Taxtakoʻpirda gastronomik koʻcha barpo etildi

13:10 26 Mart 2025 Jamiyat
102 0

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Taxtakoʻpir tumanidagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Doʻstlik guzari” gastronomik koʻcha foydalanishga topshirildi. Yangi obyektning ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar bu kabi oʻzgarishlar olis hududlarda yashovchi aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratayotgan eʼtibor hamda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlarining amaldagi ifodasi ekanligini alohida taʼkidladi.

— Taxtakoʻpirda yangilanishlar katta, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi rahbari Yerniyaz Begmanov. — Oʻtgan yili kuz faslida Qarateren koʻli boʻyida etno-turistik majmuasi qad rostladi. Mana oradan koʻp oʻtmay, respublikamizda ilk bor gastronomik koʻcha qurib bitkazildi. Hozir ana shu yangi obyekt ochilayotganini koʻrib, hududning avvalgi ahvoli koʻz oʻngimda gavdalandi. Qarateren koʻli atrofi va unga yaqin qishloqlarda koʻplab binolar yaroqsiz holatga kelib qolgandi. Ijtimoiy, uy-joy va infratuzilma obyektlari zamonaviy koʻrinishga keltirildi. Bundan ruhlangan taxtakoʻpirlik tadbirkorlar oʻz biznes loyihalarini amalga oshirmoqda.

Taʼkidlash joizki, gastronomik koʻcha barpo etilishi uchun “Agrobank” homiyligi hisobidan ikki milliard soʻm mablagʻ ajratilib, “Reverstroy” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan qurilish ishlari olib borildi.

Bu maskanda 12 ta oziq-ovqat va goʻsht mahsulotlarini sotish, 3 ta goʻzallik saloni va sartaroshxona, 2 ta ovqatlanish joyi va 6 ta boshqa yoʻnalishlar boʻyicha jami 23 ta savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchasi tashkil qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?