Taʼlim, ilm va amaliyot uygʻunligi

Tan olish kerak, shu paytga qadar ishlab chiqarish korxonalari va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida nomutanosiblik hukmron edi. Eng zarur va zamonaviy mutaxassisliklar uchun kadrlar tayyorlash masalalari hamjihatlikda hal etilmagan. Bitiruvchilar ixtisosligi korxona talabiga mos tushmagan. Natijada mahalliy sanoat tarmoqlarida “Tannarx muhandisligi”, “Qiyoslash muhandisligi”, “Qayta muhandislik” kabi bilim-koʻnikmalarga ega kadrlarga ehtiyoj ortib boravergan. Mehnat bozori uchun noyob mutaxassislar esa katta mablagʻ evaziga xorijdan taklif qilingan.
Oʻtgan yili davlatimiz rahbari ishtirokida muhandis kadrlarni tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar hamda 2024-yil 2-fevraldagi “Taʼlim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga koʻra muhandislik-texnika yoʻnalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyati tubdan yangilanmoqda. Tarmoq korxonalarining yuqori sifatli kadrlarga boʻlgan real ehtiyojlari oʻrganilib, oliy taʼlim yoʻnalishlari va qabul parametrlari bilan moslashtirilmoqda.
Xorijdagi ilgʻor tajribalardan kelib chiqib, yangi texnika va texnologiyalarni yarata oladigan muhandis kadrlar Toshkent davlat texnika universitetida tayyorlanmoqda. Amaldagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari oʻquv dasturlari dunyo reytingidagi “TOP — 300”talikka kirgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan xorijiy hamda yurtimizdagi ish beruvchi yirik korxonalar talablariga muvofiq takomillashtirilmoqda.
Dual shakl afzalligi
Talaba zamonaviy bilimlarni egallashi barobarida ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qilib, amaliy koʻnikmalarini rivojlantirsa, u har tomonlama yaxshi mutaxassis boʻlib yetishadi. Jahon tajribasidan kelib chiqib, taʼlimning ushbu dual shakli yuqori samara bergani uchun ham Oʻzbekiston taʼlim tizimiga tatbiq etilmoqda.
Muhandislar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalarida “tarmoq — korxona — oliygoh” tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Talaba, oʻqituvchi hamda soha mutaxassisi oliygohga biriktirilgan sanoat tarmogʻi yoki tashkilot hamkorligida amaliy koʻnikmalar oladi hamda korxonalarda tashkil etiladigan kafedralarda ilmiy tadqiqot ishlarini bajaradi.
Bugungi kunda oliy taʼlim muassasamiz Fanlar akademiyasi tasarrufidagi bir qator institutlar, jumladan, Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ilmiy-tadqiqot instituti bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibidagi “Artel electronics manufacturing” MCHJ, “Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari korxonasi” AJ, “Toshkent GESlar kaskadi” unitar korxonasi, “Gidroproyekt” AJ tasarrufidagi Kompleks sinov laboratoriyasi boʻlimi, “Artel” kompaniyasi, “Texnopark” MCHJ, “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” AJ, “UzAuto Motors Powertrain” AJ kabi oʻnlab yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarda kafedralar filiallari faoliyat koʻrsatmoqda.
Bu esa talaba va tadqiqotchilarning amaliyotlar, stajirovkalar, darsdan tashqari loyihalar, muammolarning raqamli yechimlari, zamonaviy tadqiqotlar olib borishda mavjud texnologik uskunalardan faol foydalanishi hisobiga amaliy koʻnikmalarni koʻproq egallashiga yordam beradi. Faol talabalar korxona tomonidan muntazam ragʻbatlantirilmoqda. Yana bir eʼtiborli jihati, talabalar amaliyoti va bitiruv kursdagi taʼlimi hamkor korxonalarda tashkil qilinayotir.
Magistraturada yoshlar ikki yillik amaliy dasturlar boʻyicha zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida ishlab chiqarish subyektlarini rivojlantirishning innovatsion yechimlari, istiqbolli Qoya va loyihalar ustida tadqiqotlar olib borishyapti. Ularning aksariyati shu yerning oʻzida korxonalar buyurtmasi asosida ish bilan taʼminlanmoqda.
Oliygohimiz Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan davlatlarning nufuzli texnika universitetlari bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi. Xorijlik mutaxassislar dual taʼlim asosida amalga oshirilayotgan ishlarimizni alohida eʼtirof etishyapti.
Tadqiqot va innovatsiya
22-yanvar kuni davlatimiz rahbari tomonidan oliy taʼlim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishish jarayonida bu yil yana mingdan ortiq taʼlim dasturlari “TOP — 300” universitet dasturlari asosida takomillashtirilishi, 45 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilishi, “Registrator ofisi” xizmatlari bilan talabalar toʻliq qamrab olinishi hamda dual taʼlimga yana 50 ming talaba jalb etilishi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, oliy taʼlimda ilmiy salohiyat 55 foizga chiqariladi, xorijda 5 ming nafar pedagogning malakasini oshirish rejalashtirilgan. Ilgʻor muhandislik maktablari soni 25 taga yetkazilib, sanoat korxonalari bilan loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.
Bugungi vazifalardan kelib chiqib, Drezden texnika universiteti, Nagoya universiteti va boshqa chet el oliy taʼlim muassasalari tajribalari asosida mavjud taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari maqbullashtirilmoqda. Tez kunlarda xalqaro nufuzli oliy taʼlim muassasalarining 10 nafar pedagog xodimi taʼlim jarayoniga jalb etiladi. 30 nafar professor-oʻqituvchimiz esa “TOP — 1000”talik roʻyxatga kirgan taʼlim muassasalari va ilmiy tekshirish institutlarida malaka oshiradi.
Ilmiy xodimlarimiz muntazam ravishda “Scopus”, “Web of Science” va boshqa xalqaro jurnallarda dolzarb chiqishlar qiladi. Eʼtiborlisi, ularning maqolalari ilmiy jamoatchilik diqqatini tortmoqda.
Universitetimizda taʼlim sifati jahon standartlari va mezonlariga muvofiqligi Germaniyaning “ASIIN” tashkiloti tomonidan munosib baholandi. Yaʼni elektr energetikasi va metallurgiya bakalavriatura taʼlim yoʻnalishlari, elektr taʼminoti va metallurgiya magistratura mutaxassisliklari besh yil muddatga xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Bu oliy taʼlim muassasamizda mazkur taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini egallagan bitiruvchilarga berilgan diplomlar dunyoda tan olinishidan dalolat beradi.
Pedagogik jamoamiz hamda ilgʻor yoshlar yangi texnologiyalarni yaratishda ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarga asoslanishmoqda. Buning uchun universitetimizda keng imkoniyatlar yaratilgan. Qolaversa, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani yangi loyihalarni amalga oshirish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etish hamda startap ekotizimlarni yanada rivojlantirishga asos boʻlmoqda.
Muhimi, ushbu saʼy-harakatlarning barchasi taʼlimda, ilmda va amaliyotda sifat koʻrsatkichlarining yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Orifjon ZARIPOV,
Toshkent davlat texnika universiteti prorektori,
texnika fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Oʻzbekiston Oliy Majlisining Arab parlamenti bilan hamkorlik munosabatlari muhokama qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring