Taʼlim statistikasini yuritish boʻyicha Koreya tajribasi oʻrganilmoqda

Kecha, 7-oktyabr kuni Taʼlim inspeksiyasi mutasaddilari hamda Koreya taʼlim taraqqiyoti instituti (KEDI) vakillari oʻrtasida onlayn muloqot oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston taʼlim tizimida statistik maʼlumotlar bazasini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ilgʻor tajribalarni oʻrganish hamda sohaga zamonaviy AKT joriy etish boʻyicha Koreya taʼlim taraqqiyoti instituti (KEDI) bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, taʼlim statistikalari yuritish boʻyicha Janubiy Koreya Respublikasidan oʻrganish mumkin boʻlgan bir qator yutuqli jihatlar mavjud.
Xususan, joriy yilning 7-may kuni KEDI vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda koreyaliklar tomonidan taʼlim tizimining barcha bosqichlarini umumlashtiruvchi yagona statistik maʼlumotlar bazasini yaratish boʻyicha hamkorlik qilish taklifi ilgari surilgandi. Mazkur loyiha orqali Oʻzbekistonda taʼlim koʻrsatkichlari va statistik salohiyatini oshirish koʻzda tutilgan. 2020 – 2022-yillarda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan loyihada Koreya vakillari tomonidan Oʻzbekistondagi tegishli vazirlik va tashkilotlari bilan hamkorlikda turli jarayonlar jumladan safarlar, intervyular, xalqaro seminarlar kabi tadbirlar tashkillashtiriladi. Bundan tashqari, KEDI vakillari mamlakatimizda taʼlim statistikasini oʻrganish va tahlil qilish, shuningdek kelgusida takomillashtirish va faoliyat yoʻnalishi boʻyicha tegishli vazirlik va tashkilotlarga taklif va tavsiyalar kiritadi.
Ayni uchrashuv ham Oʻzbekiston taʼlim tizimida statistik maʼlumotlar bazasini yaratish boʻyicha hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha muhokamasiga bagʻishlandi.
Tadbirda ishtirok etgan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev koreyalik hamkorlarga koronavirus pandemiyasi boʻlishiga qaramay, Oʻzbekistonda taʼlim sifati va statistikasini yuritish boʻyicha salohiyatni oshirishga qaratilgan loyiha taklifi uchun minnatdorchilik bildirar ekan, bunda xorijlik hamkorlarning oʻrni muhimligini taʼkidladi.
– Koreya tajribasi Oʻzbekiston uchun taʼlim sifatini oshirish hamda sohada statistik maʼlumotlarni yuritishda biz uchun eng maʼqul namunalardan biridir. 2018-yil mart oyida Janubiy Koreya Respublikasiga safarimiz davomida koʻplab taʼlim tashkilotlari, vazirliklar, soha vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda ham bunga bir necha bor amin boʻlganmiz.
Sir emaski, karantin cheklovlari, epidemiologik vaziyat sababli hamkorlikdagi rejalarimiz biroz kechikmoqda. Tashkiliy tadbirlar esa onlayn formatida amalga oshirilishiga toʻgʻri kelyapti. Vaziyatni toʻgʻri baholab, bu borada bizga har tomonlama koʻmak berib kelayotganligingizni qadrlaymiz.
Koreya taʼlim statistikasi holati va tizimi boshqaruviga doir qimmatli maʼlumotlar bilan tanishish biz uchun muhim. Bugungi muhokamalar kelgusida hamkorlikda amalga oshiradigan ishlarimiz uchun asos boʻlib xizmat qiladi, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.
Oʻz navbatida Koreya Taʼlim statistika markazi, oliy taʼlim bandligi statistikasi jamiyati direktori Son Jiye mazkur masala boʻyicha hamkorlik qilishdan mamnun ekanliklarini taʼkidlar ekan, Janubiy Koreyadagi taʼlim statistikasining rivojlanish tarixi, hozirgi holati va rivojlanish jarayonlari haqidagi maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.
Taʼkidlanishicha, Janubiy Koreyada taʼlim statistikasini yuritish tarixi 1966-yilga borib taqaladi. Oʻsha yillarda maʼlumotlar qoʻlyozmalar shaklida jamlangan. 2010-yilga kelib, boshlangʻich, oʻrta maktab va undan keyingi taʼlim statistikasi bilan bogʻliq barcha kuzatuvlar uchun milliy taʼlim axborot tizimi (NEIS) yaratilgan. Oliy taʼlim tashkilotlari statistikasi esa har bir universitet uchun avtonom ravishda oʻrnatilgan integratsiyalashgan axborot tizimi (IIS) orqali olib boriladi. Ushbu tizim sohada maʼlumotlar bilan ishlash samaradorligining oshishiga xizmat qilgan boʻlib, u talabalar, ularning baholari va oʻqituvchilar haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Universitetlardagi taʼlim statistikasi ushbu tizimdagi maʼlumotlar asosida shakllantiriladi. Yaqin kelajakda mazkur tizimlardagi maʼlumotlarni umumlashtirgan holda, bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishiga doir umumlashtirilgan statistik maʼlumotlar bazasi yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Shundan soʻng, KEDI statistika markazi tadqiqotchisi No Sangte Koreya taʼlimi statistikasini boshqarish jarayoni haqida maʼruza qildi. Ushbu maʼruzalar tomonlarni qiziqtirgan savol javob va munozaralarga ulanib ketdi. Bunda taʼlim tizimida statistik maʼlumotlarni toʻplash, haqqoniyligi taʼminlashda Oʻzbekiston va Koreya tajribasi va tomonlar oʻrtasida oʻzaro oʻrganish lozim boʻlgan jihatlar boʻyicha fikr almashildi.
Muhokamalar yakunida, Taʼlim inspeksiyasi boʻlimi boshligʻi Rashid Tojiboyev koreyalik hamkorlarga taʼlim statistikasi holati Oʻzbekiston tajribasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi. Mazkur maʼlumotlar ham koreyaliklar tomonidan oʻzgacha qiziqish bilan qabul qilindi.
Maʼlumot uchun, Koreya taʼlim taraqqiyoti instituti (KEDI) 1972-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi taʼlimni rivojlantirish va takomillashtirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqishdan iborat.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring