Taraqqiyot kadrlar salohiyatiga bogʻliq

18:40 01 Fevral 2023 Jamiyat
919 0

Foto: Xalq so‘zi

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tashabbusi bilan Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Muhandis kadrlar tayyorlash, shu jumladan, kadrlarni oʻqitish va qayta tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida Matbuot anjumani tashkil etildi.

Ochigʻi, bugungi kunda «NKMK» AJning koʻp ming kishilik jamoasi safida mehnat qilish istagidagi yoshlarni nafaqat Navoiy viloyati, balki mamlakatimizning barcha hududlarida ham koʻplab uchratish mumkin. Boshqacharoq aytsak, korxona 2017-2022-yillarda 14 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratgan boʻlsada, biror muddat mutaxassis kadrlar taqchilligini his etgan emas. Aksincha, tanlab ishga olish imkoni ustuvor tutilib, bu borada shaffof tizim yaratilgan.

Korxonaning jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha direktori Xolmamat Raupov kadrlar siyosatidagi mezonlarga toʻxtalarkan, iqtisodiy barqarorlikning asosiy omili mutaxassislar salohiyati tufayli ekanligini taʼkidladi.

— Eng qoloq mamlakat ham ilgʻor texnologiyaga ega boʻlishi mumkin, — dedi X. Raupov. — Lekin uni ishlatish va takomillashtirish salohiyatiga ega kadrlari boʻlmasa, taraqqiyotga erisha olmaydi. Davr shiddati bugun hamqadamlikni emas, balki oldinroqda yurishni taqozo etib, mamlakatimiz Prezidenti Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida yoshlarimizning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun muhandislik maktablarini tashkil qilish, yangi zamon injenerlarini tayyorlash tizimini yaratish, bu ishlarni nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borish vazifalarini belgilagani boisi ham shunda.

Anjumanda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning mamlakatimiz iqtisodiyotida tutgan oʻrni, korxona salohiyati, dunyo konchiligidagi nufuzi xususida soʻz yuritilib, kadrlarni tanlash bilan birga ularga oʻz imkoniyat va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mutaxassislar seleksiyasi va tadbir mavzusiga oid yoʻnalishlarga eʼtibor qaratildi.

— Birinchi ustuvor yoʻnalish - bu kombinatga oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash boʻyicha oliy oʻquv yurtlari bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilishidir, — deydi AJ kadrlar boshqarmasi boshligʻi Otabek Rahmatov. — Xususan, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo texnologiyalar instituti va boshqa bir qator OTMlar bilan oʻzaro hamkorlik tufayli korxonamizga yosh mutaxassislarni talabalik paytidayoq tanlab, ularning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashini taʼminlaymiz.

Shuningdek, oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlashda ham Zarafshon sanoat texnikumi, Uchquduq konchilik texnikumi, Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi bilan shu kabi hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, har bir mutaxassis 80-85 foiz amaliy koʻnikmaga ega boʻlishiga erishamiz.

Vanihoyat, soʻnggi yoʻnalish kombinatning oʻzida kadrlarni tayyorlash, kasbga oʻqitish va malakasini oshirish, xodimlarning stajirovka oʻtashlari hisoblanadi. Shu maqsadda bugungi kombinatda 5 ta oʻquv markazi faoliyat yuritib, ularda birgina oʻtgan yili 15 ming 51 nafar ishchi-xodimning belgilangan oʻquv dasturlari va rejalari boʻyicha oʻqitilishi taʼminlandi. Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida talabalarning oʻqishi uchun 2022-yilda 12 095, 0 mln. soʻm mablagʻ sarflandi.

Tadbirda jurnalistlarning OTM bitiruvchilarini ishga qabul qilish tartibi, yangidan barpo etilayotgan “Pistali” koni va 6-GMZga kadrlarni tanlash mezonlari xususidagi savollariga batafsil javob qaytarildi.

— Korxonamizda ishga qabul qilaylikchi, oʻrganib ketar, degan mezon yoʻq. Biz ishga qabul qilgan mutaxassislarga mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligini 15 kun mobaynida (ilgari uch kun edi) oʻrgatamiz, xolos, — deydi O. Rahmatov. — Toʻgʻri, tajribali mutaxassislarga shogird boʻlib biriktiriladi.

“Pistali” koni va 6-GMZga kadrlarni tanlash masalasiga kelsak, mahalliy kadrlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda Nurota tumani hokimligining tavsiyasi asosida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolardan 300 nafardan ortigʻi tanlanib, tayyorlanmoqda.

Anjumanda korxonaning kadrlar siyosatidagi 2023-yil rejalari xususida ham atroflicha soʻz yuritildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер