishga 15 mln., ish haqiga 5 mln. soʻm ketdi. Xullas, sarf 82,5 mln. soʻm, bunga kutilmagan xarajatlarni qoʻshgan taqdirda ham, jami 90 mln. soʻm sarfladik, deylik. Hali tarvuz hosilining ikkinchi va uchinchi uzishi bor, buyam kamida 300 mln. soʻm daromad keltiradi. Agar kuzini bersa, 2 gektardagi tarvuzim ham pishadi va jami daromad 1 mlrd. soʻmdan oshadi. Ana shunda mendan oʻtadigan dehqon boʻlmaydi Arnasoyning Boʻston qishlogʻida!

— Siz-ku yerni ijaraga olib dehqonchilik qilyapsiz, fermerlarning oʻzi ham tarvuz-qovun ekkanmi?

— Ekkan, ammo kamroq. Endi afsus qilyapti, koʻproq eksam boʻlarkan, deyapti. Chunki oʻtgan yilgidan farqli ravishda bu yil tarvuz-qovunning bozori chaqqon boʻldi-da.

— Suv qanday, yetarlimi?..

— Hamma gap shunda-da, suv taqchil, ayrim paykallarga suv yetib bormaydi. Boʻlmasam, eh-he, qanchadan-qancha yer bor Arnasoyda, qani endi gʻalladan boʻshagan joylarning hammasiga ekin ekilsaydi. Koʻpchilik oʻtgan yili tarvuzni hech kim soʻramay qoʻygani, oqibatda dehqonlar katta zarar koʻrgani bois bu yil qoʻl siltashdi. Biz esa ekdik, Asqar akam bilan sherik boʻldim-u, tavakkal deya takroriy ekinga kuch berdik. Qarang, bizning paykalda birorta begona oʻt yoʻq, soʻligan palak ham uchramaydi. Chunki yerga urugʻ tushgandan beri koʻrpa-toʻshagim bilan shu paykal oʻrtasiga chodir tikkanman. Oʻzim dehqon, oʻzim qorovul, chopiqqa, begona oʻtni yoʻqotishga kelgan ishchilarga oshpazlik ham qilaman. Natija koʻrib turganingizdek zoʻr.

— Bu hududni Boʻston mahallasi dedingizmi? Sir boʻlmasa ismingiz...

— Ahror Baratov, ammo hamma Dehqonboy deydi, yosh boʻlsang-da, tarvuz-qovun yetishtirishga ustasan, deyishadi. Ochigʻi, ekinga ishlovim boshqalardan ortiq emas, ammo yerga mehrim baland.

— Tarvuzni koʻtarasiga sotdim dedingiz, xaridorlar shu yerlikmi?

— Ha, albatta. Sotish ulargayam tirikchilik-da. Aytaylik, mendan hozir kilosini 2 ming soʻm atrofida olsa, “betonka” boʻyidagi bozorda ikki yarimga chiqarib pullaydi, baʼzan Toshkentdan xaridorlar kelishadi. U yoqlarda tarvuzning kilosi 3 ming soʻmdan baland deyishadi. Aslida bizga farqi yoʻq, xaridor toʻlovni nasiya qilmasa bas. Naqdi asal-da.

...Arnasoydan qaytar chogʻ Ahror Baratov tilga olgan “M-39” avtomobil yoʻlining boʻyidagi qovun-tarvuz bozoriga nazar tashladik. Sotuvchi koʻp, xaridor ham oz emas, ammo mahsulotning sifatiga javob beradigan mutaxassis ham, uning ishxonasi ham yoʻq. Bozor degani ustigina yopiq holdagi rastalardan iborat, xolos. Terminal, bank kartasi degan narsalarni na sotuvchilar, na xaridorlar biladi. Naqd pulim yoʻq-da, desangiz “klik” qivoring, deyishadi. Tun-u kun odam tinmaydigan va doimo gavjum boʻladigan bu bozorda chakana pul aylanmaydi. Endi savol tugʻiladi: nega bu pul bankdan tashqarida, soligʻi toʻlanmasdan qovun-tarvuzlar ustida dumalayapti?..

Agar chiroyli oynavand doʻkonlar bunyod etilsa, sotuvchi maxsus kiyimda toʻliq tekshiruvdan oʻtgan qovun-tarvuzlarni xaridorga taklif etsa, bu narxga taʼsir qiladimi? Bu — birinchi masala, masalaning ikkinchi tomoni shundaki, yaxshi shart-sharoit yaratilsa, mutasaddilar Oqoltin tumani qovun-tarvuz bozoriga chet ellik sayyohlar-u biznesmenlarni ham taklif etishi, kelinchakning goʻshangasidek bezatilgan bozorda qovun sayli doimiy oʻtkazilishi mumkin. Shu tariqa biz yurtimizning yana bir goʻshasini gastronomik turizm maskaniga aylantirgan boʻlar edik.

Mehmonlar shu yerning oʻzida qovun qatori tarvuzni ham tilimga ajratadi, tatib koʻradi, soʻng mamnunlik bilan boshini chayqaydi-yu xaridorga aylanadi. Oʻshanda davlat Qaznasiga tushadigan moʻmaygina soliq salmogʻi ham paydo boʻladi. Bundan davlat ham, tarvuz-qovun yetishtirib dasturxonga qadar yetkazib kelayotgan dehqon-u uddaburon kishilar ham birdek manfaat topadi. Shunday emasmi?..

Abdunabi ALIQULOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер