Tarix bilan yuzma-yuz

14:30 19 May 2021 Madaniyat
815 0

Temuriylar tarixi davlat muzeyi. Madaniyat maskani eshigidan kirar ekansiz, zal shiftiga oʻrnatilgan muhtasham qandil nurlari atrofdagi suratlar va eksponatlarga ajib bir goʻzallik, sirlilik baxsh etayotganini his qilasiz.

Amir Temur davlatining hududi aks etgan xarita atrofida tomoshabinlar gavjum. Koʻzlari yulduzdek chaqnayotgan yoshlarning taassurotlari bir olam. Ular bu yerga kelib, goʻyo tarix bilan yuzma-yuz boʻlishdi.

Yoshlarga ana shunday imkoniyatni muzeyda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ochiq eshiklar kuni tuhfa etdi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan ekskursiyalar odatiy boʻlmay, muayyan mavzularga bagʻishlandi. Eksponatlar bilan tanishtiruvlar nafaqat oʻzbek, balki ingliz va rus tillarida olib borildi. Tomoshabinlar ekskursiya asnosida buyuk Sohibqiron bobomizning buyuk saltanatni barpo etishi, harbiy yurishlari ahamiyati, bu zotning notiqlik va diplomatlik fazilatlari, fan, taʼlim va madaniyat rivojiga homiylik qilgani, temuriylar tangalari haqida qiziqarli maʼlumotlarni bilib oldilar.

— Ochiq eshiklar kuni koʻtarinki ruhda oʻtdi, — deydi Temuriylar tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Shahnoza Miraliyeva. — Ushbu tadbirdan maqsad Amir Temur va temuriylar davriga oid noyob eksponatlarni targʻib qilish asosida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbiga milliy istiqlol gʻoyasini singdirishdan iborat.

Madaniyat maskanini tark etar ekanmiz, bugungi kunda vaqtini huda-behuda yumushlarga sarflayotgan ayrim yoshlar muzeylarga sayohat qilishni odatga aylantirishini xohladik. Zero, bu maskanlarda tarixdan tilsiz soʻzlovchi nodir ashyolar ularni sirli olamga olib kirishi shubhasiz.

Farangiz XOʻJAQULOVA,

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?