Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili bilan uchrashuv oʻtkazdi

19:33 12 May 2025 Siyosat
219 0

2025-yil 12-may kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Eduards Stiprays bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik masalalari muhokama qilinib, bu aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi taʼkidlandi. Tomonlar dolzarb mintaqaviy va global masalalar yuzasidan fikr almashish, shuningdek, tajriba va axborotlar bilan oʻzaro boʻlishishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Muloqot chogʻida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitining ahamiyati alohida qayd etildi. Mazkur sammit ikki mintaqa oʻrtasida oʻzaro ishonch va barqaror muloqotni mustahkamlashda muhim poydevor boʻlgani taʼkidlandi. Bu kabi uchrashuvlar siyosiy, iqtisodiy va madaniy yoʻnalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilayotgani eʼtirof etildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida 2025-yil aprel oyida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida Yevropa davlatlari parlamenti vakillari faol ishtirok etgani yuqori baholandi. Assambleya doirasida qabul qilingan hujjatlarning Yevropa Ittifoqi tomonidan qoʻllab-quvvatlangani ushbu hamkorlikda yuksak darajadagi siyosiy iroda mavjudligini koʻrsatdi.

Tomonlar siyosiy muloqotni izchil davom ettirish, qonunchilik jarayonida ilgʻor yondashuvlar almashinuvi, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va oʻzaro tashriflar faolligini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarni kuchaytirishga kelishib oldilar. Uchrashuv doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер