Tarbiya tabiatini tanlash mezoni yoxud fiziologiya fani haqida

16:36 30 May 2025 Ilm-fan
241 0

Mamlakatimiz taraqqiyotida ilm-fanning oʻrni doimiy ravishda ulkan va zalvorli, eng asosiysi, ilmiy izlanish natijalarining shaffof hamda jozibador boʻlishi bilan muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Sir emas, ilm-fan qonuniyatlari tabiatan insonning oʻz atrofida sodir boʻladi, uning qobiliyati va salohiyati tabiatan doimiy harakatda boʻladi, asta-asta ilmu fanga shaxs shakllanishi: irsiyat, muhit va eʼtiqodli amaliy axloqi bilan uzluksiz qiziqa boradi. Bu qiziqishning ilk davrlari, albatta, insonning oʻzini boshqara olishi – turli jismoniy harakatlari bilan takomillasha boradi. Shaxsning bosqichli anglashlari esa tabiiy holatda “til” hamda “matematika”ni oʻrganish ehtiyoji bolajonlarda ildiz ota boradi hamda ushbu bosqichlar oila, taʼlim tashkilotlari tizimida kengayib ketaveradi. Lekin, bu jarayonni ilmiy tushunib borish hech qachon zarar keltirmaydigan ish ekanligini tushunish juda muhim taʼsir etuvchi omil sifatida inson ongi – fiziologik oʻzgarishlar, aniqroq aytganda, tabiiy takomillashuvlarga bogʻlangan holda maʼnaviy-maʼrifiy rivojlana boradi. Umuman olganda, shaxs shakllanishida ilmu-fan bir tomondan juda sodda, ikkinchi tomondan taʼsir etuvchilar harakati bilan ongli ravishda murakkablashtiriladi.

Darhaqiqat, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining biologiya va ekologiya fakulteti, Odam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasining professori, biologiya fanlari doktori B. Zaripov va kafedra dotsenti, biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori G.B. Axmedova tomonidan yozilgan “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” darsligining mohiyati hamda mazmuniga oddiy oʻquvchisi sifatida oʻz fikr va mulohazalarimizni bildirishni lozim topdik.

Nazarimizda, darslik, yoki boshqa oʻquv adabiyotlari bilan tanishish jarayoni birinchi navbatda uning mundarijasidan boshlanadi. Bugun ham biolog olimlarning yozgan darsligi bilan tanishishni aynan mundarijasidan boshlashni niyat qildik. Boisi, ushbu darslikning mazmuni, ahamiyati, ilmiyligi va foydalanish sifati, asoslilik darajasi, dolzarbligi boʻyicha mazkur sohaning yetuk mutaxassislari oʻzlarining fikrlarini bildirishadi.

Fikrimizcha, mundarija har qanday asar – oʻquv adabiyotining mohiyati va zaruriyati, qolaversa, darslik mualliflarining zahmatli mehnatini koʻp hollarda isbot qilib bera oladi, ilmiy manbalarni oʻquvchilar manfaati bilan uygʻunlashtira oladi. Agarki, mundarija mazmuni ham bir murakkab, tushunarsiz va oʻqilishi qiyin boʻlgan jumlalardan iborat boʻlib, oʻquv adabiyoti mohiyati, mazmuni bilan uygʻunlashmasa, koʻp hollarda uni oʻqish zerikarli, toʻgʻrisi, taʼsirsiz “soʻz”lar jamlamasidan iborat boʻladi.

Ammo, keng jamoatchilikka mutolaa uchun taklif etilayotgan darslik mazmuniga bir eʼtibor qarating!

Darslik hajmi 660-betdan iborat. Unda soʻzboshi, kirish, 16 ta bob belgilab berilgan. Aynan, darslikdagi boblar ketma-ketligi va oʻqilishiga eʼtibor qaratsak, mundarija bilan tanishishning oʻzi oʻquvchini maʼlum bir tushunchalarga, mantiqiy fikrlashlarga olib keladi. Darslik odam va hayvonlar fiziologiyasiga kirishdan boshlanib, qoʻzgʻaluvchan toʻqimalar fiziologiyasi, mushaklarning tuzilishi va funksiyalari – mushaklar fiziologiyasi, nerv tizimining umumiy fiziologiyasi, nerv tizimining xususiy fiziologiyasi, sensor tizimi fiziologiyasi, oliy nerv faoliyati fiziologiyasi, endokrin tizim fiziologiyasi, qon tizimining fiziologiyasi, yurak fiziologiyasi, qon tomir tizimi fiziologiyasi – gemodinamika va limfa aylanishining tartibi, nafas olish fiziologiyasi, ayiruv fiziologiyasi, hazm fiziologiyasi, metabolizm va energiya almashinuvi fiziologiyasi asoslari hamda reproduktiv tizim fiziologiyasi nomlari bilan bogʻliq boblarga ajratilgan. Darslik mazmunini tashkil etgan mavzular soni 420 tani tashkil etadi. Shuningdek, 16 ta bobning har birida zamon talablaridan kelib chiqib, bob yuzasidan test, savol va topshiriqlar berilgan. Darslikda berilgan qisqartmalar roʻyxati, vaziyatni masalalar javoblari, glossariy hamda adabiyotlar roʻyxatining berilishi yaxlit ilmiy va amaliy bilimlarni oʻrganish hamda amalda sinab koʻrish, asosiysi, oʻz-oʻzini nazorat qilish vositalari bilan bir butun holda mujassamlashgan.

Mutaxassis boʻlmagan oʻquvchini ushbu darslikning mundarijasida berilgan mavzular oʻziga jalb qiladi hamda beixtiyor oʻsha mavzuni oʻqishga chorlaydi. Aynan, menga darslik mundarijasidagi “sensor tizim fiziologiyasi” bobi va undagi 27 ta mavzuni jiddiy oʻrganishga jalb qildi, balkim pedagog boʻlganligim uchun bu qiziqish paydo boʻlgandir. “Sensor tizimlar tana ichki muhitidan va atrofdagi muhitdan keladigan axborotni qabul qilib, tanib, tahlil qilib, ushbu axborot asosida adaptiv xatti-harakatlar shakllantiradi”, deb bayon etilgan hamda “ushbu jarayonlarni oʻrganadigan fiziologiya sohasi “sezgi fiziologiyasi” deb ataladi deyilgan. Shu mazmunning oʻzi fiziologiyaning tabiat va ijtimoiy hayotning yaqqol yetakchi sohasi deyishimizga hamda bu sohani oddiy masʼuliyat bilan har bir shaxsning ijodiy oʻrganish zaruriyati boʻlishi shart, degan xulosaga yetakladi.

Darvoqe, oʻquvchi sifatida fikr yuritsak, shaxsning shakllanishidagi yetakchi ustuvor talablar fiziologiya fani tomonidan oʻzlashtirilgan qonun-qoidalarga asoslanadi. Shu sabab shaxsning sekinlik bilan biologik rivojlanishi fiziologiya fanini har jihatdan oʻrganish va uning amaliy tatbiqlarini anglagan holda shaxsda shakllanib borishini tushungan holda kuzatib borish, ishonch hosil qilish, uning oʻzgarishlarini hujjatlashtirish hamda maʼlum yoʻnalishlarga asoslangan amaliyot – kasb-hunar oʻrganishning bosh boʻgʻini desak, hech mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, darslikning bu kabi chuqur ildizlari yuksak ilmiy madaniyat va bilimni talab etadi.

Biz insonlar asosiy vosita – kitob oʻqib-oʻrganish uchun faqat va faqat yozma manbalarga koʻp hollarda ishonch hosil qilmaymiz-da, aniqrogʻi, bu holatga koʻpam eʼtibor qilmaymiz. Ammo, taʼlim tarixidan ham maʼlumki, barcha ilmiy yangilik va oʻzgarishlarni oʻzida saqlab kelayotgan manbalar, yozma yoki bosma kitoblar asosida yechib boriladi. Ana shunga oid talabchanlik bizda biroz susayishi oqibatida ilmiy izlanishlarimiz anchayin amaliyotdan uzoqlashib qolgandek, koʻrinardi. Bu darslikda esa, kitobga ishonish kabi holatlarning mukammal tartibga keltirilganligiga guvoh boʻlishingiz mumkin. Jumladan, darslikda, fiziologiya – tabiat va taʼlimot degan maʼnoni berishi, va undagi dastlabki daraja – bu hujayra, chunki hayot hujayradan boshlanishi, fiziologik tadqiqotlar, ayniqsa, zamonaviy tibbiyotda juda muhim, aytish mumkinki, tibbiyot va veterinariyaning asosi, “miyasi” hisoblanishi batafsil yoritiladi.

Fiziologiya fani tarixiga oid miloddan avvalgi 6-5 asrlarda paydo boʻlgan va oʻsha davrning yunon tibbiyoti va tabiat falsafasi bilan bevosita bogʻliqligi haqida asosli fikrlar bildiriladi. Zotan, chin tarixiy haqiqatlardan kelib chiqib, fikr yuritadigan boʻlsak, qadimgi fiziologiya tarixi uchta davrga ajratilishiga aniqlik kiritiladi. Bular, birinchi davri Gippokrat (miloddan avvalgi 460-377-yillar) tibbiyot maktabi bilan, ikkinchi davri Aristotel (miloddan avvalgi 384-322-yil) asarlari bilan bogʻliqligi bayon etiladi. Oʻrta asrning atoqli olimi Ibn Sino (980-1037-yil)ning “Tib qonunlari” asari oʻsha davr fiziologiyasi uchun muhim bir asos boʻlganligi aytib oʻtiladi. Shundan soʻng, fiziologiya faniga oid ilmiy izlanishlar borasida bajarilgan yirik salohiyatga ega tadqiqotlarni olib borgan olimlardan misollar keltiriladi.

Bunda 1978-yillarda B.Zaripovning ilmiy izlanishlari va uning natijalari haqida fikr bildiriladi hamda A.Yunusov, A.Sodiqov, X.Xayriddinov, U.Qodirov, Ye.Maxmudov, K.Raximov, O.Alaviya, Z.Tursunov, M.Mirzakarimova, V.Xojimatov, R.Axmedovlar haqida dalillar keltirib oʻtiladi. Aytish mumkinki, fan tarixi qisman yoritilgan, mazkur jihatga jiddiy nuqtayi nazardan eʼtibor qaratadigan boʻlsak, fanni oʻqitishda uning asosini oʻrganish, keyinchalik boshqa fanlarni bir biriga uygʻunlashtirib oʻzlashtirish – oqibatda insonni hayotga tayyorlashga olib kelishdan iborat boʻlishi mantiqiy bogʻlanadi.

Hayotga tayyorlash va tayyorlanish biologiya fani, uning asosiy boshlangʻich qismi fiziologiya boʻlsa, bu – tabiat va unga moslashish uchun taʼsir etadigan fanligi uchun mukammal oʻrganish zarur boʻladi. Chunonchi, insonning kasb-hunarga qiziqish tabiatan yashash bilan yechiladi, yashash esa biologik manfaat bilan harakatga kelishi fizika, kimyo va matematika fanlari qonun qoidalarini mukammallik bilan oʻz salohiyatidan kelib chiqib, ayni haqiqat – muhandislik qobiliyatini namoyon etish bilan yechiladigan jarayonligi yaqqol koʻrinadi. Hayotdan shaxslarning oʻrin topishi oʻzi bir muhandislik, unda yashash esa fanlarni madaniyat bilan oʻrganish demak.

Xususan, darslikda odam va hayvonlar organizmining fiziologik jarayonlari mukammal tahlil etilgan boʻlib, mavzular oddiy tilda, ilmiy izchillik asosida yoritilgan. Har bir bobda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy va laboratoriya mashgʻulotlari uchun metodik koʻrsatmalar ham berilganligi oʻquvchilar uchun juda katta imkoniyatlarni keltirib chiqaradi. Bu oʻz navbatida, nafaqat bilimlarni egallash, balki amaliy koʻnikmalar, zamonaviy malakalarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.

Mualliflar fanning asosiy tushunchalarini aniq-ravshan, ravon va sodda bayon etadi, uni oʻquvchi ongiga singdirishda pedagogik mahoratlarini koʻrsatgan. Ayniqsa, zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan uygʻunlashtirilgan maʼlumotlar, interaktiv savol-javoblar, jadval va sxemalar darslikning oʻquvchanligini oshirgan. Shuni alohida taʼkidlash joizki, tayyorlangan darslik nafaqat oliy taʼlim tashkilotlari talabalari uchun, balki mustaqil oʻrganishni istagan yosh izlanuvchilar uchun ham muhim manba hisoblanadi. Oʻzbek tilidagi fiziologiya faniga oid sifatli adabiyotlar soni va sifat jihatdan koʻp emasligi uchun ham bu darslik oʻz vaqtida yozilgan darslik hisoblanadi. Taʼbir joiz boʻlsa, shu joyda aytish mumkinki, “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” darsligi – ilm-fanga, taʼlim jarayoniga munosib hissa qoʻshgan asar hisoblanadi. Yana bir bor mamnuniyat bilan aytish mumkinki, mamlakat yoshlari uchun bunday darsliklarning boʻlishi – bilimga chanqoqlik, maʼnaviyatga muhabbat va kasb-hunarga sadoqat mezoni sifatida yetaklovchi koʻrsatkich boʻladi. Bugungi tezkor hayotda uzluksiz taʼlim jarayonida oddiy oʻquvchidan tortib, yuqori bosqich talabasigacha ilmni chuqurroq anglashga, uni amaliyot bilan bogʻlay olishga ehtiyoj sezilayotgani yaqqol koʻrinib qolmoqda. Ayniqsa, tabiiy fanlar ichida inson va tirik organizmlarning faoliyatini tushuntiruvchi fiziologiya faniga boʻlgan talab yildan-yilga ortayotganligi sohaning rivoji va unga boʻlayotgan talab bilan chambarchas bogʻliq. Mazkur ehtiyojni inobatga olgan holda, B. Zaripov va G.B.Axmedova tomonidan tayyorlangan “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” darsligi nafaqat pedagogik, balki ilmiy ijodiy yondashuv nuqtayi nazaridan ham eʼtiborga loyiq darslikdir.

Qaysiki, “Odam” – tafakkurga, tuygʻuga, ijtimoiy ong va ongli harakatga ega mavjudot. Bu atama qadimdan insoniyatni boshqa jonzotlardan ajratib turadigan sifatlar asosida shakllangan. “Hayvon” esa, aksincha, sezgi, harakat va instinktlar bilan boshqariluvchi, biroq hali ong darajasiga yetmagan mavjudotlarni ifodalaydi. Bu ikki tushuncha orasidagi fiziologik tafovutlarni ilmiy asosda oʻrganish esa bevosita fiziologiya fanining vazifasidir. “Fiziologiya” organizmda sodir boʻladigan barcha biologik jarayonlarni oʻrganadi. Bu yurak urishidan tortib, asab signallari, nafas olish, hazm qilish, hatto hissiyotlarning va tafakkurning paydo boʻlishigacha boʻlgan murakkab jarayonlarni oʻz ichiga oladi. Darslikning oʻziga xos jihatlari shundaki, “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” darsligi aynan ana shu murakkab “odam”, “hayvon” va “fiziologiya” tushunchalarini sodda, tizimli va bosqichma-bosqich yondashuv asosida tushuntirib beradi. Darslik dizayni, mavzular tartibi, amaliy masalalarning joylashuvi oʻquvchi ehtiyojlariga zamonaviy talablar asosida moslangan. Eng muhimi – matn tili haddan tashqari murakkab ilmiy iboralar bilan emas, balki ravon, tushunarli uslubda yozilgan. Natijada bu darslikni har bir oʻquvchi, hattoki, umumiy qiziqishga ega kitobxon ham qiziqib oʻqiy oladi. Kitobda nafaqat bilim, balki laboratoriyalar, hayvonlar ustida oʻtkaziladigan kuzatuvlar va inson salomatligi bilan bogʻliq koʻplab amaliy misollar keltirilgan. Shu boisdan darslikni nafaqat oliy oʻquv yurtlari talabalari, balki pedagoglar, biologiya fani oʻqituvchilari ham faoliyatida bemalol foydalanishi mumkin.

Ilm-fan ostonasidagi his va hayrat uygʻotuvchi yondashuv darslikda fanning qatʼiy tatbiqiy qoidalar bilan emas, balki hayotiy misollar bilan izohlanadi. Oʻquvchi darslikni oʻrganayotganda oʻz tanasini, yuragining qanday urishini, nafasining qanday boshqarilishini tushunadi. Bu esa fan bilan shaxsiy hayot oʻrtasida koʻprik paydo qiladi – aynan shu jihati bilan darslik oʻquvchida uzoq muddatli taassurot qoldiradi.

Zaripov B. va Axmedova G.B. muallifligidagi “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” darsligi nafaqat pedagogik ehtiyoj, balki ilmga muhabbat, hayotga ilmiy nigoh bilan qarashni shakllantirishga xizmat qiluvchi noyob oʻquv adabiyoti desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Fan va amaliyot oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik, tahlil va misollardagi hayotiylik ushbu darslikni boshqa oʻquv adabiyotlari orasida alohida oʻringa olib chiqadi. Oʻquvchini fan sohasiga oshno qiladigan, yurak va ongni uygʻotadigan bu kabi asarlar nafaqat talaba, balki ilmga qadam qoʻygan har bir kitobxon uchun muhim manba sanaladi.

Darslikning oʻta jiddiyligi va dolzarbligini hisobga olib, nafaqat oʻzbek tilida, balkim boshqa tillarda ham nashr etilsa oʻrinli boʻlardi. Bu fikrimizning isboti, Abu Dabida oʻtkazilgan xalqaro kitob koʻrgazmasida “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” darsligi mutaxassislar tomonidan eng yuqori baho olib, ingliz va arab tillariga tarjima qilish taklif qilingan. Shu bilan birga oʻquvchi-yoshlarda kasb-hunar tanlash va uning oʻta sinchkovlik bilan bajarilishini hisobga olib, darslikni shaxs shakllanishidagi yosh davrlarini hisobga olib uzluksiz taʼlim tizimiga joriy etishni qatʼiy tartiblar asosida qayta koʻrib chiqib, uzluksiz taʼlim tizimiga ham darslik sifatida tayyorlash zaruriyati mavjudligini aytishni lozim boʻladi.

Bundan tashqari, kelgusida bu darslikning har bir mavzusi va atamasini mukammal oʻrganish uchun rangli va qiziqarli albomlar tayyorlash, elektron shaklda mazmundor ilmiy tarqatma materiallar, qolaversa, oddiy hayotiy misollar asosida ilmiy filmlar ilovasi boʻlishini tilab qolamiz.

Insonlar bilan hayvonlar va ular oʻrtasidagi uzviy muloqotni taʼminlab beradigan sogʻliqni saqlash, qishloq hoʻjaligi, veterinariya fan tarmoqlari bilan uygʻunlashtirib jozibador taʼlim uzluksizligini taʼminlash qolaversa, oʻsimliklar fiziologiyasini ham bir butun holatga olib kelib, fizikaga moslashgan matematik tahlil bilan shakllanadigan kasb-hunar egallashni pedagogik va psixologik asosda yuzaga kelishini fiziologiya fani asosida barpo etish oʻta dolzarb ilmiy izlanish boʻlayotganligi sir emas.

Oʻrganib chiqqan darslikning yangi avlod, yangi ilmiy izlanishlarga poydevor boʻlishi – uchinchi renessans uchun harakatlantiruvchi kuch boʻlishligini chin qalbdan istab, oʻqitishning uzviyligi va izchilligini taʼminlash baravarida kasb-hunarga, muhandislik texnologiyalariga uygʻunlashtirish jihatlarini izlash va ilmiy asoslash kelgusidagi asosiy izlanishlardan biri boʻlib qolishini niyat qilib qolamiz.

Qayum Baymirov,

pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер