Taʼlim klasteri: gʻoyadan amaliyotga koʻchgan tashabbuslar

Bugun davr shiddati, zamon talabi har kun, har lahza faoliyatimizga tanqidiy munosabatda boʻlishni taqozo etmoqda. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, ularning intilishlari, orzu-umidlari, taʼlim olishi va hayotda oʻz oʻrnini topishi, bir soʻz bilan aytganda, farzandlarimiz kamoli davlatimiz rahbarining doimiy diqqat markazida turgan mahal.
“COVID-19” pandemiyasining asorati, u keltirgan tashvishlar hamon yodimizda. Oʻsha kunlarning achchiq sabogʻi bugun bizdan yanada teran fikrlashni, dunyo evrilishlaridan tegishli xulosalar chiqargan holda yashash hamda ishlashni talab etyapti. Zero, ilmga, xalqchil Qoyalarga tayanmoq umumtaʼlim maktablari qatori oliy taʼlim tizimi uchun ham birdek muhimdir.
Agar ilmiy qarashlarga tayangan holda soʻzlaydigan boʻlsak, funksional tayyorgarlik konsepsiyasidan shaxsni rivojlantirish konsepsiyasiga oʻtish, shu maqsadni koʻzlagan harakat shakllari va turlari bugun oliy taʼlim tizimida keng joriy etilmoqda. Har bir shaxsning imkoniyatlarini hisobga olish va yoshlarning oʻzligini anglashi, rivojlanishiga hissa qoʻshish taʼlimning individuallashtirilgan xususiyatini taʼminlaydigan funksional tayyorgarlik konsepsiyasida oʻz aksini topadi. Oliy taʼlim esa mavjud hududiy muammolarni mustaqil hal qila oladigan, hayotda shunchaki tomoshabin emas, balki jamiyatning barcha jabhasida ijtimoiy rivojlanish barqarorligiga hissa qoʻshadigan, faol, tashabbuskor hamda barkamol kadrlar tayyorlaydigan tizimga aylansagina muammolar barham topadi.
Prezidentimiz yaqinda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oliy taʼlim tizimidagi oʻzgarishlarga eʼtibor qaratar ekan, taʼlimni yanada takomillashtirish zarurligini, bitiruvchilarni ishga joylashtirish eng ustuvor vazifaga aylanmogʻini alohida taʼkidladi. Darhaqiqat, oliy taʼlimga katta orzu-umidlar bilan oʻqishga kirgan har bir oʻgʻil-qiz talabalik davrida oʻzi tanlagan kasbni puxta egallabgina qolmay, jamiyatimiz ezgu manfaatlari yoʻlida jonkuyar boʻlishi ham juda muhimdir.
Mablagʻ, imkoniyat, shart-sharoit, qulayliklar — barchasi davlat rahbari tomonidan yaratib berilmoqda. Buning natijasida keyingi yillarda oliy taʼlim tizimida katta oʻzgarishlar yuz berdiki, sanab sanogʻiga yetish qiyin. Shunga qaramay statistik tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, bir qancha muammolar ham koʻzga tashlanadi.
Avvalo, sanoat korxonalari va mehnat bozorida malakali ishchilar hamda mutaxassislarga talab oshib borayotir. Baʼzi mutaxassisliklar boʻyicha tanqislik yaqqol sezilyapti. Kadrlar tayyorlashda taʼlim hamda tarbiyaning barcha shakl va usullarini qamrab oladigan yagona strategiya mavjud boʻlsa-da, oliy taʼlim va bitiruvchilarni ish bilan taʼminlaydigan tizim oʻrtasidagi hamkorlikning talab darajasida emasligi, bu borada yaxlitlik, mushtaraklik yoʻqligi jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Fikrimizcha, hududiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishning eng maqbul yechimi hududlarda taʼlim klasterlarini qoʻyishdir. Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining tashabbusiga koʻra amaliyotga koʻchgan bu Qoyaning mohiyatiga eʼtibor qarataylik. Taʼlim klasteri, bu sanoat sohalari hamda korxonalari bilan hamkorlikda birlashtirilgan oʻzaro bogʻliq kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalari majmuasidir.
Yodingizda boʻlsa, bundan uch yil avval mamlakatimizda sanoat, neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasteri tashkil etildi. Natijada oliy va kasb-hunar taʼlimi tizimi hamda biznes olami oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Mutaxassislar tayyorlashning real hayotiy koʻp bosqichli tizimi yaratildi. Yangi neft-kimyo va neftni qayta ishlash komplekslari uchun taʼlim jarayonini modellashtirishning uslubiy yondashuvlari belgilab berildi. Shu tariqa neft-kimyo hamda neftni qayta ishlash majmuasi taʼlim klasterida uzluksiz kasbiy taʼlimning hududiy modelini yaratish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Aytish joizki, Oʻquv neft-kimyo klasteri neft-kimyo, neftni qayta ishlash kompleksi oʻquv klasterining asosi — ixtisoslashtirilgan maktablar (maktablar, litseylar), sanoat korxonalarini malakali ishchilar bilan taʼminlaydigan taʼlim tashkilotlari, Toshkent kimyo-texnologiya instituti oʻquv va ilmiy salohiyatga, moddiy-texnika bazasiga ega boʻlgan taʼlim muassasasi kabi tashkiliy tuzilmadan iborat.
Toshkent kimyo-texnologiya institutining ishlab chiqarish korxonalari bilan oʻzaro hamkorligi tizimli yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bular taʼlim dasturlarini doimiy nazorat qilish, individual oʻquv rejalaridan foydalanish trayektoriyalari yaratishda namoyon boʻladi.
Hozirgi sharoitda taʼlim klasterida uzluksiz kasbiy taʼlimning hududiy modelini yaratish konsepsiyasi va metodologiyasini ishlab chiqish talab etilmoqda. Bu esa yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonini yanada takomillashtirish imkonini yaratadi.
Shu oʻrinda taʼlim klasterining asosiy faoliyat yoʻnalishlari nimalardan iborat ekaniga toʻxtalib oʻtsak. Taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash, taʼlim tashkilotlari dasturlarining uzviyligi hamda uzluksizligiga erishish, oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini tatbiq etish, ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojlaridan kelib chiqib, zamonaviy talablar asosida xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish shular jumlasiga kiradi.
Qolaversa, oʻquvchi va talabalarni bevosita ishlab chiqarish amaliyotiga keng jalb qilish hamda ularda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish, yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq qilish orqali neft va gaz sohasi mahsulotlari ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash hamda sohaning eksport salohiyatini oshirish, tarmoq malaka ramkalari, kasb standartlari, xizmatchilar lavozimlari hamda ishchi kasblarining tarif-malaka maʼlumotnomalarini ishlab chiqish va joriy qilish ham ayni yoʻnalishlar sirasiga kiritilgan.
Taʼlim klasterini tashkil etish va taʼlim modelini yaratish bir nechta tamoyillarga asoslanadi. Yaʼni bularga hududiylik, resurslardan oqilona foydalanishni nazarda tutuvchi integratsiya, bitiruvchilarning buyurtmachi korxonalar talablariga muvofiqligi, taʼlim samaradorligi, individual taʼlim va kasbiy yoʻnalishlarni tanlash huquqini amalga oshirishi, taʼlim dasturlarining oʻzgaruvchanligini kiritish mumkin.
Shunday qilib hududiy yondashuv nuqtayi nazaridan ishlab chiqilgan model tashqi muhit sharoitlari bilan belgilanadigan ichki resurslar va imkoniyatlardan faol foydalanish orqali uning rivojlanishini taʼminlaydigan yaxlit tizimdir.
Taʼlim klasteri talabaning shaxsiyati bilan bogʻliq tashqi hamda individual resurslarini eʼtiborga oladi, taʼlim dasturlari innovatsion tamoyillarga koʻra tashkil etiladi. Eng muhimi, talabalarning shaxsiy resurslarini hisobga olish, rivojlanishi uchun sharoitlarni aniqlash, bundan samarali foydalanish, yoshlarning ichki imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish muammolari ilmiy izlanishlarning asosini qamrab oladi. Va shu tariqa kelgusida klasterning meʼyoriy-huquqiy talablari, modelning moddiy texnika, kadrlar taʼminoti yanada takomillashadi.
Yanada soddaroq aytsak, asosiy eʼtibor — talabaning oʻqishni bitirishini kutmasdan uni amaliyotda oʻz kasbini puxta egallashiga yetarli shart-sharoit yaratish, u tanlagan kasbning, mutaxassislikning haqiqiy ustasiga aylanishiga turtki berishga qaratiladi. Bu tamoyillar esa har tomonlama barkamol, malakali kadrlar tayyorlashni nazarda tutishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Botir USMONOV,
Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring