Suvning har tomchisi qadrli
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Ona sayyoramizning toʻrtdan uch qismini suv egallagan boʻlsa-da, bugun suv tanqisligi haqida dunyoning eng yuqori minbarlaridan bong urilmoqda. Uning turli mintaqalarda bosim vositasiga aylanib qolganligiga ancha boʻldi.
Yangi tariximizning dastlabki (1991-94-yillar) uch yilida respublikamiz aholisining toza ichimlik suvi bilan taʼminlanish koʻrsatkichi 52 foizdan 58, 9 foizga oshirilgan, keyinchalik olis hududlarda suv taqchilligi muammosini bartaraf etish yoʻlida aytarlik choralar koʻrilmadi. Shu oʻrinda birgina Navoiy viloyatini oladigan boʻlsak, 2017-yilda hudud aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 68,2 foizni tashkil etgan. Bugungi kunda viloyatdagi mahallalarning 15 foizga yaqini ichimlik suvi taʼminoti ogʻir hududlar hisoblanadi. Umumtaʼlim maktablarining yuzdan oshigʻi muqobil manbalar hisobidan taʼminlanib, 56 ta maktabga suv tashib yetkaziladi. Maktabgacha taʼlim, tibbiyot muassasalarida ham shu kabi ahvolni kuzatish mumkin.
— Ichimlik suvi bilan bogʻliq muammolar eng avvalo uzoq yillar mobaynida yigʻilib qolgan boʻlib, soʻnggi yillarda ularni bartaraf etish borasida davlatimiz rahbari tomonidan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda, — deydi “Navoiy suv taʼminoti” AJ Axborot xizmati rahbari Lobar Doʻstova. — Xususan, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi 31-maqsadida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish boʻyicha alohida davlat dasturini amalga oshirish vazifalari belgilangan.

2022-yilda viloyatda 56,6 mlrd. soʻm mablagʻlar evaziga 332,0 km ichimlik suv tarmoqlari tortilib, 18 dona ichimlik suv inshootlari qurilib, rekonstruksiya qilindi. Natijada aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi va taʼminlanganlik darajasi 68,2 foizdan 76 foizga yetkazildi. Oʻtgan yili bu koʻrsatkich 84,7 foizni tashkil etgan boʻlsa, joriy yil yakuni bilan uni 84,9 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Xatirchi tumanida aholining 40, Qiziltepada esa 60 foizdan ortigʻi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanganligi, Karmana, Navbahor va Konimex tumanlarida belgilangan grafik asosida ichimlik suvi yetkazib berishda muammolarning mavjudligi inobatga olsak, ahvol risoladagidan ancha yiroqligi oydinlashadi. Tabiiyki, bular aholi kayfiyatiga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi.
Suv taʼminotida muhim burilish
Albatta, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash quvurlar tortish bilangina yechiladigan muammo emas. Buning uchun eng avvalo barqaror suv manbai boʻlishi zarur. Mamlakatimiz rahbari Navoiy viloyatiga tashriflaridan birida Qiziltepa, Konimex, Tomdi va Xatirchi tumanlaridagi tik quduqlarning ichimlik suvi yaroqsizligi sababli, suvning shoʻrligi va qattiqlik darajasini pasaytirib, suvni chuchuklashtirish qurilmasini (opresnitel) oʻrnatish vazifasini belgilagan edi. Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Xatirchi tumanidagi “Doʻstlik” va “Xidir ota-2” suv inshootlariga suvni chuchuklashtirish qurilmasi oʻrnatish uchun mahalliy byudjet hisobidan mablagʻ ajratilib, ushbu qurilmalar oʻrnatildi. Shuningdek, viloyatning Uchquduq va Tomdi tumanlaridagi Keregetov, Sukketi, Mingbuloq OFYlarida joylashgan bir qator quduqlarda ham chuchuklashtirish qurilmalari yordamida aholining toza ichimlik suviga ehtiyojini qanoatlantirish choralari koʻrilmoqda.
Eng muhimi, mavjud manba, yaʼni suvni chuchuklashtirishni mahalliylashtirishda tarixiy qadam tashlandi. Bu borada “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ muhandis va malakali ilmiy-texnik mutaxassislari hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti olimlarining hamkorligi eʼtiborga molik.

Shunday hamkorlik loyihalari doirasida kombinat rahbariyatining tashabbusi bilan 2021-yilda Markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tarkibida “Suv muammolari tadqiqoti” laboratoriyasi tashkil etildi. Laboratoriya tarkibida kimyoviy, spektral va radiologik tahlil hamda texnologik tadqiqotlar guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Laboratoriya ishlari uchun tarkibida 20 dan ortiq kimyoviy elementlarni aniqlashga moʻljallangan atom-absorbsion analizator, eritma tarkibidagi loyqalik darajasini aniqlash mutnomer asbob, spektrofotometr, elektron tarozi, kuydirish pechi, distillyator kabi uskunalar oʻrnatildi.
Kombinat mutaxassislari va universitet olimlari tomonidan oʻtgan davrda quyosh energiyasidan foydalanib, yer osti sizot suvlarini toza ichimlik suviga aylantirish innovatsion qurilmasi ustida ish olib borildi. Natijada bugungi kunda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hududida toʻliq quyosh energiyasidan foydalanib, yer osti suvlarini toza ichimlik suviga aylantirib beruvchi yangi namunadagi suv tozalash qurilmasi yaratildi.
— Qurilma oʻrnatilgan ayvon ustida 0,5 kVt. tok ishlab chiqarish quvvatiga ega 6 ta quyosh paneli joylashtirilib, mazkur panellar yetkazib berayotgan tok maxsus batareyada yigʻiladi va bu texnologiyaning barqaror ishlashi uchun yetarli sanaladi, — deydi “NKMK” AJ Navoiy mashinasozlik zavodi bosh muhandisi Karim Abdullayev. — Tungi vaqt yoki bulutli kunlarda ham mazkur batareya 10 soatgacha uzluksiz elektr energiyasi yetkazib bera oladi. Mazkur texnologiya bir soatda 70 dm. kub hajmdagi toza suv ishlab chiqarish quvvatiga ega. Laboratoriya tahlillari umumiy qattiqligi 50 mg. ekvivalent dm. kub yer osti suvi tozalangach, uning qattiqlik darajasi 5 mg. ekvivalent dm. kubni tashkil etishini koʻrsatmoqda.

— Yangi texnologiyaning texnik-ishlab chiqarish jarayonlariga batafsil toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, dastlab 60 metrlik yer osti qudugʻiga suv chiqarish nasosi oʻrnatilib, mazkur nasos 30 metrdan suv chiqarib bermoqda, — deydi Navoiy DKTUning “Suv muammolari tadqiqoti” laboratoriyasi boshligʻi, texnika fanlari doktori Husniddin Vafoyev. — Suv birinchi bosqichda kationli filtrga keladi. Dastlab loyqa va muallaq qum zarralaridan tozalangach suv kationlardan tozalanadi, yaʼni asosan kalsiy va magniy ionlari ushlab qolinadi. Filtrning yana bir afzalligi shundaki, maʼlum vaqt oʻtib kationlar kalsiy va magniy ionlariga toʻlgach, qayta regeneratsiya qilish (filtrni qayta faol holatga keltirish) uchun arzon mahsulot, yaʼni osh tuzidan foydalaniladi. Bundan tashqari, filtr ichiga yuklangan kationitli smoladan besh yil muddatgacha almashtirmasdan foydalanish mumkin. Ushbu filtr suv tozalash qurilmasining uzoq va ishonchli ishlashini taʼminlab berishda muhim qism sanaladi.
Keyingi bosqichda tozalanayotgan ichimlik 1000 dm. kub sigʻimga ega suv idishiga kelib tushadi. Soʻngra past bosimli nasos suvni yuqori bosimlisiga yoʻnaltirib, mazkur nuqtadan soʻng suv teskari osmos qurilmasiga kelib tushadi. Ushbu jarayonda suvni yot moddalardan ajratish uchun membranadan foydalaniladi. Membrana besh bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda 5 mikronli polipropilen filtrdan oʻtkazilib, ikkinchi bosqichda koʻmir adsorbentga singdiriladi. Uchinchi bosqichda esa 1 mikronli filtrdan oʻtkazilib, membranaga beriladi. Ushbu membranadagi mayda teshikchalardan faqatgina suv molekulalari oʻta oladi, xolos. Hajmi nisbatan yirik ionlar, kalsiy, magniy, xlor, sulfatning asosiy qismi esa oʻta olmaydi. Shundan soʻng suv mineralizatorga yuboriladi. Mineralizatorda minerallashgan suv ultrabinafsha nurlar yordamida turli bakteriyalardan tozalanadi. Ichishga yaroqli holatga keltirilgan suv 1000 dm. kub. sigʻimga ega ikkinchi — toza ichimlik suvi idishiga kelib tushadi.
Suv tozalash innovatsion texnologiyasining yana bir muhim konstruksiyasi suv tarqatish qurilmasidir. Bu qurilma orqali isteʼmolchilar 5 litr va 10 litr hajmdagi suv idishlarini kerakli kameraga joylashtirish orqali osongina suv olishlari mumkin. Ayni vaqtda yangi qurilmaning afzallik jihatlari va toza ichimlik suvi yetib bormagan olis qishloqlarda oʻrnatib berish imkoniyatlari hamda xarajatlari aniqlanmoqda.

Bebaho neʼmat
Albatta, navoiyliklar yaratgan suvni chuchuklashtirish texnologiyasi yanada takomillashtirilib, mahsulot tannarxini arzonlashtirish, sifati va ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida izlanishlar toʻxtamaydi. Pirovardida mamlakatimizda “inson qadri uchun” tamoyili taʼminlanib, aholi farovonligi, uning roziligi yanada oshishi shubhasiz. Biroq mavjud resurslardan foydalanishda aholining tejamkorlik madaniyati imkoniyatlarimizga mosmi, degan haqli savol tugʻiladi.
Ochigʻi, mamlakatimizda isteʼmol suvining arzonligi koʻp hollarda uning behuda sarflanishiga olib kelmoqda. Masalan, savdo doʻkonlarida bir litrlik idishga qadoqlangan suv oʻrtacha 2,5-3 ming soʻmgacha sotiladi. Bir kub metr suv ming litrligini hisobga olsak, uning bahosi qadoqlansa 2,5-3 million soʻmga teng boʻladi. Aholiga quvurlar orqali yetkazib berilayotgan 1m3 toza ichimlik suvi esa 2,3 ming soʻm etib belgilangan. Aslida bu mablagʻ suvni xonadongacha yetkazib berish xarajatlarini arang qoplaydi. Suvni olish, tozalash, chuchuklashtirish, zararsizlantirish va boshqa xarajatlar qoʻshilsa, bu bir necha baravar ortib ketadi.
Oqibatda ayrim isteʼmolchilar, yaʼni korxona, tashkilot hamda aholi oʻrtasida quvurlarda yetkazib berilayotgan toza ichimlik suviga nisbatan “suv tekin” kabi bepisand qarash, suvni qadriga yetmaslik, ariqlarga, tomorqalarga, bogʻlarga, koʻp hollarda maqsadsiz oqizib qoʻyish holatlarining guvohi boʻlish mumkin.

Yana bir mulohaza: viloyatning Nurota tumanidagi suv muammolari bilan bogʻliq. Maʼlumki, u viloyatning Qizilqum choʻli va Nurota togʻ tizmalari chorrahasidagi adirliklardan iborat tumani. Tuprogʻi unumdor, ayniqsa, Oqtov etaklaridagi ming-ming gektarlab boʻz yerlar har qanday ekindan, xususan bogʻdorchilikdan moʻl hosil olish uchun nihoyatda qulay. Biroq ekinbop suv masalasi ushbu hududning koʻp asrlik muammolaridan sanalib, keskin iqlim oʻzgarishlari tufayli lalmikor dehqonchilik samara bermay qoʻyganiga ancha boʻldi. Shu bois soʻnggi yillarda mazkur hududda tomchilatib sugʻorishga yoʻnaltirilgan intensiv bogʻlarni barpo etishga alohida eʼtibor qaratildi. Biroq ushbu usulga ixtisoslashmagan dehqon xoʻjaliklari hamon anchaginani tashkil etadi. Koʻllatib sugʻorish tufayli hududda yerosti chuchuk suvlari sathi yildan yilga pasayib bormoqda. Mutaxassislar Nurota, Dehibaland va Shohimardon chashmalari suvlarining ham kamayib ketayotganligini shu bilan bogʻlashmoqda.
— Ichimlik suvini hovlidagi quduqdan olamiz, — deydi Eshoni Sudur mahallasidan Akmal Otaboyev. — Koʻklam kirmasidan olti metr qoʻshimcha qazdirib, suvga yetgan edik. Saratonga bormay qurib qoldi. Bor-yoʻgʻi uch yil oldin 20 metrdan suv berardi, hozir qirq metrdan oshib ketdi, suvi yoʻq. Bu ketishda butunlay qurib qolsa ham ajab emas.
Xulosa qilib aytganda suv hayot manbai ekan, undan oqilona foydalanish, uni koʻz qorachigʻidek, saqlash davri allaqachon yetdi. Afsuski, bugungi kunda suvni tejash va tozaligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻngildagidek emas. Butun insoniyat hayot-mamot masalasi boʻlgan suvni asrashga har bir hududda aholi ongiga singdirilmas ekan suv yetishmovchiligi hech kimni ayab oʻtirmaydi. Binobarin ota-bobolarimiz suvi koʻpning tashvishi koʻp, deb bejiz aytishmagan. Bu bilan ular nafaqat suvdan koʻproq foyda olish, balki undan tejab-tergab foydalanishni ham nazarda tutgan boʻlsalar, ajab emas.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring