Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimi yana-da takomillashtiriladi

11:48 28 Aprel 2021 Iqtisodiyot
1027 0

Tadbirkor xalqi ishchan, mehnatkash, bordan yoʻq qiladigan, elda maʼmurchilik yaratadigan biznes vakilidir. Albatta, ularga qancha koʻp imkoniyat va qulayliklar yaratilsa, ishlab chiqarish koʻlami ham, mahsulot hajmi va sifati ham shuncha oshib boraveradi. Prezidentimizning 2021-yil 21-aprelda imzolagan “Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori shu maqsadlarni koʻzlab qabul qilingan boʻlib, unda ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilash masalalariga katta eʼtibor qaratilgan.

Masalan, qarorda qayd etilganidek, 2021-yilning 1-mayidan boshlab, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan kichik tadbirkorlik subyektlariga milliy valyutada beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya, uning belgilangan miqdorlarini saqlab qolgan holda, taqdim etilishi belgilandi. Yoki “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan fuqarolarga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 75 foizigacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan ortiq boʻlmagan tijorat banklari kreditlari boʻyicha kafillik berilishi ham joriy etildi.

Yana shu jihatga eʼtibor qaratish joizki, tadbirkorlik subyektlariga bank kreditlari boʻyicha kompensatsiya va kafilliklar kredit shartnomalari sonidan qatʼi nazar beriladi. Bunda, kompensatsiyalar taqdim etilayotgan kreditlarning umumiy summasi 10 mlrd soʻmdan, kafilliklarning umumiy summasi esa 8 mlrd soʻmdan, biroq umumiy kredit summasining 50 foizidan oshmasligi belgilab qoʻyildi.

Qarorda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlarning 70 foizi kichik biznes loyihalariga, 30 foizi ustuvor ravishda oʻzini oʻzi band qilishga (tomorqadan unumli foydalanish, uy sharoitida hunarmandchilikni va kasanachilikni rivojlantirish) yoʻnaltirilishi qayd etilgan boʻlsa, bu borada ajratiladigan mablagʻlarning kamida 15 foizi joylarda, ayniqsa, shaharlarda xizmat koʻrsatish sohasida kichik loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi aynan oilaviy tadbirkorlar dilida gap boʻldi.

Bu masalalarga yechim topishda Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga olis va chekka hududlarda joylashgan yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionga qoʻyishda ularning boshlangʻich narxini 50 foizgacha kamaytirish vakolati ham berildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionga qoʻyishda boshlangʻich narxga chegirma belgilanadigan olis va chekka hududlar chegaralarini belgilash vakolati berilgani ham hududlarda kichik biznesni rivojlantirish imkoniyatlarini yana-da kengaytiradi.

Men aminmanki, davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan bu qaror mamlakatimizda tadbirkorlikni yana-da ravnaq topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, qaror ijrosini taʼminlashda boshqa soha vakillari kabi deputatlarimizning ham hissasi katta boʻladi, deb ishonaman.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?